“Tarix faqat o‘zimizga tegishli emas, u — mintaqaniki”. O‘zbekistonning davlatchilik tarixi qanday hikoya qilinyapti?
Bu yilgi Mustaqillik tadbirida O‘zbekiston davlatchiligi tarixi xronologik yoritilib, turli davr bayroqlari ko‘rsatildi. Hukumat bu bilan nima demoqchi bo‘ldi? Bugungi O‘zbekiston qaysi davr vorisi sifatida ko‘rilmoqda? Gazeta tarixchi Bahrom Irzayev va siyosatshunos Hamid Sodiq bilan mavzuni muhokama qildi.

“Tarix faqat o‘zimizga tegishli emas, u — mintaqaniki”. O‘zbekistonning davlatchilik tarixi qanday hikoya qilinyapti?
2026-yil 1-sentabrda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlandi. Bayram tadbiri Yangi Toshkent hududida katta tantana bilan o‘tdi. Bu yilgi dasturdagi chiqishlar odatdagi ssenariylardan biroz farq qildi. Ayniqsa, davlatchilik tarixining qisqa xronologiyada gavdalantirilgani ko‘pchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Xo‘sh, bu safargi mustaqillik tadbirida qanday siyosiy va tarixiy ishoralar berildi? Bugungi O‘zbekiston qaysi davrning vorisi sifatida ko‘rsatilmoqda? Hukumat nimani aytmoqchi bo‘ldi?
Gazeta tarixchi Bahrom Irzayev va siyosatshunos Hamid Sodiq bilan shu mavzuni muhokama qildi.
— Bahrom aka, avval tadbir haqida gaplashsak. Siz uchun bu yilgi bayram qanday o‘tdi? Unda nimani his qildingiz va qanday tarixiy ishoralarni ko‘rdingiz?
— Har yili mustaqillik bayramida rasmiylar qandaydir yangilikka o‘xshagan bir narsani o‘ylab dasturga qo‘shishadi. O‘tgan yillarda jadidlar siymosi gavdalantirilgandi, bu safargi tadbir esa yanada eski tarix bilan boyitildi. Menimcha, bu Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faoliyatimiz bilan bog‘liq. Bugungi geosiyosiy vaziyatda o‘zlikni anglash muhim bo‘lib boryapti. Ko‘p hollarda go‘yoki postsovet davlatlari Leninning chizgan chizig‘i bilan vujudga kelgani, davlatchilik paydo bo‘lgani haqida da’volar bo‘ladi.
Vaholanki, O‘zbekiston davlati ancha avvaldan bor bo‘lgan, tarixda o‘zbeklar, O‘zbekiya degan kartalar bitta bizda emas, Britaniyada XVI asrlardayoq mavjud bo‘lgan. Mustaqillikning 35 yilligi deyilayotgan bir paytda birdaniga eramizdan avvalgi VII asrdagi Xorazm yoki Baxtar bayroqlari bilan chiqish qilishyapti.
Balki bu bir paytlar Eron bilan tortishuv boshlangan paytda “qanday qilib 250 yillik davlat ming yillik tamaddun egasi bo‘lgan Eron bilan bahslashadi?” degan bahslar uchun qo‘yilgandir. Tadbirda O‘zbekiston ming yildan emas, undan ham ko‘proq, 3000-yillik davlatchilikka ega degan ishorani ko‘rdim. Haqiqatan ham, juda yaxshi o‘ylangan. Lekin chiqishlarda ba’zi davlatlar ko‘rinmadi, masalan, aynan o‘zak hisoblangan Saljuqiylar kiritilmagan.
Turk xoqonligiga ko‘zim tushmadi, vaholanki, ular bilan poytaxtimiz bir bo‘lgan. Yoki Xorazmni olishganda G‘aznaviylar ko‘rinmadi. Aksincha, Boburiylar ko‘ringandek. Menimcha, bu narsalarni narrativ deb oladigan bo‘lsak, nima bo‘lgan taqdirda ham, tamaddun va bayroqlarning ko‘tarilgani qiziq bo‘ldi.
