Mahalliy

Ta’lim tizimidagi islohotlarga oid mulohazalar

Barcha ta’lim bosqichlari — maktabgacha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fanning yagona vazirlik tasarrufida jamlangani ta’lim zanjirida uzviylikni ta’minlash va tarqoq byurokratiyani tugatish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Ushbu integratsiyalashgan tuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda tizimni toʻgʻri izga uchun solish uch bosqichli strategik yondashuvni amalga oshirish vaqti keldi.

Ta’lim tizimidagi islohotlar yuzasidan mulohazalar

Ta’lim tizimi jamiyatdagi eng yuqori inersiyaga ega bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan nihoyatda nozik ekotizimdir. Bu tizimda amalga oshiriladigan shoshilinch yoki uzluksiz islohotlar kutilgan ijobiy natijalar o‘rniga tizimli beqarorlikni yuzaga keltiradi. Tizimdagi pedagoglarning bu beqarorlikdan zo‘riqishi bilim sifatining pasayishiga olib keladi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilgan ko‘plab islohotlar aniq uzoq muddatli strategik izchillikka emas, balki tezkor natijalarga yo‘naltirilgani sababli bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi. Jumladan,

— Darsliklarning tez-tez almashishi, milliy o‘quv dasturining bir necha bor qayta ko‘rib chiqilishi va ularni amaliyotga joriy etishdagi shoshqaloqlik darsliklardagi ko‘plab uslubiy, mantiqiy xatoliklarga va, eng muhimi, o‘quvchilarga ortiqcha yuklamaga sabab bo‘ldi. O‘qituvchilar yangi darslik metodikasini to‘liq o‘zlashtirmasdan turib yana yangi avlod darsliklariga o‘tishga majbur bo‘lmoqda;

— Baholash tizimidagi yangiliklar va hujjatbozlik talablarining tez-tez o‘zgarishi oqibatida o‘qituvchilar o‘zgarishlarga qayta-qayta moslashishga majbur bo‘lmoqda, bu esa ularni asosiy vazifasi bo‘lgan sifatli ta’lim berishdan chalg‘itib, zo‘riqish holatida ishlashiga olib kelmoqda;

— Prezident maktablari, ixtisoslashgan maktablar va oddiy umumta’lim maktablari o‘rtasidagi tafovut (moliyalanish, kadrlar sifati) tobora kengayib bormoqda. Islohotlarning asosiy e’tibori nisbatan tez natija beradigan elita ta’lim muassasalariga qaratilayotgani sababli chekka hududlardagi oddiy maktablarda ta’lim sifati emas, hatto zarur infratuzilmalar rivoji ham ortda qolmoqda.

Ta’lim tizimini iqtisodiyot yoki boshqa sohalar kabi “tezkor eksperimentlar” obyektiga aylantirib bo‘lmasligini quyidagi omillar bilan izohlash mumkin:

Ta’limdagi har qanday islohotning haqiqiy natijasi yoki salbiy oqibati kamida 10-12 yildan keyin — o‘quvchi maktabni tugatib, mehnat bozoriga kirib kelganida namoyon bo‘ladi. Shoshma-shosharlik bilan o‘tkazilgan islohot natijasida butun bir avlodning bilim darajasi salbiy ta’sir ostida qolishi mumkin, buni esa qisqa muddatda tuzatib bo‘lmaydi;

Sanoatda noto‘g‘ri mahsulot ishlab chiqarilsa uni qayta ishlash yoki yo‘qotish mumkin, ammo ta’limdagi muvaffaqiyatsiz tajribaga uchragan avlodning yo‘qotilgan yillarini qaytarishning imkoni yo‘q, yetishmagan bilim va ko‘nikmalarni berish uchun yana katta resurs va vaqt talab etiladi;

Ta’limdagi o‘qituvchi tayyorlash, darslik yaratish, baholash, infratuzilma va mehnat bozori talablari uzviy bog‘langan ekotizim bo‘lib, elementlardan birini, masalan, darslikni o‘zgartirish tizimdagi boshqa elementlarni o‘zgartirmasdan turib amalga oshirilmaydi, aks holda ekotizimda disbalans yuzaga keladi.

