Layfstayl

Sut bezi salomatligi haqida nimalarni bilish kerak. JSST tavsiyalari

Ayol koʻkragidagi qanday oʻzgarishlar shifokorga murojaat qilishni talab etadi, erta tashxis qoʻyish skriningdan nimasi bilan farq qiladi va onkologik kasallik xavfini qanday kamaytirish mumkin? Oktyabr — koʻkrak bezi saratoni haqida xabardorlikni oshirish oyida «Gazeta» JSSTning oʻzini oʻzi tekshirish va tibbiy yordam olish boʻyicha tavsiyalarini taqdim etadi.

Sut bezi salomatligi haqida nimalarni bilish muhim: JSST tavsiyalari

Sut bezi saratoni — dunyoda ayollar oʻrtasida eng koʻp tarqalgan saraton turidir. Oʻzbekistonda ham u ayollarning onkologik kasalliklardan vafot etishi sabablari orasida birinchi oʻrinni egallaydi. Saratonni oʻrganish boʻyicha xalqaro agentlik baholashiga koʻra, 2024 yilda mamlakatda 4793 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, 2085 nafar ayol esa ushbu kasallikdan vafot etgan.

Shu bilan birga, aksariyat hollarda sut bezi saratoni davolanadi, ayniqsa, agar kasallik erta bosqichda aniqlansa va terapiya oʻz vaqtida boshlansa.

Sut bezi saratoni koʻkrakning oʻzgargan hujayralari anomal darajada tez boʻlina boshlaganda yuzaga keladi. Ular shishlar (zichlashishlar) hosil qilishi yoki boshqa oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin. Rivojlanib borishi bilan oʻsimta atrofdagi toʻqimalarga, qoʻltiq osti va oʻmrov usti sohasidagi limfa tugunlariga, keyin esa boshqa aʼzolarga tarqalishi mumkin.

«Shuni yodda tutish muhim: koʻkrakdagi shish har doim ham saraton boʻlavermaydi. Biroq uning tabiatini faqat paypaslab aniqlash imkonsiz. Har qanday yangi shish, toʻqimaning qalinlashishi yoki sut bezlaridan biridagi boshqa gʻayrioddiy oʻzgarishlar, hatto ogʻriq bermasa ham, tibbiyot xodimi tomonidan tekshirilishi kerak», — deya taʼkidladi JSST.

«Koʻkrakdagi shishlarning aksariyati saraton emas. Ammo agar shish saraton bilan bogʻliq boʻlsa, oʻsimta kichik boʻlgan va hali limfa tugunlariga tarqalmagan paytda muvaffaqiyatli davolanish imkoniyati ancha yuqori boʻladi», — deb qayd etdi JSST.

Sut bezi saratoni holatlarining aksariyatini ayollar oʻzlari mustaqil ravishda aniqlaydilar — jumladan, tashkillashtirilgan mammografik skrining dasturlari mavjud boʻlgan mamlakatlarda ham.

«Shu bois har bir ayol oʻz organizmining xususiyatlarini bilishi, sut bezlari odatda qanday koʻrinishi va sezilishini tushunishi, har qanday oʻzgarishlarni payqashi va ularga imkon qadar erta munosabat bildirishi muhimdir», — deya taʼkidladi JSST.

Qayd etilishicha, koʻkrakni mustaqil tekshirishda texnika emas, balki muntazamlik asosiy omil hisoblanadi. Har oyning muayyan bir kunini tanlab, tekshiruvni har safar aynan shu kuni oʻtkazish tavsiya etiladi. Hayz koʻrish tsikli mavjud ayollarga mustaqil tekshiruvni hayz tugaganidan keyin taxminan yetti kun oʻtgach oʻtkazish tavsiya etiladi, menopauzadan keyingi ayollar esa har oyning oson eslab qolinadigan sanasini tanlashlari lozim.

Tekshiruv vaqtida ikkala sut bezini ham diqqat bilan koʻzdan kechirish va paypaslab koʻrish, ularni bir-biri bilan solishtirish zarur.

«Agar siz gʻayrioddiy, boshqa koʻkrakdagi mos sohadan farq qiladigan biror narsani payqasangiz yoki sizni biror narsa bezovta qilsa, oʻzgarishlar ogʻriq bilan kechmasa ham, shifokorga murojaat qiling», — deb qayd etdi JSST.

Mustaqil tekshiruv oʻzgarishlarni payqashga yordam beradi, biroq tashxis qoʻyish imkonini bermaydi va tibbiy koʻrik oʻrnini bosa olmaydi.

Asosiy xavf omillari — ayol jinsi va yoshdir. Reproduktiv omillar ham sezilarli rol oʻynaydi: homiladorliklar sonining kamligi, birinchi homiladorlikning kech boʻlishi, hayz koʻrishning erta boshlanishi va kech menopauza.

Irsiyat esa keng tarqalgan tasavvurlarga qaraganda kamroq rol oʻynaydi. Mutaxassislarning baholashicha, sut bezi saratoni holatlarining atigi 3 foizidan 6 foizigacha boʻlgan qismi genetik moyillik bilan bogʻliq.

JSST alkogolga alohida eʼtibor qaratadi. Uning hatto oz miqdori ham sut bezi saratoni xavfini oshiradi: inson qancha kam ichsa, alkogol bilan bogʻliq xavf shunchalik past boʻladi.

JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham oʻz ichiga oluvchi mintaqada alkogol isteʼmol qilish bilan bogʻliq 180 mingga yaqin saraton holati va onkologik kasalliklardan 92 mingta oʻlim holati qayd etilgan.

