Tarjima uchun insonlar yana qancha vaqt kerak boʻladi?
Tarjima biznesida sun’iy intellekt ustunlik qilmoqda, biroq yuqori mas’uliyatli ishlar uchun baribir insonlar kerak.

Tarjima uchun insonlar yana qancha vaqt kerak boʻladi?
Google’ning tarjima xizmati oyiga bir trillion soʻzni qayta ishlaydi
Frantsuzlar jala yoqqanda “Il pleut des cordes” deyishadi.
Buning inglizcha soʻzma-soʻz varianti “It’s raining ropes” (“Arqonlar yogʻmoqda”) boʻlib, aynan shu kabi iboralar sunʼiy intellekt (SI) tarjimonini chalkashtirib yuborishi mumkin.
“Bu SIni qanday qiyin ahvolga solib qoʻyishini tasavvur qilishingiz mumkin”, deydi Frantsiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) tadqiqot direktori va avtomatik tarjima boʻyicha mutaxassis Fransua Ivon.
Uning aytishicha, yaxshi oʻqitilgan tizim osmondan haqiqatan ham arqonlar yogʻmayotganini tushunadi va ingliz tilidagi muqobili “it’s raining cats and dogs” (“it va mushuklar yogʻmoqda”) iborasini tanlaydi.
“Lekin u indonez tiliga tarjima qilayotganda muqobilini topa oladimi?” – deb soʻraydi Ivon.
Oshiqcha xavf-xatar tugʻdirmaydigan ob-havo haqidagi suhbatlarni qoʻyaturaylik, ammo mashina tarjimasidan oqibatlari juda jiddiy boʻlgan mavzularda tobora koʻproq foydalanilmoqda.
Aprel oyida Google odamlar endi Google Translate yordamida oyiga bir trillion soʻzni tarjima qilayotganini maʼlum qildi.
Bu raqamga DeepL, Microsoft, Claude, ChatGPT va Gemini kabi boshqa xizmatlar, shuningdek, korporativ tarjima tizimlari kirmaydi.
Oʻtgan yili mashina tarjimasining bevosita sotuvi — yaʼni umumiy SI obunalaridan tashqari — 1,4 milliard dollarga (1 milliard funt sterling) baholandi.
SI tarjimasi koʻp hollarda “toʻgʻri tanlov”, deydi Djon Tsimmerman
“Koʻplab foydalanish holatlari uchun SIning xom tarjimasi endilikda toʻgʻri tanlovdir: agar siz ichki hujjatlarni yoki mahsulotlar roʻyxatini tarjima qilayotgan boʻlsangiz, xatolarning oxirgi bir necha foizini tutish uchun xarajatlaringizni 100 baravarga oshirish oqilona emas”, deydi Vikipediya maqolalarini boshqa tillarga tarjima qiluvchi Shveytsariyaning OKA (Open Knowledge Association) notijorat tashkiloti asoschisi Djon Tsimmerman.
“Entsiklopediya uchun esa bu boshqacha. Vikipediya ishonchga tayanadi. Noʻtoʻgʻri fakt yillar davomida u yerda qolib ketishi va jurnalistlar hamda SI tizimlari tomonidan iqtibos keltirilishi mumkin”, deydi u.
Asosan ispan, portugal va ingliz tillarida 10 000 dan ortiq nashr etilgan materiallari bilan OKA, Tsimmermanning soʻzlariga koʻra, ushbu hamkorlikdagi onlayn entsiklopediyaga tarjima qilingan maqolalarning eng yirik hissa qoʻshuvchisi hisoblanadi.
Uning aytishicha, SIsiz bunga erishib boʻlmas edi.
“An’naviy usulda 10 000 ta maqolani tarjima qilish millionlab dollarga tushar edi. Bizning jarayonda SI qoralamani tayyorlaydi, keyin esa inson-tarjimon har bir gapni tekshirib chiqadi”, deb tushuntiradi u.
Ammo bu jarayonda insonning roli kamayib bormoqda.
“Mashina taqdim etayotgan natija shu darajada yaxshilandiki, inson omilini butunlay chetlab oʻtish jiddiy varianga va butun soha boʻylab haqiqiy vasvasaga aylandi. Ikki yoki uch yil oldin DeepL kabi vositalar bilan tarjimonlarimiz har bir qoralamaning salmoqli qismini qayta yozib chiqishar edi.
Bugungi kunda koʻpincha matnni umuman tuzatishga hojat qolmayapti. Shunday qilib, masala endi SI tarjimasi yaxshimi-yoʻqmi degan savolda emas — u aniq yaxshi — balki u insonni chiqarib tashlash uchun yetarli darajada yaxshimi-yoʻqmi, shundadir”, deydi Tsimmerman.
Tarjimonlar esa hali erta deyishmoqda.
Ariella Baltye — angliz tilidan frantsuz tiliga sud hujjatlarini tarjima qilish bilan shugʻullanuvchi tarjimon va huquqshunos mutaxassis.
Yaqinda uning oldiga oʻz hujjatlarini tarjima qilish uchun SIdan foydalanib boʻlgan va ularni tekshirib berishini soʻragan bir kishi murojaat qildi.
“Xuddi boshidayoq ikkita katta xato bor edi”, dedi u.
SI “Le demandeur” (daʼvogar) soʻzini “the requester” (murojaatchi) deb tarjima qilgan.
“Yuridik hujjatlar uchun butkoʻl nooʻrin”, deydi Baltye.