Xalqaro amaliyotga murojaat qiladigan bo‘lsak, ta’lim tizimida tezkor va siyosiy konyunkturaga bo‘ysundirilgan islohotlar ko‘p hollarda inqirozga olib kelgan, barqaror va evolyutsion yondashuv esa muvaffaqiyat keltirgan. Masalan, 2000-yillarda AQShda qabul qilingan “No Child left behind” (E’tibordan chetda qolgan bola yo‘q) dasturi doirasida maktablar va o‘qituvchilar faoliyati doimiy standartlashtirilgan testlar natijasiga bog‘lab qo‘yildi. Oqibatda maktablar chinakam bilim berish o‘rniga o‘quvchilarni shunchaki testga tayyorlash bilan shug‘ullana boshladi.

San’at, gumanitar fanlar va ijodiy yondashuv siqib chiqarildi. Keyinchalik qilingan tahlillar ushbu tajriba o‘quvchilarning analitik fikrlashini pasaytirganini, bundan tashqari o‘qituvchilarning ommaviy ravishda ishdan ketishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Yana bir yorqin misol sifatida 1990-2010 yillar oralig‘ida Buyuk Britaniyada ta’lim vazirligi va baholash agentliklarining milliy o‘quv dasturlari hamda baholash mezonlarini tinimsiz o‘zgartirib turishining salbiy oqibatlarini keltirish mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, doimiy o‘zgarishlar va hisobotdorlikning ortishi o‘qituvchilar orasida ruhiy toliqishni kuchaytirgan. Natijada har uchinchi yangi o‘qituvchi dastlabki 5 yil ichida kasbni tark etgan. Tizim doimiy kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch kelgan.

Xulosa qilib aytganda, ta’lim tizimida muvaffaqiyatga erishish uchun islohotlar soni va shiddatini oshirish emas, balki ularni ilmiy va dalillarga asoslangan holda, uzoq muddatli tajriba-sinov bosqichlaridan o‘tkazib, keyin yalpi joriy etish zarur. Ta’lim sohasidagi eng yaxshi islohot bu o‘qituvchiga xalaqit bermaydigan, infratuzilmani yaxshilaydigan va kamida 10 yillik barqarorlikni ta’minlaydigan siyosatdir.

Barcha ta’lim bosqichlari — maktabgacha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fanning yagona vazirlik tasarrufida jamlangani ta’lim zanjirida uzviylikni ta’minlash va tarqoq byurokratiyani tugatish uchun noyob imkoniyat yaratadi. Ushbu integratsiyalashgan tuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanib, tizimni to‘g‘ri izga solish uchun uch bosqichli strategik yondashuvni amalga oshirish vaqti keldi.

Dastlabki bosqich (1-2 yil): Tizimlashtirish, stabillik va zudlik bilan bajariladigan choralar.

Ushbu bosqichning asosiy maqsadi ketma-ket islohotlar tufayli yuzaga kelgan xaosni to‘xtatish va tizimga barqarorlik berishdir.

Islohotlarga moratoriy e’lon qilib, ilmiy audit o‘tkazish kerak. Shunda darsliklar, baholash tizimi va o‘rta maxsus hamda oliy ta’limga qabul qoidalarini har yili o‘zgartirish amaliyotiga chek qo‘yiladi. So‘nggi 10 yildagi o‘zgarishlarning real ta’siri kompleks ilmiy-statistik auditdan o‘tkaziladi.

Birlashtirilgan vazirlik ichida maktabgacha ta’lim, maktab, oliy ta’lim tashkiloti (OTT) va fan o‘rtasidagi o‘quv dasturlari mosligini ta’minlovchi "Yagona ta’lim standarti" ishlab chiqiladi.

Maktab bitiruvchisining bilimi OTTning birinchi kurs talabiga, OTT dasturi esa ilm-fan va mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtiriladi;

O‘qituvchi va professorlar yuklamasini keskin qisqartirish zarur. Jumladan, barcha bosqichdagi pedagoglarni ortiqcha hisobotlar, elektron platformalarga takroriy ma’lumot kiritish va doimiy o‘zgaruvchan majburiy sertifikatsiyalardan ozod etish. Asosiy e’tibor dars sifatiga qaratiladi.

