Sport

“Tolibon” taʼqibidan qochish uchun erkakcha kiyinishga majbur boʻlgan velosipedchi qiz Osiyo oʻyinlarida medal oldi

“Tolibon” taʼqibidan qochish uchun erkakcha kiyinishga majbur boʻlgan velosipedchi qiz Osiyo oʻyinlarida medal oldi

Afgʻonistonlik velosportchi Fariba Hoshimiy 22-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarining ayollar oʻrtasidagi shosse poygasida kumush medalni qoʻlga kiritdi.

OAV xabariga koʻra, 23 yoshli sportchi mashq qilish uchun yillar davomida erkaklar kiyimida yurishga majbur boʻlgan.

Hoshimiy kumush medalini “Tolibon” hukumati bosim ostida yashayotgan afgʻon ayollariga bagʻishladi.

“Bu medal afgʻon ayollari qanchalik matonatli ekanini koʻrsatadi. Men yaxshi hayotni orzu qilgan ayollar taʼqib qilinadigan mamlakatda tugʻilganman. Bunga qarshi kurasha olganimdan mamnunman”, dedi Fariba Hoshimiy.

“Tolibon” 2021-yilda Afgʻonistonda ikkinchi bor hukumat tepasiga kelganidan keyin ayollarga nisbatan koʻplab cheklovlar joriy etildi. Jumladan, ularning sport bilan shugʻullanishi, koʻplab sohalarda ishlashi va erkak qarindoshisiz uzoq masofaga safar qilishi cheklangan.

Fariba Hoshimiy ham velosport bilan shugʻullanishda toʻsiqlarga duch kelgan. Uning soʻzlariga koʻra, dastlabki mashgʻulotlardan birida unga tosh va shishalar uloqtirishgan.

“Bizga shisha otishardi. Tajovuzkorlik bilan bizni uyga qaytarishga urinishardi”, deydi u.

Shundan soʻng Fariba va uning singlisi Yulduz mashgʻulotlar vaqtida erkaklardek kiyinib yurishga majbur boʻlgan.

“Tolibon” hokimiyatni egallaganidan bir yil oʻtib Fariba Hoshimiy Afgʻonistonni tark etib, Italiyaga koʻchib oʻtgan. U va singlisiga italiyalik sobiq jahon chempioni Alessandra Kappellotto yordam bergan. Kappellotto oʻzining “Road to Equality” jamgʻarmasi orqali mojaroli hududlardagi sportchi ayollarga sportdagi orzularini amalga oshirishga koʻmaklashadi.

Fariba Hoshimiy va uning singlisi avval Parij Olimpiadasida ham qatnashgandi. Endi ular ikki yildan keyin Los Anjelesda boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham ishtirok etishga umid qilmoqda.

“Men taslim boʻlishni istamayman va yana Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olishimizga umid qilaman”, dedi Hoshimiy.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.