Tibbiyot sohasida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi
Yangi markaz faoliyati Uzluksiz kasbiy rivojlanish platformasi orqali tashkil etiladi.

Tibbiyot sohasida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi
2027-yildan boshlab sohada yagona tartibga soluvchi regulyator sifatida Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazi faoliyat boshlaydi.
Yangi markazning ishlashi Uzluksiz kasbiy rivojlanish platformasi orqali yoʻlga qoʻyiladi. U 2027-yil 1-yanvarga qadar ishga tushiriladi va “Tibbiy malaka” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Mazkur platforma orqali provayderlar va dasturlarning milliy reyestri yuritiladi, har bir mutaxassis uchun shaxsiy kabinet ochiladi, kreditlar hisobi olib boriladi hamda elektron sertifikatlar avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchilar esa oʻz xodimlarining portfoliosi va yillik hisoboti haqidagi maʼlumotlarni kuzatish imkoniga ega boʻladi.
Yiliga 50 kredit toʻplash (oʻrta tibbiyot xodimlari uchun 28 kredit) shifokorning kelajagiga qilinadigan sarmoyaga aylanadi. Ushbu kreditlar davlat roʻyxatidan oʻtkazish va malaka toifasini berish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Markaz xalqaro standartlar asosida barcha provayderlar va dasturlarni mustaqil ravishda akkreditatsiyadan oʻtkazadi, shuningdek uzluksiz tibbiy taʼlim boʻyicha mahalliy akkreditatsiya tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi.