Har qanday yangilik (yangi darslik, baholash formati) butun respublika bo‘ylab emas, faqat tanlab olingan pilot hududlarda kamida 3 yil sinab ko‘rilgach va ijobiy xulosa olingachgina ommalashtirilishi majburiy qilib qo‘yiladi.

Asosiy bosqich (3-5 yil): Sifat, integratsiya va infratuzilmaviy o‘zgarishlar

Bu bosqichda tizimni barqarorlashtirish, mazmuniy va tarkibiy islohotlar o‘tkaziladi. Aynan mana shu bosqichda rahbariyatning kuchli siyosiy irodasi talab etiladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi yo‘nalishida:

Kompetensiyaga asoslangan milliy o‘quv dasturini, ya’ni yodlashga emas, mantiqiy, analitik va amaliy fikrlashga yo‘naltirilgan barqaror dasturni to‘liq shakllantirish;

Pedagogik ta’limni transformatsiya qilish kerak. Buning uchun pedagogika universitetlari va institutlari qayta ko‘rib chiqiladi. O‘qituvchilikka qabul talablari kuchaytiriladi, o‘quv metodikalari zamonaviy psixologiya va neyropedagogika yutuqlariga asoslanadi;

Tenglikni ta’minlash uchun diqqatni faqat elita (Prezident, ixtisoslashtirilgan) maktablarga qaratmay, chekka hududlardagi oddiy umumta’lim maktablarining infratuzilmasi va kadrlar salohiyatini tenglashtirish.

Oliy ta’lim va ilm-fan integratsiyasi yo‘nalishida:

— Haqiqiy akademik va moliyaviy avtonomiyani yo‘lga qo‘yish, ya’ni OTTlarga o‘quv dasturlarini bozor va fan talabidan kelib chiqib mustaqil belgilash, professor-o‘qituvchilar shtatini erkin shakllantirish va moliyaviy resurslarni boshqarish huquqi beriladi;

— “Fan – OTT – Sanoat” uchligini samarali tashkil etish zarur. Buning uchun avvalo, ilmiy-tadqiqot institutlarini OTTlar bilan bevosita birlashtirish (laboratoriya va ilmiy bazalarni birgalikda ishlatishni yo‘lga qo‘yish) kerak. Shunda talabalar 2-3-kursdanoq real ilmiy loyihalarga jalb etiladi;

— Kadrlar tayyorlashni bozorga moslashni tezlashtirish kerak. Davlatga qarashli OTTlarga qabul kvotalari davlat tomonidan ma’muriy ravishda emas, balki mehnat bozori va ilmiy-texnik yo‘nalishlar dinamikasidan kelib chiqib shakllantiriladi.

Ilmiy darajalar berish tizimi va OAK

Tizimdagi yopiqlik ko‘pincha mas’uliyatsizlikni keltirib chiqaradi. 26-may farmoni ortiqcha tartib-taomillarni olib tashladi — bu to‘g‘ri qadam. Ammo OAK ekspertizasi va tasdig‘i bekor bo‘lgach, sifatni kafolatlaydigan yagona omil ochiqlik va obro‘ bo‘lib qoladi. Shuning uchun quyidagilarni 2027-yil 1-yanvargacha, ya’ni yangi tartib kuchga kirguncha ishga tushirishni taklif qilaman.

1. “Obro‘ instituti” — imzoli taqrizlarni ochiq e’lon qilish. Har bir himoyadan so‘ng rasmiy opponentlarning taqrizlari, kengash a’zolarining ovoz berish natijalari va imzoli xulosalari dissertatsiyaning to‘liq matni bilan birga yagona portalga joylansin. Avtoreferat chop etish bekor qilingani sababli to‘liq matnning ochiq bo‘lishi yanada muhim. Olimlar o‘z obro‘sini to‘kmaslik uchun sayoz yoki ko‘chirma ishlarga ijobiy taqriz yozishdan qo‘rqib qoladi.

2. Ilmiy rahbarning raqamli profili. Har bir rahbar uchun shogirdlari, himoya qilingan ishlari, maqolalari va xalqaro bazalardagi ko‘rsatkichlari zanjir kabi bog‘langan ochiq sahifa yaratilsin. Bir vaqtning o‘zida rahbarlik qilinadigan izlanuvchilar soniga oqilona chegara qo‘yilsin.

