Dunyo

Tanzaniya aksilterror qonunlaridan qurol sifatida foydalanishda ayblanayotgan bir paytda, saylovdan keyingi adolat talab qilinmoqda

Jabrlangan oilalar BBC’ga javoblar va moliyaviy yordam kutayotganini aytmoqda, Amnesty esa tazyiqlar davom etayotganini bildirmoqda.

Tanzaniya aksilterror konunlarini qurolga aylantirganlikda ayblanayotgan bir paytda, ovoz berishdan soʻng adolat oʻrnatilishiga chaqiriqlar yangramoqda

Saylov kuni 18 yoshli qizi Mariya Chami otib oʻldirilgan Neyema Munuo hukumat uning alamlarini tan olishini xohlashini aytmoqda.

Tanzaniyada bir yil avval kamida 500 kishining yostigʻini quritgan saylov bilan bogʻliq zoʻravonliklardan jabr koʻrgan oilalar BBC ga norozilik namoyishlarida oʻldirilganlar uchun adolat va jarohat olganlar uchun tibbiy xarajatlarni qoplashda yordam soʻrayotganliklarini aytdilar.

«Shifoxona xarajatlarini toʻlashga boshqa qurbimiz yetmayapti», dedi oyogʻidan oʻq yegan Meshak Sane BBC ga.

Prezident Samiya Suluhu Hassanni 98% ovoz bilan hokimiyatga qaytargan saylov yilligi arafasida Amnesty International inson huquqlari tashkiloti ham uning hukumatini «tanqidchilarni sukut saqlashga majbur qilish va qoʻrquv solish uchun aksilterror konunlarini qurolga aylantirishda» aybladi.

Muxolifat Samiyaning ikki asosiy raqibi chetlashtirilganidan keyin natijalarni demokratiyaning «ustidan kulish» deb rad etdi.

Asosiy muxolip Chadema partiyasining 58 yoshli rahbari Tundu Lissu saylov oldidan davlatga xoinlikda ayblanib sudlangani sababli nomzodini qoʻya olmagan edi.

U saylov islohotlarini talab qilib kelayotgan edi va uning ishi boʻyicha hukm keyingi haftada kutilmoqda.

Shu hafta boshida Lissu advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat berilmaganidan soʻng ochlik eʼlon qildi - bu ayblovni qamoqxona rasmiylari rad etdi.

Uning advokati Dikson Matata chorshanba kuni BBC ga unga endi uchrashuvga ruxsat berilganini va u yana ovqatlanishni boshlashini aytdi.

Hukumat tomonidan tayinlangan surishtiruv komissiyasi tartibsizliklar paytida 518 kishi «notabiiy sabablar» bilan vafot etganini, jumladan 197 kishi otib oʻldirilganini maʼlum qildi.

Amnesty oʻz bayonotida oʻtgan yil davomida xavfsizlik idoralari hukumat tanqidchilari, muxolifat tarafdorlari, ommaviy axborot vositalari tashkilotlari va hukmron Chama Cha Mapinduzi (CCM) partiyasining kelisha olmagan aʼzolariga qarshi inson huquqlarini jazosiz buzganini hujjatlashtirganini aytdi.

«Tanzaniya xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi qoʻllagan haddan tashqari kuch uchun birorta ham rasmiy jinoiy javobgarlikka tortilmadi, jazolanishi haqida-ku gapirmasa ham boʻladi», dedi tashkilotning Sharqiy va Janubiy Afrika boʻyicha mintaqaviy direktori Tigere Chaguta.

«Aslida, tazyiqlar boshlanganidan beri vaziyat faqat yomonlashdi. Avtoritar usullardan foydalangan holda, hokimiyat organlari tanqidchilarni sukut saqlashga majbur qilish va qoʻrquv solish uchun aksilterror konunlarini tobora koʻproq qurolga aylantirmoqda».

Sharqiy Afrika mamlakati rasmiylari keng tarqalgan suisteʼmolliklar haqidagi ayblovlarni qayta-qayta rad etdi va hukumat inson huquqlarini hurmat qilishga sodiq ekanini aytmoqda.

66 yoshli Samiya saylov adolatli va shaffof oʻtganini taʼkidladi va tartibsizliklarda chet elliklarni ayblab, bu uni hokimiyatdan agʻdarish fitnasining bir qismi ekanini aytdi.

Oʻtgan yili BBC politsiyaning namoyishchilarga qarata oʻt ochayotgani tasvirlangan bir nechta videolarni tasdiqladi. Internetda joylashtirilgan kadrlarda namoyishchilar ularning oldinga siljishini toʻsib qoʻygan va olomonni tarqatish uchun koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatayotgan tish-tishigacha qurollangan boʻlinmalarga duch kelgani koʻrinadi.

Meshak Sane jarohatlangan oyogʻida allaqachon beshta operatsiyani boshdan kechirganini, lekin boshqa davolanishga qurbi yetmasligini aytmoqda.

BBC oʻshandan beri saylovdagi zoʻravonlik qurbonlarining hanuzgacha javob izlayotgan ayrim oila aʼzolari bilan gaplashdi.

Koʻplab insonlar, jumladan Mvajuma Hamisi ham qashshoqlikda qolgan. Uning eri Jorj Kisivani 2025 yil 29 oktyabrda, ovoz berish kuni, shimoliy Arusha shahrida otib oʻldirilgan va ikki kundan keyin vafot etgan.

«Men besh farzandli oilamiz suyangan erimni yoʻqotdim. Endi boshqa yordam manbaimiz yoʻq. Men oila uchun yolgʻiz kurashishga majburman. Boshqa hech qanday yordamimiz yoʻq», dedi 32 yoshli ayol BBC ga.

