Suvni ifloslantiruvçi korxonalar yaqinida kamyob miya kasalligi köproq aniqlandi
Suvga zararli moddalar çiqaradigan sanoat korxonalariga yaqin yaşagan odamlarda kamyob neyrodegenerativ kasallik köproq qayd etildi. Yangi tadqiqotga köra, aniqlangan boğliqlik ifloslantiruvçi moddalar turi, uyning korxonadan uzoqligi va odam şu manzilda qança vaqt yaşaganiga qarab farqlangan. Biroq bu natijalar ifloslaniş kasallikka bevosita sabab bölişini isbotlamaydi.

Suvni ifloslantiruvchi korxonalar yaqinida kamyob miya kasalligi ko‘proq aniqlangan
Garvard tibbiyot maktabi hamda AQSh va Buyuk Britaniyadagi boshqa ilmiy muassasalar tadqiqotchilari sanoat korxonalari yaqinida yashash bilan progressiv supranuklear falaj o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni o‘rgandi.
Xalqaro qisqartmasi PSP bo‘lgan mazkur xastalik Stil–Richardson–Olševskiy sindromi nomi bilan ham ma’lum. Bu asab hujayralarining tobora zararlanishi bilan kechadigan, harakatlanish, muvozanat va asab tizimining boshqa vazifalarini buzadigan kamyob kasallikdir. Hozircha uni to‘liq davolaydigan usul topilmagan.
PSP atipik parkinsonizm deb ataladigan kasalliklar guruhiga kiradi. Uning ayrim belgilari Parkinson kasalligiga o‘xshaydi, ammo odatda tezroq rivojlanadi va davolashga boshqacha javob beradi.
Kasallikning aniq sabablari hali ma’lum emas. Olimlar zaharli moddalar ta’sirini ehtimoliy xavf omillaridan biri sifatida o‘rganmoqda.
Yangi ishda Buyuk Britaniya Biobanki ma’lumotlaridan foydalanilgan. Bu yirik loyiha ishtirokchilari tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan, keyin esa ularning salomatligi uzoq muddat kuzatib borilgan.
Tahlilga PSP tashxisi qo‘yilgan 221 kishi kiritilgan. Ularning ma’lumotlari yoshi va jinsi bo‘yicha mos keladigan, ushbu kasallik aniqlanmagan 2249 ishtirokchidan iborat nazorat guruhi bilan taqqoslangan.
PSP aniqlangan guruhdagi ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 63 yosh bo‘lgan. Ularning 41,2 foizini ayollar tashkil etgan.
Ifloslantiruvchi moddalarning ehtimoliy ta’sirini baholash uchun olimlar ishtirokchilarning yashash manzillarini Yevropa ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishi va ko‘chirilishi reyestrining 2007-yilgi ma’lumotlari bilan solishtirgan.
Ushbu reyestrda atrof-muhitga turli moddalar chiqarishi haqida hisobot beradigan sanoat obyektlari qayd etilgan. Ular orasida oqova suvlarni tozalash inshootlari, kimyo korxonalari, issiqlik elektr stansiyalari va intensiv baliq yetishtirish xo‘jaliklari ham bo‘lgan.
Ko‘rsatilgan manzilda bir yildan kam yashagan odamlar tahlilga kiritilmagan.
Eng sezilarli bog‘liqlik to‘rt toifadagi ifloslantiruvchi moddalar bilan bog‘liq korxonalar yaqinida yashovchilarda kuzatilgan. Hisob-kitoblarda ishtirokchilarning yoshi, jinsi, ta’lim darajasi va boshqa omillar ham inobatga olingan.