3. Kengashlar reytingi metodikasini ochiq muhokamaga qo‘yish. Reyting mezonlari, mustaqil ekspertizaga tanlanadigan ishlarni aniqlash tartibi va natijalari oldindan e’lon qilinsin. Tanlov tasodifiy (avtomatik) bo‘lsin, aks holda u yana "kerakli" ishlarni chetlab o‘tish vositasiga aylanadi. Sayoz ishlarni ko‘p o‘tkazgan kengashlarning reytingi tushib, faoliyati tugatilishiga asos bo‘lsin.

4. Xorijiy ekspertlarni tizimli jalb qilish. Farmonda tanlab olingan ishlarni xorijiy ekspertlar ko‘rib chiqishi nazarda tutilgan. Buning uchun xorijda ishlayotgan vatandosh olimlardan iborat ekspertlar bazasini shakllantirish, ularning xizmatini aniq stavka bilan to‘lash kerak. Men va ko‘plab hamkasblarim bunga tayyormiz.

5. Mansabdorlarning dissertatsiyalari. Akademik Shavkat Ayupov ko‘targan masala jamiyatda keskin muhokamaga sabab bo‘ldi. Davlat lavozimidagi shaxslarning dissertatsiyalari majburiy ravishda mustaqil (imkon qadar xorijiy) ekspertizadan o‘tkazilsa, bunday shubhalarga o‘rin qolmaydi.

6. Plagiat aniqlangan ishlar bo‘yicha aniq tartib. Himoyadan keyin ham plagiat yoki soxtalashtirish aniqlansa, darajani bekor qilish va unga "yo‘l ochib bergan" opponent hamda kengash a’zolarining javobgarligi qonunda aniq belgilansin. Bunda ayblanuvchining o‘zini himoya qilish huquqi ta’minlansin.

7. OAKning Fanlar akademiyasi tizimidagi mustaqilligi. Rais uchun 5 yillik muddat va ikki muddat chegarasi belgilangani ijobiy. Prezidium a’zolari ham ochiq tanlov asosida, ilmiy ko‘rsatkichlari e’lon qilingan holda saylansin.

Bu yerda "oltin o‘rtalik" muhim: dissertantlarga ortiqcha byurokratik to‘siq yaratmaslik va ayni paytda ilmiy tadqiqot sifatini saqlash. Yuqoridagi takliflar izlanuvchiga birorta qo‘shimcha qog‘oz talab qilmaydi, faqat ular allaqachon mavjud ma’lumotni ochiq qiladi.

2. Ilm-fanni moliyalashtirish

PF-58 farmoni bilan 2027-yildan tanlovsiz moliyalashtirish taqiqlandi, mablag‘ning kamida yarmi ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi. Yo‘nalish to‘g‘ri, lekin bir xavotirim bor. Chunki loyiha tanlovida "tarmoqdagi yetakchi korxonaning ijobiy xulosasi" talab qilinmoqda. 2024-yilda akademik Sh. Ayupov bilan birga yozgan maqolamizda ham aytgandik: "ilmiy ishlanmalar iste’molchisi bo‘lgan tashkilotlar talablaridan kelib chiqish" iborasi fundamental tadqiqotlarga to‘g‘ri kelmaydi. Matematik teoremaga qaysi korxona xulosa beradi?

1. Fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar uchun alohida "yo‘laklar". Har biri o‘z mezonlari, o‘z ekspertlari va o‘z hisobot shakli bilan baholansin. Fundamental yo‘lakda korxona xulosasi o‘rniga xalqaro ilmiy ekspertiza va nashrlar sifati asosiy mezon bo‘lsin.

2. Vakolatlarni aniq taqsimlash. "Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida"gi qonunda vakolatli organ masalasini yangi vazirlik tuzilmasiga moslab qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi. Taklifim o‘zgarmagan, ya’ni innovatsion ishlanmalar bo‘yicha — Innovatsion rivojlanish agentligi, fundamental fan bo‘yicha — Fanlar akademiyasi vakolatli organ bo‘lishi kerak. OAKning FA tizimiga o‘tkazilgani bu mantiqqa mos keladi.

