Tailand O‘zbekiston uchun vizasiz rejimni qaytarishi mumkin. TIV muzokaralar olib bormoqda
Tailand viza rasmiylashtirishdagi murakkabliklarni inobatga olib, O‘zbekiston va boshqa davlatlar sayyohlari uchun vizasiz rejimni qaytarmoqchi. Vizasiz qolish muddatini 15 kun etib belgilash taklif etilmoqda. O‘zbekiston TIVning Gazeta`ga ma’lum qilishicha, bu borada bir necha haftadan beri muzokara ketmoqda.

Tailand O‘zbekiston uchun vizasiz tartibni qayta tiklashi mumkin. TIV muzokara olib bormoqda
Tailand Turizm va sport vazirligi O‘zbekiston, shuningdek, Kolumbiya va Meksikadan keladigan sayyohlar uchun vizasiz rejimni qaytarish tarafdori bo‘lib, vizasiz qolish muddatini 15 kun etib belgilashni taklif qilmoqda.
Bu qaror 15-sentabrdan boshlab 93 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz kirish tartibi bekor qilingach, viza arizalarini tezkor ko‘rib chiqishdagi muammolar va sayyohlar oqimining kamayishi bilan izohlanmoqda.
Turizm va sport vaziri Surasak Pxancharoyenvorakul vazirlik turli mamlakatlarga daxldor vizalarning surunkali kechikishidan xabardor ekanini tasdiqladi. Shu sababli vazirlik 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda Viza siyosati bo‘yicha qo‘mitaga “xavfsizlik uchun xavf darajasi past” bo‘lgan davlatlar uchun 15 kunlik vizasiz kirishni joriy etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqchi.
Vazirlik, shuningdek, viza olish uchun Tailandning Moskvadagi elchixonasiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari uchun tartib-taomillar nihoyatda murakkablashganidan xabardor ekanini bildirdi.
“Bu og‘ir jarayon mahalliy turagentlarni Tailand bo‘yicha sayyohlik paketlarini bekor qilib, Vetnam kabi raqobatdosh yo‘nalishlarni tanlashga majbur qildi”, — deb yozadi nashr.
“Taklif etilayotgan viza siyosatidagi islohotlar ana shunday muammolarni bartaraf etish, keluvchi mehmonlar uchun qulay sharoit yaratish hamda xalqaro turoperatorlar va aviakompaniyalar ishonchini qayta tiklashga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Tailand tomonidan viza rejimi joriy etilishidan oldinroq Gazeta`ga idora mamlakat fuqarolari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi.
“Biz bu tartibni o‘zgartirish bo‘yicha Tailand tomoni bilan muzokaralar olib boryapmiz”, — degandi u.
TIV vakili Gazeta so‘roviga javoban, O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi so‘nggi oylarda viza rejimini yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib borganini ta’kidladi. Chorshanba, 28-oktabr kuniga Tailand TIV bilan muzokaralar belgilangan.