Masalan, boshqa ko‘rinishda qilish mumkin edi, lekin askarlar bayroq ko‘tarib chopib-chopib o‘tib ketgani doim g‘oya bo‘lgan. G‘oya bo‘lsa, askarlar jonni fido qilish uchun urushga kirishadi. Tarixdan urushlar bo‘lib kelgan, kimdir suv, kimdir mulk yoki mansab talashib urishgan, er-xotin yoki aka-ukalar urushi bo‘lgan. Ammo bayroq uchun urishish uchun katta bir g‘oya kerak, bu asrlar davomida qahramonlik sifatida ko‘rib kelinadi.
Ya’ni bayramda shunday g‘oyani tutgan davlatlar ham bo‘lgan degan belgini ko‘rish mumkin. Bu judayam yaxshi o‘ylangan, shuning uchun ko‘pchilikda ijobiy taassurot qoldirgan bo‘lsa kerak.
— Bahrom aka, o‘zi davlatchilik tarixi qanday hikoya qilinyapti? Bu bo‘yicha ham fikrlaringiz qiziq. Hamid aka, siz uchun bu galgi tadbir oldingilaridan qanday farqlandi va siyosiy doktrinani nimada ko‘rdingiz?
— Umuman olganda, mustaqillik bayramiga nisbatan munosabat Islom Karimov davrida shakllangandi, ma’lum bir qoliplar bor edi. Bayramda ayrim epizodlar o‘zgarmasa, ssenariy o‘zgarmasdi. Bu O‘zbekistonning ichidagi jarayonlarni ko‘rsatardi. Deyarli barcha viloyatning san’atkorlari chiqardi va o‘zining san’atini ko‘rsatardi.
U vaqtdagi mustaqillik bayramida hech qaysi bir davlatchilik bilan bog‘liq siyosiy belgilarni ko‘rmasdik. Tabiiyki, bu Islom Abdug‘aniyevichning uslubi edi va ma’lum bir muddat o‘tgandan keyin, ya’ni 2016-yildan keyin mustaqillik bayrami orada biroz to‘xtagandek bo‘lib, keyin bir Abdulla Qodiriy bog‘ida ham boshqa formatlarda tashkil etildi.
Masalan, jadidlarni esladik, keyin davlatlarni ko‘rsatyapmiz, ya’ni hozir har bir mustaqillik bayramida davlatchilik masalasi, ya’ni atrofimizdagi davlatlar ularning hozirgi davlat bo‘lishiga haqqi bormi degan savol nuqtai nazardan vujudga kelyapti.
Rossiya mediasini kuzatadigan bo‘lsangiz, sizlarda davlatchilik bo‘lmagan degan ma’nodagi chiqishlar ko‘p, eng ko‘pi Qozog‘istonga yo‘naltirilgan propagandistik munosabat hisoblanadi. Hattoki Ukrainaga hujum qilishdan oldin ularga ham “sizlarda davlatchilik bo‘lmagan” deyilgan, anneksiya boshlanishidan oldin mana shu eng asosiy narrativlardan biri edi.
Shu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda eng asosiy siyosiy bayramimizda davlatlar eslanishi juda muhim. Albatta, Bahrom aka aytganlaridek, bu bahsli. Ammo geosiyosiy jarayonlarda hozir o‘ziga xos tartibsizlik kechyapti. Bunday tartibsizlik jarayonida “ularning bayrog‘i bormi o‘zi?” degan savol hamisha birinchi o‘rinda turgan. Kim qaysi bayroqning orqasida turadi va mustaqillik bayramiga shu kontekstning kirib kelgani — ijobiy holat.
Oldin faqat ichimizda yopiq edik, endi esa davlatchiliklarni aytyapmiz va bu yerda nafaqat davlatchilik masalasi, balki xronologiya ham bor. Nafaqat bu ming yil eramizdan avvalgi Xorazm davlatchiligi nuqtai nazardan, balki u yerdagi biz mustamlaka bo‘lgan davrimiz, ya’ni kimga mustamlaka bo‘ldik, qanday tushunishimiz kerak va Islom Karimov, shuningdek, uning davri eslangani ham xronologiyani vujudga keltirgan.