3. Ochiq va xolis ekspertiza. Ekspertlar ro‘yxati, ularning ilmiy ko‘rsatkichlari va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi deklaratsiyalari e’lon qilinsin. Ariza beruvchi ekspert xulosasini to‘liq ko‘ra olsin va e’tiroz bildira olsin. Har bir loyihaga kamida bitta xorijiy ekspert jalb qilinsin.

4. Ko‘p yillik barqaror moliyalashtirish. Har yillik ekspertiza ko‘p vaqt va resurs talab qiladi, olimni esa hisobot yozuvchiga aylantiradi. Loyihalar 3-5 yilga moliyalashtirilsin, oraliq baholash yengillashtirilsin. Ilmiy tashkilotlarning bazaviy maosh fondi esa tanlov natijasiga bog‘lanmasin, aks holda kuchli jamoalar bir yil omadsizlikdan tarqalib ketishi mumkin.

5. Shaxsga yo‘naltirilgan grantlar. Avstriya Fanlar akademiyasida "kuchli miya"lar, yosh olimlar va ayol olimlar uchun alohida, yaxshi moliyalanadigan dasturlar bor. Bizda ham iste’dodli tadqiqotchiga (tashkilotga emas) beriladigan 5 yillik individual grantlar joriy etilsin.

6. Akademik mobillik. Olimlarni yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish uchun oylik maoshi saqlangan holda 6-12 oylik xorijiy stajirovkalarga yuborish tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Xitoy Fanlar akademiyasi rivojida chet eldan qaytgan olimlarning hissasi katta bo‘lgan. Qaytgan vatandoshlarga "start-up" grant va laboratoriya ochish imkoniyati berilsin.

7. Mablag‘ni maqsadsiz ishlatishni to‘xtatish. Ilmiy mablag‘ni qurilish va ta’mirga sarflash taqiqlangani juda to‘g‘ri. Shu bilan birga, ilmiy jihozlar xaridida soddalashtirilgan tartib kerak: olim kerakli reaktiv yoki dasturiy ta’minotni olish uchun oylab tender kutmasligi lozim.

3. Professor-o‘qituvchining maqomi va rahbarlik madaniyati

Professor-o‘qituvchi o‘zini birovga tobe insondek tutsa, kimni tarbiyalaydi? Bu savolni 2024-yilda o‘rtaga tashlagandim, u hamon dolzarb. OTMlarga berilgan akademik erkinlik bu avvalo akademik dasturlar borasidagi erkinlikdir. Kuzatishlarimga ko‘ra, erkinlik berilgan ayrim OTMlar bu imkoniyatni boy bermoqda: rahbariyat yangi g‘oyalarga yopiq, jamoaviy qaror qabul qilish mexanizmi yo‘q.

1. Shartnomada yo‘q vazifalarga jalb qilishni taqiqlash. Professor-o‘qituvchining asosiy vazifasi talabaga chuqur bilim berish va erkin ilmiy tadqiqot olib borishdir. Uni shartnomada ko‘rsatilmagan tadbirlarga, "ma’naviy ishlar"ga, majburiy obunalarga jalb qilish uchun rahbarning shaxsiy javobgarligi belgilansin.

2. Ilmiy faoliyat uchun kafolatlangan vaqt. PF-58 OTMlarga o‘quv yuklamasi me’yorlarini o‘zi belgilash huquqini berdi. Bunda ilmiy faol o‘qituvchilar uchun yuklamani kamaytirish, har 4-5 yilda bir semestrlik ilmiy ta’til (sabbatical) berish imkoniyati nazarda tutilsin.

3. Rektorlarni tanlashning ochiq tartibi. 2026-yil 1-sentabrdan rektorlarni vazirlik tayinlaydi. Bu jarayon ham ochiq bo‘lishi kerak: nomzodlar o‘z rivojlanish dasturini jamoa oldida himoya qilsin, tanlov natijalari va mezonlari e’lon qilinsin, rektorlik muddati cheklansin. Universitetlar mustaqilligini kengaytirish va rektorni yuqoridan tayinlash o‘rtasidagi ziddiyatni shu yo‘l bilan yumshatish mumkin.

