Suzish boʻyicha Italiya chempioni Shomurodovning futbolkasida startga chiqdi va oʻzbekistonlik muxlislar qalbini zabt etdi

Suzish boʻyicha Italiya chempioni Shomurodovning futbolkasida startga chiqdi va oʻzbekistonlik muxlislarni maftun etdi
Italiyalik suzuvchi Alberto Radzetti Toshkentda oʻtkazilayotgan suzish boʻyicha Jahon kubogi bosqichining startida Oʻzbekiston terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning 14-raqami va familiyasi tushirilgan futbolkada paydo boʻldi. Sovrindor sportchining bu kutilmagan harakati tribunalarda qizgʻin munosabat uygʻotdi. Radzettining oʻzi 200 metrga kompleks suzish masofasida toʻrtinchi boʻlib marraga yetib keldi.
Radzetti — jahon chempioni va Yevropa chempionatlarining koʻp karra sovrindori. Start oldidan u oʻzbekistonlik futbolchining futbolkasini kiyib, mahalliy muxlislarni xursand qildi. Shomurodov italiyalik sport ishqibozlariga yaxshi tanish: hujumchi Italiya chempionatida qariyb besh yil davomida "Djenoa", "Roma", "Spetsiya" va "Kalyari" klublarida toʻp surgan.
31 yoshli forvard Oʻzbekiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi toʻpurar hisoblanadi. Hozirda u Turkiyaning "Istanbul Bashakshexir" klubi sharafini himoya qilmoqda. 2026 yilning yozida Shomurodov mamlakat terma jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk golini urib, Oʻzbekiston futboli tarixiga ham kirdi.
Biroq bu safar barcha eʼtibor basseynga qaratildi. Radzetti 200 metr masofani kompleks suzishda 1 daqiqa 52,53 soniyada bosib oʻtdi va toʻrtinchi oʻrinni egalladi.
Amerikalik Sheyn Kasas 1:51,81 natija bilan gʻolib boʻldi. Ikkinchi oʻrinni yetakchiga 0,40 soniya boy bergan uning vatandoshi Karson Foster egallagan boʻlsa, kanadalik Finli Noks 0,52 soniya ortda qolib, uchinchi boʻlib marraga yetib keldi.
Italiyalik sportchi shohsupaga koʻtarila olmagan boʻlsa-da, uning Shomurodov futbolkasida chiqishi Toshkentdagi musobaqalarning eng esda qolarli lahzalaridan biriga aylandi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Shomurodovning golini 2026 yilgi jahon chempionatidagi eng goʻzal ikkinchi gol deb tan oldi.