SI “Madame X, épouse Y” (X xonim, Y ning rafiqasi) iborasiga duch kelganda, u “Ms X marries Y” (X xonim Y ga turmushga chiqadi) deb tarjima qilgan.
Boshqacha aytganda, u otni feʼl deb qabul qilgan va maʼnoni butunlay yoʻqotgan.
Huquq sohasidagi notoʻgʻri tarjimaning oqibatlari ogʻir boʻlishi mumkin. Masalan, AQShda mashinada tarjima qilingan boshpana soʻrash arizalaridagi xatolar ushlab turilgan shaxslarning ozod qilinishi kechikishiga sabab boʻlgan.
Ariella Baltye yuridik tarjima sohasiga ixtisoslashgan
Tibbiyotda aniqlik hayot va mamot masalasi boʻlishi mumkin.
“Dozalash va qon tahlillari birliklarida koʻpincha grek harflari boʻladi”, deydi tibbiy tarjimalar mutaxassisi Kerol Bereuter.
U avtomatik tarjima qilingan bir matnda grekcha μ harfi mikro (milliondan bir) oʻrniga milli (mingdan bir) deb berilganiga duch kelgan.
“Bu jiddiy xato. Agar siz kimgadir mikrogramm berilishi kerak boʻlgan oʻrinda milligramm bersangiz, siz unga dozani ming baravar koʻp bergan boʻlasiz”, deydi Bereuter.
U shuningdek, SI tarjimonlari takomillashgani sayin xatolarni aniqlash qiyinlashib borayotganini taʼkidlaydi.
“Ilgari Google Translate kabi vositalar bilan grammatik xato boʻlgani yoki juda gʻaliz eshitilgani uchun gap darhol koʻzga tashlanar edi, bugun esa u mutlaqo ishonchli eshitiladi. Ravon eshitiladi. Tabiiy eshitiladi. Shunga koʻra, xatolarni payqash ancha qiyinlashgan.”
Kerol Bereuter — tibbiy tarjimalar mutaxassisi
“Agar bu sizning imzongiz qoʻyiladigan narsa boʻlsa, obroʻyingiz uchun xavf tugʻiladi. Agar tarjima asosida tibbiy protsedura, siz imzolashingiz mumkin boʻlgan shartnoma yoki yirik xarid boʻyicha qarorlar qabul qilinadigan boʻlsa, xavf yanada kattaroqdir”, deb ogohlantiradi Fransua Ivon.
Uning aytishicha, hatto inson uchun oddiy tuyulgan gaplar ham SI xizmatini chalkashtirib yuborishi mumkin.
“Turli maʼnolarga ega soʻzlarga duch kelinganda, inson kontekstni tushungani uchun qaysi biri qoʻllanishi juda aniq boʻladi, ammo mashina tarjimoni, masalan, ‘translate into Polish’ (‘polyak tiliga tarjima qiling’) gapiga duch kelganda, gap poyabzal kremi (Polish/polish) haqida ketayotgan degan qarorga kelishi mumkin”, deydi Ivon.
Kontekst koʻpincha juda muhimdir. Agar SI tarjimoni gap futbol oʻyini haqida ketayotganini tushunmasa, u “taking a corner” (“boʻsh tomonni egallash” / “burchak toʻpini tepish”) iborasini notoʻgʻri tarjima qilishi mumkin.
Oʻtgan yili OKA Wikimedia tomonidan moliyalashtirilgan tadqiqot oʻtkazdi. Unda 119 ta maqola, 10 ta til juftligi va tarjimonlarning 1 000 soatdan ortiq mehnati oʻrganildi.
“SI tomonidan yaratilgan matnning 27 foizi baribir nashr etilishdan oldin tuzatilgan. Ushbu tuzatishlarning uchdan toʻrt qismi SI tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolar edi va xatolarning 5-6 foizi asliyat matnining maʼnosini oʻzgartirib yuborgan”, deydi Tsimmerman.
Bu xatolarni bartaraf etish qiyin kechishi mumkin.
“Hozirgi ahvolda, fikrimcha, ushbu tizimlarning ishlash tamoyili ularning qanday qilib 100% ishonchli boʻlishi mumkinligini tasavvur qilishni ancha qiyinlashtiradi”, deydi Fransua Ivon.
Buning sababi shundaki, ehtimollik SIning bir soʻzni boshqasidan ustun qoʻrib tanlashida markaziy oʻrin tutadi, va ehtimol toʻgʻri boʻlgan narsa, ayniqsa til kabi nozik va oldindan aytib boʻlmaydigan sohada, haqiqatan toʻgʻri boʻlgan narsa bilan bir xil emas.
U yangi avlod texnologiyasi vaziyatni yaxshilaydi deb hisoblaydi.
“Biz oʻz qilayotgan ishini baholashga va bir vaqtning oʻzida turli SI vositalaridan foydalanib oʻzini tuzatishga tobora qodir boʻlgan tarjima tizimlarini koʻramiz: masalan, biri tarjima qiladi, ikkinchisi uni tanqid qiladi va uchinchisi yangi versiyani ishlab chiqaradi.”
Ammo eng katta burnish SI noaniqlikni ifoda eta olganida yuz berishi mumkin.
“Haqiqiy tub burilish bu tizimlar shunchaki tarjima qilishga emas, balki ishonchlari komil boʻlmagan paytda buni bizga ayta olishga qodir boʻlmagunicha yuz bermaydi”, deydi Ivon.