4. Kengashlarning haqiqiy vakolati. Universitet kengashi, kafedralar qarorlari "bir kishining" xohishiga bog‘liq bo‘lmasin. Muhim qarorlar (shtat, dasturlar, ilmiy yo‘nalishlar) kollegial qabul qilinib, bayonnomalari jamoaga ochiq bo‘lsin.

5. Real ijro muddatlari va mehnat qonunchiligiga rioya. 2019-yilda yozgandim: "O‘zbekistonda sutka 24 soatdan ko‘proqmi?" Ijro muddatlari nihoyatda qisqa, ijro sifatsiz bo‘lishi hammaga ma’lum, lekin "kamida qog‘ozda" aks ettirilishi talab qilinadi. Yangi vazirlik o‘z topshiriqlarida real muddatlar, dam olish kunlari yig‘ilish o‘tkazmaslik va hisobotlar sonini keskin qisqartirish tamoyilini joriy qilsa, butun tizimga namuna bo‘ladi.

6. Rahbarlarni jamoa baholashi. "Boshliq hamma narsani biladi" degan noto‘g‘ri tasavvurdan allaqachon voz kechishimiz zarur. Yiliga bir marta xodimlarning anonim so‘rovnomasi orqali rektorlar, dekanlar va bo‘lim boshliqlarining boshqaruv uslubi baholansin, natijalari ularning attestatsiyasida hisobga olinsin.

Xorijdagi malakali yurtdoshlarimiz uchun faqat yaxshi maosh kifoya emas. Ular o‘z g‘oyalarini erkin amalga oshirish imkoniyatini qidiradi. "Chidasang shu, bo‘lmasa katta ko‘cha!" degan munosabat saqlanib qolar ekan, ularni qaytarish qiyin.

4. Yosh kadrlar: magistratura va doktorantura

26-may farmonida bir qancha kutilgan yangiliklar, masalan, kirish imtihoni o‘rniga tadqiqot taqdimoti kabilar ijobiy deb hisoblayman. Endi ularni to‘ldiradigan qadamlar kerak.

1. Yosh mutaxassislarni OTTlarga qabul qilishning ochiq tartibi. 2020-yilda ham yozgandim, ya’ni OTTga ishga qabul qilish uchun aniq me’yor yo‘q, tajribali olim yoki yosh magistr tanlovi rahbariyat ixtiyorida. Bo‘sh o‘rinlar yagona portalda e’lon qilinsin, mezonlar va g‘olib nomzodning ko‘rsatkichlari ochiq bo‘lsin.

2. Assistent va postdok lavozimlari. Tayanch doktorantlarga haftasiga cheklangan soatda dars berish (teaching assistant) huquqi va qo‘shimcha haq berilsin. Himoyadan keyin 2-3 yillik postdoktorantura o‘rinlari tashkil etilsin. Hozir yosh fan nomzodi himoyadan so‘ng ko‘pincha tadqiqotdan butunlay ajralib qoladi.

3. Ilmiy-tadqiqot institutlarida magistratura. 2019-yildagi taklifimni takrorlayman: institutlarda ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘liq magistratura dasturlarini ochish, korxonalarni moliyaviy jalb qilish. "Amaliy doktorantura" yo‘lga qo‘yilgani yaxshi, endi uning magistratura bosqichi ham kerak. Bunday mutaxassislarga ish joyida tabaqalashtirilgan yuqori maosh belgilansin.

4. Ilmiy rahbarlik sifati. Rag‘bat h-indeksga bog‘langani to‘g‘ri. Shu bilan birga, muddatida himoya qilmagan shogirdlari ko‘p bo‘lgan rahbarlarga yangi doktorant berishni vaqtincha to‘xtatish mexanizmi ham kerak.

5. Maktabdan ilm-fangacha zanjir. Yangi vazirlikning eng katta afzalligi shu: iqtidorli o‘quvchini maktabda aniqlab, olimpiada, universitet va doktoranturagacha uzluksiz kuzatib borish mumkin. Bu uchun yagona "iqtidorlar reyestri" va ilmiy rahbarlar bilan erta tanishtirish dasturlari (yozgi maktablar, o‘quvchilar uchun tadqiqot loyihalari) yo‘lga qo‘yilsin.