Shuning uchun umumiy olganimizda bu — ijobiy holat, lekin tayoqning bir uchi bo‘lganidek, boshqa uchi ham bor. Hali bunga to‘xtalamiz va atrofimizdagi davlatlar shimolda Moskva, janubda Toshkent degan tushunchaga borib qolmaslik kerak. Nafaqat aynan o‘zbek davlatchiligi, balki mintaqa davlatchiligi degan masalalar umuman ilmiy nuqtai nazardan muhim bo‘lishi kerak.
— Bahrom aka, yuqorida tadbirdagi aynan muhim fragment, davlatchilik qismi, qadimgi Xorazmdan boshlab 1991-yilda mustaqillik e’lon qilinguncha bo‘lgan joyi judayam e’tiborli bo‘ldi. Rostan ham tarixiy va siyosiy ishoralarga boy. Sizningcha, bu bilan hukumat nimani da’vo qilyapti?
Bahrom Irzayev:
— Yaxshi savol. Hozir Hamidjon bir narsaga e’tibor berdi. Demak, davlatchilik — avvalo g‘oya, ikkinchidan bayroq ko‘tarilgandan keyin hududiy da’vo yuzaga keladi. Ozarbayjonga borganimizda bitta narsani ko‘rdikki, 2 xalq adabiyoti nihoyatda bir-biriga yaqin. Ularning olimlari buni “biz 3 marta bir bayroq ostida bo‘lganmiz. Shu sababli ham adabiyotimiz yaqin” deb tushuntirishdi.
Ya’ni bu bayroqlarni aynan kim ko‘targani muhim emas, muhimi biz o‘sha paytda hammani birlashtira olganmiz. Demak, bir bayroq ostida emin-erkin yashaganmiz, bir tamaddun yaratganmiz. Masalan, hech kim Temuriylar bu sof o‘zbeklar deya olmaydi, uning qancha qo‘mondonlari, pirlari yoki Said Baraka bo‘ladimi, ularning millati — keyingi masala.
Hatto, Yevropadan kelgan elchilarning Temur davlati huquqiy davlat ekani, millatidan qat’i nazar ta’qibga uchramagani haqida ham tavsiflari bor. Shu narsa nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin. Bayroqlarning hammasi namoyish etilgani bilan qaysidir millat ustuvor ko‘rilmayapti, aksincha hammasi muhim ekani ko‘rsatilyapti.
Shayboniylarga ancha urg‘u berildi. Shu paytgacha Temuriylar gapirilayotganda Shayboniyxonlar tilga olinmasdi. Vaholanki, ular ham tarixda eng katta iz qoldirgan, tamaddunning bir qismi hisoblangan. Yaqinda Qozog‘istonda bir konferensiya bo‘ldi, bizdan ham ba’zi olimlar bordi. Oltin O‘rda jo‘ji ulusining nomini Alash deb aytishadi, u o‘tgan asrning boshida merosxo‘r sifatida ko‘riladi.
Masalan, biz kecha shu bayroqni o‘ylamadik-da. Vaholanki, bitta viloyatimiz bo‘lsa ham shu tarkibda edi. Amir Temur tomonidan juda katta ehtirom ko‘rsatilgan edi. Ya’ni u yoqdan kelin olish masalasi, Oltin O‘rda merosi da’vosi… Katta kenglik kimniki bo‘lsa, dunyo o‘shaniki degan g‘oya bor.
— Hamid aka, tayoqning narigi uchi deganda nimalarni nazarda tutdingiz?
— Bugungi kunda dunyo siyosatidagi yo‘nalishlar, oqimni inobatga oladigan bo‘lsak, milliy davlatchilik degan masala natsiyalarga asoslangan. Millat deganda siyosiy-g‘oyaviy nuqtai nazardan natsiya tushunchasini qo‘llasak, ko‘pchilikka tushunarli bo‘ladi. Natsiyaga asoslangan, har bir millatning chegarasi bo‘lishi kerak degan modern tushunchadagi yangi davlatchilik 1924-yil to‘liq kirib kelgan. U o‘zining mohiyatiga ko‘ra, tarixi to‘laqonli bo‘lishi kerak. Masalan, davlatchilik nuqtai nazaridan, sizning chizib berilgan milliy davlatchiligingiz butun tarixga ega bo‘lishi kerak. Masalan, 40 foiz yetmay turgan bo‘lsa, qo‘shib yuborishingiz kerak.
