Tadbirkorlar uchun reklama peshlavhalariga sarflanadigan elektr energiyasi toʻlovi kamaytirilishi mumkin

Tadbirkorlar uchun reklama peshlavhalariga elektr energiyasi toʻlovi kamaytirilishi mumkin
Oʻzbekistonda tadbirkorlar uchun elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanish bilan bogʻliq bir qator tartib-taomillarni soddalashtirish taklif etildi. Xususan, majburiy yoritish, peshlavhalar va boshqa belgilar uchun foydalaniladigan elektr energiyasi toʻlovida uch baravar oshiruvchi koeffitsiyentni bekor qilish, shuningdek, biznesga aniqlangan qoidabuzarliklarni moliyaviy sanktsiyalar qoʻllanilmagan holda ixtiyoriy ravishda bartaraf etish imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda.
Tegishli oʻzgartirishlarni hukumatning ayrim qarorlariga kiritish taklif etilmoqda. Loyiha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.
Loyihaga koʻra, moliyaviy sanktsiya qoʻllanilgunga qadar vakolatli organ tadbirkorga qoidabuzarlikni bartaraf etish va yetkazilgan zararni toʻliq qoplash toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatma berishi kerak boʻladi. Buning uchun kamida 10 ish kuni ajratiladi.
Agar tadbirkor koʻrsatmani toʻliq bajarsa, qoidabuzarlikni bartaraf etsa va zararni belgilangan muddatda qoplasa, moliyaviy sanktsiya qoʻllanilmaydi. Agar talablar bajarilmasa yoki lozim darajada bajarilmasa, vakolatli organ jarima choralarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin boʻladi.
Bundan tashqari, yuqori texnogen xavfli zonalarning kadastr pasportlarini rasmiylashtirishni toʻliq elektron shaklga oʻtkazish taklif etilmoqda. Arizani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali topshirish mumkin boʻladi.
Ariza topshirilgan kuni avtomatik ravishda roʻyxatdan oʻtkaziladi. Ariza beruvchidan davlat organlarida mavjud boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi — ular idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali olinadi.
Taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligini vakolatli organ ikki ish kuni ichida tekshiradi. Agar bartaraf etilishi mumkin boʻlgan kamchiliklar aniqlansa, ariza beruvchiga elektron bildirishnoma yuboriladi va ularni tuzatish uchun besh ish kuni beriladi.
Arizaning oʻzi va ilova qilingan hujjatlar 10 ish kuni ichida koʻrib chiqilishi kerak. Shundan soʻng kadastr pasporti davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkaziladi yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Rasmiylashtirilgan hujjat QR-kod va elektron raqamli imzo bilan elektron shaklda roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir ish kuni ichida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Loyihaning jamoatchilik muhokamasi 14 oktyabrgacha davom etadi.