5. Xususiy universitetlar va barqaror huquqiy asos

Oliy ta’lim majburiy emas, unga intilayotganlar voyaga yetgan yoshlardir. Ular uchun tanlov imkoniyatini kengaytirish davlatning vazifasidir. 2020-yilda nodavlat OTMlar yaxshi rivojlanishi uchun alohida qonun kerakligini yozgandim. O‘shandan beri ularning soni 74 taga, talabalari 716 mingga yetdi. Biroq talablar asosan qonunosti hujjatlari bilan, tez-tez va keskin o‘zgarib turibdi: 2025-yilda ustav jamg‘armasi kamida 2 mln dollar etib belgilandi. Vazirliklarni birlashtirishda "oliy ta’limda davlat aralashuvini keskin qisqartirish" maqsad qilingani bu masalani qayta ko‘rib chiqishga imkon beradi.

1. Yagona qonun yoki qonundagi alohida bob. Nodavlat OTMlarni ochish, litsenziyalash va yopish shartlari qonunda bir marta, hamma uchun teng belgilansin. Har bir universitet uchun alohida hukumat qarori chiqarish amaliyotidan voz kechilsin.

2. Kamida 2-3 yillik o‘tish davri. Har qanday yangi talab amaldagi OTMlarga darhol emas, oldindan e’lon qilingan o‘tish davri bilan qo‘llansin. Aks holda bunday o‘zgarishlar talabalarga zarar yetkazadi va investorni cho‘chitadi.

3. Kapital emas, sifat mezoni. Ustav jamg‘armasi va bino maydoni sifatni kafolatlamaydi. Akkreditatsiya bitiruvchilarning ish bilan bandligi, professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy natijalar kabi ko‘rsatkichlarga asoslansin.

4. Teng raqobat sharoiti. Davlat granti va ilmiy loyihalar tanlovida nodavlat OTMlar davlat OTMlari bilan teng shartlarda qatnashsin. Reyting asosidagi moliyalashtirish (PF-58) ham sifatli nodavlat OTMlarga tatbiq etilsin.

5. Ochiq ma’lumotlar. Har bir OTMning litsenziyasi, professor-o‘qituvchilar tarkibi, kontrakt narxi, bitiruvchilar bandligi va tekshiruv natijalari yagona ochiq portalda e’lon qilinsin. Abituriyent ham, ota-ona ham ongli tanlov qilishi uchun shu kifoya.

6. Ilm-fan va ishlab chiqarish, matematika va fundamental fanlar

Ilmiy natijalarni tijoratlashtirish talab qilinmoqda, bu to‘g‘ri. Ammo tayyor ishlanmalar yo‘lida byurokratik to‘siqlar, davlat korxonalaridagi eskicha munosabat, ba’zan esa korrupsion manfaatlar turibdi. Bunda olimlarning aybi yo‘qligi aniq. PF-58 dagi ilmiy klasterlar va 26-may farmonidagi soliq imtiyozlari (hamkorlik xarajatlarining 150 foizini chegirish, 3 yillik foyda solig‘idan ozod qilish) yaxshi asos yaratdi.

1. Ilm-fan va ishlab chiqarishni bog‘lovchi mutaxassislar. Olim ishlab chiqarishni, muhandis esa zamonaviy fanni yetarli bilmaydi, ular o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Universitetlar va institutlarda texnologiyalar transferi bo‘limlari professional menejerlar bilan to‘ldirilsin, ularni tayyorlash uchun maxsus magistratura dasturi ochilsin.

2. Olimning intellektual mulkdagi ulushi. Tijoratlashtirilgan ishlanmadan tushgan daromadning aniq ulushi (masalan, kamida uchdan biri) muallif-olimga tegishli ekani qonun bilan kafolatlansin. Bu eng kuchli rag‘batdir.

3. Natijalarni kuzatish. Davlat mablag‘i hisobidan bajarilgan loyihalar natijasi qayerda joriy etilgani va qanday iqtisodiy foyda bergani ochiq reyestrda yuritilsin. Bu rasmiyatchilik uchun emas, kelgusi tanlovlarda tajribani hisobga olish uchun kerak.