U endi oilasini boqishga yordam berish uchun yaqin oradagi bozorda sabzavot sotadi va hukumatdan yordam kutmoqda.

Arushada oyogʻidan oʻq yegan Sane jismoniy va moliyaviy jihatdan aziyat chekadi.

Uch farzandning otasi oʻq jarohatini davolash uchun beshdan ortiq yirik operatsiyani boshdan kechirganini aytadi. Unga hali ham yana operatsiya kerak, lekin u boshqa davolanishga qurbi yetmasligini aytmoqda.

«Biz qoʻlimizdan kelganini qildik, ammo imkoniyatimiz chegarasiga yetdik», dedi 33 yoshli erkak BBC ga.

«Hukumat ushbu fojialarni boshdan kechirgan biz kabi insonlarning ahvolini oʻrganib chiqishi kerak, toki biz tibbiy yordam olaylik, chunki baʼzilarimiz hali ham juda ogʻir ahvoldamiz».

U zoʻravonliklardan soʻng shifoxonalar dastlab jarohatlanganlarni davolashdan bosh torTganini tasvirladi.

Oʻtgan oylar davomida uning qarindoshlari mahalliy mulozimlar va tuman komissaridan yordam soʻrashgan, ammo ularga hukumat zoʻravonlik qurbonlari uchun byudjet ajratmagani aytilgan.

BBC ushbu suhbatlar haqidagi uning gaplarini mustaqil ravishda tasdiqlagani yoʻq.

Zoʻravonliklar boʻyicha surishtiruv komissiyasining hisoboti aprel oyida Prezident Samiyaga topshirilgan boʻlib, unda rasman 518 kishining oʻlimi qayd etilgan.

Ammo Amnesty toʻliq hisobot hanuzgacha eʼlon qilinmaganini tanqid qilib, bu «maxfiylik madaniyatini mustahkamlaydi», dedi.

Prezident shundan beri zoʻravonliklar ortida kim turganini aniqlash uchun yana bir surishtiruv komissiyasini tuzdi.

«Ushbu yangi komissiya xavfsizlik kuchlarining saylov bilan bogʻliq tazyiqlardagi rolini atroflicha koʻrib chiqishi shart», dedi Chaguta.

Prezident Samiya Suluhu Hassan 29 oktyabrdagi ovoz berishda 98% ovoz bilan gʻolib deb eʼlon qilindi.

Inson huquqlari tashkilotining bildirishicha, 2026 yilning 3-17 sentyabr kunlari oraligʻida u hokimiyat organlari tomonidan davom etayotgan tazyiqlarni tasvirlab bergan 17 kishi bilan suhbatlashgan.

Baʼzilar oʻtgan yili oʻldirilganlar uchun adolat va demokratik islohotlarni talab qilish maqsadida 7 iyul kuniga chaqirilgan namoyishlardan soʻng nishonga olinganlarini aytishdi.

Ushbu yurishlar hokimiyat tomonidan taqiqlangan edi. Namoyishlarni qoʻllab-quvvatlagan 26 yoshli erkak Amnesty ga 24 iyul kuni Dar-es-Salamda hibsga olinganini va 47 kun davomida ayblovsiz ushlab turilganini aytdi.

Uning aytishicha, soʻroq qiluvchilar uning koʻzlarini bogʻlab, namoyishlarni kim moliyalashtirayotganini bilmoqchi boʻlishgan va uni oʻldirish bilan tahdid qilishgan.

«Birinchi kuni menga ovqat berishmadi. Suv soʻraganimda, koʻzim bogʻliq yuzimga siydik chiqarib: 'Ogʻzingni ochib shovqin solayotganlar uchun badal shu', deyishdi», dedi u.

«Ikkinchi kuni meni Gogoni politsiya mahkamasiga olib borishdi, u yerda oyoqlaringiz uyushib qolguncha urishadi, lekin keyin oyoqda tik turishingni talab qilishadi».

Inson huquqlari tashkiloti shuningdek, «qiynoqqa tenglashtirilishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlar... oʻzboshimchalik bilan hibsga olishlar, majburiy yoʻqotishlar va odam oʻgʻirlashlarini» keltiradi.

Hokimiyat organlari BBC yoki Amnesty ning izoh berish haqidagi soʻrovlariga javob berishmadi.

Bir yil avval qarindoshlarini yoʻqotganlarning koʻpchiligi, jumladan 40 yoshli Neyema Munuo ham hukumat ularning azob-uqubatlarini tan olishini va adolat haqidagi savollariga javob berishini xohlaydi.

Uning aytishicha, Arushada telefonga birlik sotib olish uchun koʻchaga chiqqanda otib oʻldirilgan 18 yoshli qizi Mariya Chamining oʻlimidan keyingi qaygʻusi uni koʻpincha uydan chiqa olmaydigan darajada ezib qoʻyadi.

«Bu sira yodimdan chiqmaydigan sana, chunki uni har safar eslaganimda, ichim yonib ketayotganini his qilaman», dedi Munuo BBC ga.

Viktoriya koʻli qirgʻogʻidagi Mvanza shahri yaqinida yashaydigan fermer Juma Nasibu ham xuddi shunday tuygʻularni boshdan kechirmoqda.

U tartibsizliklardan beri 25 yoshli jiyani Juma Shabanini koʻrmagan.

Yosh yigit kechqurun kinoteatrda boʻlgan, keyinroq uning amakisi u ushlanib, otib tashlangan odamlar orasida boʻlgani haqida tasdiqlanmagan xabarlarni eshitgan. Uning oilasi uni shifoxonalar, politsiya mahkamalari va qamoqxonalardan behuda qidirishgan.

«Shu kungacha meni qiynayotgan narsa - biz uning jasadini topa olmaganimizdir», dedi Nasibu BBC ga.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.