Masalan, biror davlatning oshxona musiqa, ayniqsa davlatchilik tarixi, poytaxtlari, uning markazida turadigan shaxs — hammasi bo‘lishi kerak. Va bunday jarayon 1924-yildan keyin juda katta bir davrni bosib o‘tdi. Mana shu davr hozir inqirozda. Bayramni tashkil qilayotgan odamlar shuni tushunishi kerak. Hozir millatga urg‘u berib rivojlanadigan davr asta-sekin ketyapti.
Shuning uchun ham mintaqa nazarda tutilgani muhimroq. Masalan, tasavvur qiling, Xorazm davlatchiligi kamida 3 marta eslandi. Boshida Xorazm davlatchiligi, o‘rtada Xorazmshohlar va oxirida Xivaxonligi. Buni ko‘rganingizdan keyin, turli xil bo‘linish bilan bog‘liq masalalar vujudga kelishi tabiiy. Agar o‘zbek davlatchiligi deb mintaqadan ajratadigan bo‘lsak, o‘zimizning ichimizda ham ajralishlar vujudga keladi. Men xorazmlik bo‘lib turib yaxshi bilganim uchun aytyapman.
Ya’ni separatistik ruh nuqtai nazardan, biz alohida davlat bo‘lganmiz, hatto, oshxonamizning tarixi ham alohida, o‘zbek emasmiz deyishim mumkin. Shuning uchun mustaqillik kabi siyosiy bayramlarga tus berayotganda turli xil qo‘shnilarga nisbatan, hatto, Erondan tortib Xitoygacha millatga asoslangan o‘zanlardan chiqib ketmasligimiz kerak. Mana shu tayoqning ikkinchi uchi bo‘ladi. Hozir nima uchun atrofimizdagi davlatlar keskin munosabat bildirishmaydi? Chunki real siyosatimiz qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlarni o‘rnatishga qaratilgan. Bu bizni ushlab qoldi.
Agar Islom Karimov davrida bayram shunday o‘tganida, ular rosmanasiga qo‘rqib ketgan bo‘lardi. O‘zbekiston hududi — siyosiy g‘oyalar markazi bo‘lgan. Biz “mana bu davlatlar bizlarniki” deydigan bo‘lsak, hamma ma’lum bir davlatlarni talashishni boshlaydi. Albatta, men bu yerda masalani chuqurlashtirmoqchi emasman, lekin keyingi bayramlarda mazkur jihatlarga urg‘u qaratish kerak.
Ya’ni o‘zbek davlatchiligi deb alohida urg‘u berishning hozir hech kimga foydasi yo‘q. Mintaqamiz davlatchiligi deyiladigan bo‘lsa, atrofimizdagilar ham bunga salbiy munosabat bildirmaydi va yuqorida aytib o‘tdim, shimolda Moskva bo‘lsa, janubda Toshkent bo‘lib qolishi kerak emas. Markaziy Osiyoda 80 million atrofida aholi bo‘lsa, shuning teng yarmi O‘zbekistonda turibdi.
Va Markaziy Osiyoning davlatchiligini markazlar belgilab beradi, ya’ni siyosat shaharda vujudga keladi. Albatta, siyosatni dashtda ham vujudga keltirganlar bor, lekin millatga asoslangan zamonaviy davlatchilik aynan shaharlar bilan ko‘riladi. Shuning uchun buni ham o‘ylagan holda keyingi bayramlarda uning mazmuniga e’tibor qaratish kerak, nazarimda.
— Bahrom aka, hozirgi O‘zbekistonning shakllanishida qaysi davrni muhim deb hisoblaysiz? Bugun O‘zbekiston qaysi davlatchilik tarixining vorisi sifatida ko‘rilyapti, sizningcha, yoki ko‘rilishi kerak? Konsertda bu mavhum qolgandek ko‘rinyapti. Sizning fikringiz qanday?
— Oldinroq qaysidir yirik tadbirda Amir Temurning bayrog‘i vertolyotda uchirilgan edi. Menimcha, O‘zbekiston — Temur va Temuriylar davrining vorisi. Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya, Kamoliddin Behzod davrida san’at, Alisher Navoiy davrida chig‘atoy tili rivojlandi. Bu til Oltin O‘rdada qanday buzgan bo‘lsa, u yerda shunday foydalanildi.
