“Tolibon” soqol kalta olinganini vaj qilib, 12 ta sartaroshxonani yopdi — manba

“Tolibon” soqoli kalta olinganini sabab qilib, 12 ta sartaroshxonani yopdi — manba
Afg‘onistonning Zobul viloyati Qalat shahrida “Tolibon” o‘tgan hafta davomida 12 ta sartaroshxonani yopib qo‘ydi. Guruh ularni axloqsiz xatti-harakatlarda aybladi.
Manbaning 5-sentyabr kuni bildirishicha, “Tolibon” vakillari sartaroshxonalarga borib, egalarini hukumat prinsiplariga zid bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanmaslik haqida ogohlantirgan.
Ta’kidlanishicha, “Tolibon”ning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi xodimlari soqoli kalta qirqilgan odamlarni ko‘rgach, sartaroshxonalarni yopib qo‘ygan.
“Ular bu yerga kelib, bizga hurmatsizlik qildi va haqoratli so‘zlar ishlatdi. Biz o‘zimizni himoya qilmoqchi bo‘lganimizda, ular gapirmaslikni va do‘konlarimizni yopishni buyurdi”, dedi ismini oshkor qilishni istamagan sartaroshlardan biri.
Sartaroshlarning aytishicha, “Tolibon” hech kimga ularga qarshi gapirishga ruxsat bermaydi. Kimda-kim ularga javob qaytarsa, qamoqqa olinishi mumkin.
Qalat shahrida ko‘p yillardan beri ishlayotgan yana bir sartaroshning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” uning do‘konini yopib qo‘ygan. Shundan so‘ng sartaroshlarni Ezgulikni targ‘ib qilish vazirligidagi konteynerda bir necha soat ushlab turishgan. Keyinroq kafolat xati olingach, ular ozod qilingan.
Manbaga ko‘ra, “Tolibon” sartaroshlarga odamlarning sochlarini fransuzcha uslubda yoki hukumat tomonidan nomaqbul deb topilgan boshqa uslublarda kesmaslikni aytgan.
Sartaroshlarning bildirishicha, “Tolibon” barcha sartaroshlarni ogohlantirgan. Agar kelajakda ularning ishi “Tolibon” harakati prinsiplariga mos kelmasa, sartaroshxonalari butunlay yopiladi.
Bu holat butun Afg‘onistonda, jumladan, Zobuldan tashqarida ham kuzatilmoqda. Odamlar “Tolibon”ning axloq nazoratchilari ustidan tobora ko‘proq shikoyat qilmoqda. Aholining ta’kidlashicha, ular turli bahonalar bilan odamlarga tazyiq o‘tkazmoqda va yomon munosabatda bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, fuqarolardan do‘konlar va uylarga bayroq ilish talab qilingan. Buyruqni bajarmaganlarga savdo shoxobchalarini yopish bilan tahdid qilingan.