4. Fundamental fandan darhol daromad kutmaslik. Ilm-fanga ajratilgan mablag‘ o‘zini oqlay boshlashi vaqt talab qiladi. "Vaqt tig‘iz" deb shoshilinch xulosalar chiqarish yaramaydi. Yo‘l xaritalarida real muddatlar ko‘rsatilsin.

5. Matematika - tizimli fikrlash maktabi. Yagona vazirlik maktab va universitetni birlashtirdi. Bu imkoniyatdan foydalanib, universitet matematiklarini maktab darsliklari ekspertizasiga, o‘qituvchilar malakasini oshirishga va olimpiada tayyorgarligiga tizimli jalb qilish kerak. Maktab matematika o‘qituvchisi va universitet olimi o‘rtasidagi uzilish bartaraf etilsa, iqtidorlar oqimi o‘z-o‘zidan ko‘payadi.

6. Fanlar akademiyasi institutlarining yangilanishi. Avstriya tajribasida institutlar ilm-fandagi yangi yo‘nalishlarga moslashib boradi. Bizda ham har 5 yilda institutlar faoliyati xalqaro ekspertlar tomonidan baholansin, natijasiga ko‘ra yo‘nalishlar yangilansin yoki birlashtirilsin. Asosiysi, shu jarayonni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olish.

7. Ilmiy nashrlar va ilmiy etika

Bir yo‘nalishdagi mutaxassis boshqa yo‘nalishdagi maqolani xolis taqrizdan o‘tkazishi amrimahol. O‘shanda "OAK Byulleteni"ning qog‘ozda chop etilishi ham faqat xarajat ekanini aytgandim. 26-may farmoni bilan mavzularni ro‘yxatga olish va avtoreferat chop etish bekor qilindi — bu ham to‘g‘ri qadam. Ammo nashrlar sifati masalasi hal bo‘lgani yo‘q.

1. OAK tavsiya etgan nashrlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish. Ro‘yxatda faqat haqiqiy tahrir hay’ati, ochiq taqriz siyosati va muntazam chiqish tarixiga ega jurnallar qolsin. Kiritish mezonlari va har bir jurnalning baholash natijasi e’lon qilinsin.

2. Milliy jurnallarni xalqaro darajaga olib chiqish. 10-15 ta yetakchi milliy jurnalga xalqaro bazalarga kirish uchun moliyaviy va texnik yordam (xalqaro tahrir hay’ati, ingliz tilidagi versiya, raqamli platforma) ko‘rsatilsin.

3. "Yirtqich" jurnallarga qarshi choralar. Shubhali jurnallardagi maqolalar dissertatsiya va lavozim attestatsiyasida hisobga olinmasligi aniq belgilansin. Bunday jurnallarni aniqlash mezonlari ochiq bo‘lsin.

4. Yagona raqamli ilmiy profil. Farmonda olimlar faoliyatini kuzatishning yagona raqamli tizimi rejalashtirilgan. U ORCID va xalqaro bazalar bilan avtomatik bog‘lansin, olimdan qayta-qayta qog‘oz hisobot talab qilinmasin.

5. Ilmiy etika kodeksi va mustaqil etika komissiyasi. Plagiat, soxta hammualliflik, "egizak" dissertatsiyalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqadigan, qarorlari ochiq e’lon qilinadigan mustaqil komissiya tuzilsin. Plagiat tekshiruvi natijasi himoyadan oldin portalga joylansin.

Islohotlarning yo‘nalishi to‘g‘ri tanlangan, endi hammasi ijroga bog‘liq. Takliflarimning umumiy g‘oyasi bitta — ochiqlik, xolis ekspertiza va real muddatlar. Bu uch narsa qo‘shimcha byudjet talab qilmaydi, lekin har qanday qarorning samarasini bir necha barobar oshiradi.

Soha vakillari bilan muhokama qilinmagan qaror, qanchalik yaxshi niyatda qabul qilinmasin, ijroda kutilgan natijani bermaydi. Shuning uchun har bir muhim hujjat loyihasini ommaviy muhokamaga qo‘yish, olimlar fikrini eshitish amaliyotini davom ettirish zarur.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.