Masalan, Usmonli sultonlarining ayrimlari xatlarini chig‘atoy tilida yozgan deyishadi. Yoki hozirgi Ukraina, Kavkaz hududlarida armanlar, boshqa millatlarning o‘zaro kelishgan tili bor. Bu ham ko‘proq o‘sha qipchoq tiliga o‘xshaydi yoki o‘g‘uz shakliga emas, aynan chig‘atoy tiliga tortadi. Ya’ni bularning hammasi — juda katta mafkuraning mevasi. Ularning o‘zaro o‘rtoq tili hisoblangan. Temuriylar davrida butun bir katta madaniyat yaratildi va bizning davlatchiligimizda shu narsa bo‘lsa kerak.
Lekin bayramda yana bir qiziq narsa bo‘ldi, ya’ni ekranda Muhammadjon Tinishboyevningmi, Mustafo Cho‘qayning suratlari o‘tib ketdi, ya’ni Turkiston Muxtoriyati ham eslandi. Bundan qozoq bovurlarimiz ham bir e’tirof sifatida xursand bo‘ldi. Turkiston bayrog‘i uchun hammamiz: o‘zbek, qozoq, tatar, hatto, Yevropa millatlari ham birlashganini anglatadi.
Agar biz tarixni juda kam biladigan bo‘lsak, yuqorida xorazmliklar masalasida aytilganidek, noqulay holat yuzaga keladi. Bu tarix haqidagi bilimimizning nihoyatda ayanchli darajada kamligidan bo‘lib qoladi. Qaysi shohning urug‘i yo‘q? Juda katta ijtimoiy asos, ya’ni bog‘lab-bog‘lab xonga olib borilishining katta mafkurasi bo‘lishi kerak.
Oltin O‘rdadagi vakil kelib, vorisni taxtga ko‘tarayotganda hissasi bo‘lishi, ya’ni bir uchini ushlab turishi kerak. Undan keyin bu odam hammamizning xonimiz, shunga guvohlik beramiz deydi. Ya’ni taxtning, bayroqning olinishi hammani tinchlantirib, bir vaqtning o‘zida mas’uliyat paydo qiladi. Masalan, hamma jadid gazetalarida qarasangiz, rus imperatori Bolgariyaga bordi degan yozuvni eng quyida ko‘rasiz.
Lekin Usmonli xalifa yoki Turkiyada bo‘layotgan bir voqeani juda yuqoriga olishadi. Ya’ni bir davlatning qo‘lida mustamlaka bo‘la turib, boshqasini yuqoriga olish mumkin? Bunga huquqiy majburiyat bo‘lishi mumkin, lekin ma’nan majbur emas. Ma’nan Usmonli xalifa yoki Turkiyani tepaga qo‘yadi. Bu — davlatchilikning qudrati. Biz tarixni ko‘rsatyapmiz, lekin endi tarixni maktabda juda jiddiy o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi.
Bir tadbirda tarix bir necha daqiqalarda o‘tib ketadi, lekin endi yillab buni maktablarimizda o‘rgatishimiz kerak va bizning davlatchiligimiz boshqalarga tegishli emas, faqat bitta bizga tegishli degan gap bo‘lishi kerak emas. Tarixni juda ko‘p iplar bir-biriga bog‘lab turadi, bu millat va avvalo dekolonial tafakkur uchun kerak.
Ikkinchi narsa, masalan, Erdog‘an ko‘pchilik bayroqlarning oldidan o‘tadi. Ko‘pchiligi Erondan nariyoqqa o‘tmagan bayroqlar bo‘ladi. Ba’zilari juda ham sharqda edi. Biz 1925-yildagi chiziq bo‘yicha tariximiz, bayroqlarimizni sanab o‘tib ketsak, qolipdan chiqolmagan bo‘lib qolamiz. Gap shunda. Agar shunday deydigan bo‘lsak, bizning farzandlarimiz o‘sha hududlarga borganda o‘zini begonadek tutmaydi. “Mana shu kengliklar mening vatanim” deyishi mumkin. Hududiy yaxlitlik shu.

