TikTok va CapCut egasi qariyb 30 mlrd dollar kredit oldi

TikTok va CapCut egasi qariyb 30 mlrd dollar kredit oldi
Xitoyning ByteDance kompaniyasi banklardan 29,6 milliard dollar kredit jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu joriy yilda Osiyoda dollar hisobida jalb qilingan ikkinchi eng yirik kredit bitimi bo‘lishi mumkin. Kompaniya TikTok va Douyin platformalari, shuningdek, CapCut dasturini yaratgani bilan tanilgan.
ByteDance dastlab 20 milliard dollar kredit olishni rejalashtirgandi. Ammo ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor banklar soni oshgani sababli, summa qariyb 30 mlrd dollargacha ko‘tarildi. Mablag‘lar asosan sunʼiy intellekt yo‘nalishidagi loyihalarni moliyalashtirish va tegishli infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Yakuniy bitim hali imzolanmagan. Banklar o‘zlariga ajratilgan ulushlarni tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirmoqda. Bu jarayonda koordinatorlar sifatida Citigroup va JPMorgan Chase qatnashmoqda. Kredit muddati uch yil etib belgilangan. Biroq zarurat tug‘ilsa, uni besh yilgacha uzaytirish mumkin.
ByteDance SI yo‘nalishida yetakchilardan bo‘lmoqchi
Kompaniya sun’iy intellekt (SI) sohasidagi imkoniyatlarini tez sur’atlarda kengaytirmoqda. ByteDance joriy yilda kapital xarajatlarini 70 milliard dollargacha oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi xarajatlardan ikki baravardan ham ko‘proq. Kredit sifatida jalb qilinadigan qo‘shimcha mablag‘larning katta qismi ham SI infratuzilmasini rivojlantirishga, xususan, data-markazlari qurishga sarflanishi kutilmoqda. Maqsad — ushbu yo‘nalishda raqobatbardoshlikni oshirish.
SI infratuzilmasiga katta mablag‘ yo‘naltirayotgan kompaniyalar soni ortib bormoqda. Bu ro‘yxatda Qo‘shma Shtatlarning Amazon, Alphabet, Microsoft va Meta kabi texnologik gigantlari ham bor. Ular joriy yilda ushbu sohani rivojlantirish uchun rekord darajada — 725 milliard dollargacha mablag‘ ajratishni rejalashtirgan. Ularning asosiy xarajatlari data-markazlari va tegishli uskunalarga to‘g‘ri keladi.
ByteDance yangi kreditni Xitoyning boshqa texnologik kompaniyalariga qaraganda ancha past foizda olmoqda. Bu joriy yil Osiyoda dollar hisobida jalb etilgan ikkinchi eng yirik kredit bitimi bo‘lishi mumkin. Ro‘yxatning yuqorisida SoftBank Group tomonidan mart oyida imzolangan 40 milliard dollarlik kredit turibdi.
ByteDance bu mablag‘larni Osiyo kredit bozorida faollik sezilarli darajada pasaygan bir paytda jalb qilmoqda. Mintaqa kredit bozori joriy yilning birinchi olti oyida so‘nggi 16 yildagi eng zaif natijani qayd etgan. Kompaniya global kredit bozoriga oxirgi bor 2024-yilda chiqqan. O‘shanda ByteDance mamlakat va xalqaro miqyosdagi taxminan 20 ta bankdan 10,8 milliard dollar qarz olgandi. Qariyb 30 mlrd dollarlik yangi bitim kompaniya SI texnologiyalari poygasida ortda qolishni istamasligidan dalolat beradi.

