Tibbiy taʼlimda 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturi joriy etilishi mumkin
Prezidentga tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash va kasbiy rivojlantirish tizimi takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Unda 2027/2028 oʻquv yilidan «Davolash ishi» yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilindi.

Tibbiy taʼlimda 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturi joriy etilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentabr kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda, eng avvalo, tibbiyot va farmatsevtika yoʻnalishida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish choralari muhokama qilindi. Takliflar Kembrij, Pensilvaniya va Harvard universitetlari tavsiyalari asosida, xalqaro hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan.
Endilikda tibbiyot oliygohlariga qabul parametrlari hududlar va tibbiyot muassasalarining haqiqiy ehtiyoji, kadrlar tanqisligi asosida shakllantiriladi. Davlat buyurtmasi yoʻnalishlar kesimida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
2027/2028 oʻquv yilidan «Davolash ishi» yoʻnalishi oʻrniga 6 yillik «Umumiy tibbiyot» bakalavriat dasturini joriy etish taklif qilinmoqda. Besh yillik taʼlimdan soʻng talabalar bir yil davomida toʻliq amaliy tayyorgarlikdan oʻtadi. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida faoliyat yuritish imkoniga ega boʻladi.
Oilaviy tibbiyot uchun kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning oʻzida oʻqishi va amaliyot oʻtashi yoʻlga qoʻyiladi. Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga oʻtkazilib, magistratura asosan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻrta tibbiyot kadrlarini tayyorlashda ham yangi yondashuvlar joriy etiladi. Oliy maʼlumotli hamshiralarning tashxis, davolash va profilaktika jarayonlarida shifokorga yaqin yordamchi sifatidagi oʻrni oshiriladi.
Farmatsevtika taʼlimi ishlab chiqarish bilan yanada yaqinroq bogʻlanadi.

