Dunyo

Tinder’da erkak o‘zini NFL yulduzi qilib ko‘rsatib, ayollardan 1,3 mln dollar o‘g‘irladi

Tinder’da erkak o‘zini NFL yulduzi sifatida ko‘rsatib, ayollardan 1,3 mln dollar o‘g‘irladi

O‘zini milliarder merosxo‘ri qilib ko‘rsatib, o‘nlab ayollarni aldab kelgan mashhur “Tinder firibgari” Saymon Levayev haqida hech bo‘lmaganda bir marta eshitgan bo‘lsangiz kerak. Endi uning raqobatchisi paydo bo‘ldi: so‘nggi kunlarda internetda 26 nafar qizni chuv tushirgan Deyjon Lav haqida gapira boshlashdi.

U 35 yoshda va hech qachon na “San-Fransisko Forti Nayners” jamoasida, na Milliy futbol ligasida (NFL) o‘ynagan.

Lav o‘z sxemasini taxminan 2022-yil fevralidan boshlab qo‘llay boshlagan. U tanishuv ilovalari orqali ayollar bilan tanishib (shu sababli ham yangi “Tinder firibgari” laqabini olgan), o‘zini professional sportchi sifatida tanishtirgan. Yozishmalar tez orada romantik tus olgan va Lav asta-sekin o‘z maqsadiga yaqinlasha boshlagan. Munosabatlar yanada yaqinlashgach, u go‘yoki daromadli sarmoyalar borligini aytib, ularga pul tikishni taklif qilgan. Ayrim holatlarda ayollar kredit ham olishgan.

Bu orada Deyjonning sherigi 18 yoshli Teylor Chan bo‘lgan. U o‘zini “o‘yinchi”ning moliyaviy maslahatchisi sifatida tanishtirib, jabrlanuvchilarni rahbarining puli ko‘pligiga va sarmoyalar haqiqatan ham foyda keltirishiga ishontirishga yordam bergan. Qizlar pul yuborgach, gumondorlar uni yechib olib, o‘zlashtirib yuborishgan. Avvaliga ularga foyda bo‘lishini va’da qilib, yanada ko‘proq sarmoya kiritishga undashgan. Agar jabrlanuvchilar ko‘p savol bera boshlasa, Lav shunchaki ularni bloklagan.

Kutilganidek, ularning birortasi ham o‘z sarmoyasidan daromad olmagan, shu sababli qizlar sudga murojaat qilgan. Shuningdek, tergovchilar jabrlanganlar soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Lavning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarni faol yuritib, har kuni o‘zining “sport hayoti” haqida postlar joylab borgan. Deyjon “Forti Nayners” ekipirovkasida suratga tushgan, mashg‘ulotlar qilgan hamda qimmatbaho mashinalar va uylar yonida suratga tushib, minglab dollarlik yangi soatlari bilan maqtanib yurgan.

Ish shu darajaga yetdiki, Google neyron tarmog‘i uni haqiqiy o‘yinchi deb qabul qila boshladi. Tizim uni “San-Fransisko Forti Nayners” klubining qabul qiluvchi o‘yinchisi sifatida xato tanitib, uning pozitsiyasi, shartnomasi va jamoa bilan aloqalari haqida go‘yoki mavjud ma’lumotlarni ko‘rsatgan. Bu esa jinoyatchiga juda qo‘l keldi: qizlar shubhalanib, o‘zlarining yangi oshig‘i haqida ma’lumot izlashga tushganida, qidiruv tizimidagi sun’iy intellekt yordamchisi ularga Deyjonning haqiqatan ham mazkur klubda o‘ynagani haqida aniq javob berardi.

Biroq hozirda Deyjonning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari o‘chirilgan, o‘zi esa hibsga olingan. U va Chan til biriktirish hamda firibgarlikda ayblanmoqda, bu jinoyatlar uchun ularning har biri 4 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.