Suyultirilgan gaz taʼminotida yangi tartib joriy etiladi
Oʻzbekistonda suyultirilgan gaz taʼminotiga bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, raqobat muhitini shakllantirish va kross-subsidiyalash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechish belgilandi.

Suyultirilgan gaz taʼminotida yangi tartib joriy etiladi
Prezidentning «Aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash sohasidagi funksiyalarni ixtisoslashtirish, faoliyatning moliyaviy shaffofligini taʼminlash hamda bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida «Hududgaztaʼminot» AJ taʼsischiligida LPG-Trade MCHJ tashkil etiladi.
Islohotlar doirasida aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish ustuvor vazifa etib belgilanadi.
Shuningdek, respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz, korxonalarning oʻz shoxobchalarida sotiladigan hajmlar bundan mustasno, faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi.
Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beruvchi korxonalar esa mahsulotni birja savdolaridan yoki import orqali toʻgʻridan toʻgʻri xarid qilish imkoniga ega boʻladi.
Aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz taʼminoti tizimiga xususiy sektor ham bosqichma-bosqich jalb qilinadi. Bu orqali sohada raqobat muhitini shakllantirish koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, suyultirilgan gaz taʼminotidagi kross-subsidiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari davlat tomonidan moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanadi.
Mazkur choralar aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz taʼminlash tizimining barqarorligini oshirishga qaratilgan.