«Biroq xavfni kamaytirish masʼuliyatini toʻliq alohida bir inson zimmasiga yuklab qoʻyish mumkin emas, — deb qayd etdi tashkilot. — Alkogol, tamaki va zararli oziq-ovqat mahsulotlarining targʻib qilinishi, jumladan, aholining zaif qatlamlari oʻrtasida ham, salomatlik foydasiga tanlov qilishni qiyinlashtiradi. Inson yashaydigan sharoitlar ham muhim: ishonchli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati, sogʻlom turmush tarzini olib borish va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlari».

Erta tashxis qoʻyish — bu saratonni alomatlar paydo boʻlganidan koʻp oʻtmay aniqlashdir. Bu ayollarning xavotirli belgilardan xabardorligiga, tibbiyot xodimlarining qanchalik tez munosabat bildirishiga va uzoq kutishlarsiz tekshiruvdan oʻtish imkoniyati mavjudligiga bogʻliq.

Skrining — sezilarli belgilar paydo boʻlguniga qadar kasallikni aniqlash uchun alomatlari boʻlmagan odamlarni tekshirishdir. Sut bezi saratoni skriningi uchun mammografiya va sut bezlarining klinik koʻrigi qoʻllaniladi. Ishtirokchilarning yoshi, tekshiruvlar oraligʻi va tartibi milliy dastur tomonidan belgilanadi.

Sifatli tashkil etilgan skrining dasturi haqiqatan ham hayotni saqlab qolishi mumkin. Biroq skrining faqat shubhali oʻzgarishlar aniqlangandan soʻng ayol tezkorlik bilan qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtishi, tashxis olishi va agar zarur boʻlsa, davolanishi mumkin boʻlgan taqdirdagina foyda keltiradi.

Shu bilan birga, skrining muayyan xavflarni ham keltirib chiqaradi: soxta ijobiy natijalar (tekshiruv muammo boʻlmagan joyda uni koʻrsatishi mumkin); soxta salbiy natijalar (baʼzan, aksincha, kasallik eʼtibordan chetda qolishi mumkin), xavotir va stress. Ayolga qoʻshimcha tekshiruvlar va muolajalar, jumladan, invaziv muolajalar tayinlanadigan va yakunda ular keraksiz boʻlib chiqadigan vaziyatlar ham uchraydi.

«Shu bois skrining dasturlari barcha bosqichlarda: tekshiruvlarni oʻtkazishdan tortib natijalarni baholashgacha qatʼiy sifat nazoratini talab qiladi. Agar bunday nazorat tizimi boʻlmasa, mammografik skrining foydadan koʻra koʻproq zarar keltirishi mumkin», — deya taʼkidladi JSST.

Shu sababli JSST 50 yoshdan kichik ayollarga mammografik skriningni tavsiya etmaydi.

«Agar sizni tashkillashtirilgan skrining dasturida ishtirok etishga taklif qilishsa, ushbu imkoniyatni koʻrib chiqing va barcha savollarni tibbiyot mutaxassisi bilan muhokama qiling. Agar sizda alomatlar paydo boʻlgan boʻlsa, skrining taklifini kutib oʻtirmang. Imkon qadar tezroq tibbiy yordamga murojaat qiling», — deya chaqirdi tashkilot.

Birinchi qadam koʻrikni oʻtkazadigan oilaviy shifokorga murojaat qilish boʻlishi mumkin.

Sut bezi kasalliklari boʻyicha mutaxassis tomonidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mammografiya va ultratovush tekshiruviga yoʻllanma soʻrash kerak.

Tekshiruv natijalari xavotirga oʻrin yoʻqligini koʻrsatishi mumkin. Biroq baʼzi hollarda biopsiya — laboratoriya tadqiqoti uchun toʻqimadan kichik namuna olish talab etiladi. Faqat biopsiyagina saraton bor yoki yoʻqligini aniq belgilash imkonini beradi.

Erta davolash odatda yengilroq kechadi va yaxshiroq natijalar beradi. Sut bezi saratonini davolash qanchalik erta boshlansa, sogʻayish imkoniyati shunchalik yuqori boʻladi.

Davolash jarrohlik aralashuvi, nur terapiyasi, kimyoterapiya, gormonal terapiya yoki ushbu usullarning kombinatsiyasini oʻz ichiga olishi mumkin.

Eng yaxshi natijalarga erishish uchun butun mutaxassislar jamoasi: jarrohlar, onkologlar, radioterapevtlar, patologlar va boshqa tibbiyot xodimlarining yaqin hamkorligi zarur.

«Sut bezi saratoni» tashxisi nafaqat jismoniy holatga taʼsir qiladi. Ayollar koʻpincha qoʻrquv, xavotir, stress va noaniqlikka duch keladilar.

«Hech kim bu yoʻlni yolgʻiz bosib oʻtmasligi kerak. Tibbiyot xodimlari, oila, doʻstlar, bemorlar tashkilotlari va oʻzaro yordam guruhlari tomonidan koʻrsatiladigan psixologik va psixosotsial qoʻllab-quvvatlash sut bezi saratonida kompleks yordamning muhim qismi hisoblanadi», — deya taʼkidladi JSST.

«Agar siz qiyinchiliklarga duch kelayotgan boʻlsangiz, sizni davolayotgan jamoa bilan mavjud qoʻllab-quvvatlash turlari haqida gaplashing yoki onkologik jamoat tashkilotlariga murojaat qiling», — deya chaqirdi tashkilot.

Sut bezi saratoniga qarshi kurashish uchun ayollarni shunchaki tekshiruvdan oʻtishga chaqirishning oʻzi kifoya qilmaydi: ular murojaat qilgandan soʻng barcha zarur yordamni oʻz vaqtida olishlari muhim, deb qayd etdi tashkilot.

Birinchi boʻgʻin mutaxassislari shubhali oʻzgarishlarni tanib olishlari va bemorlarni tekshiruvga yoʻnaltirishlari, nur tashxisi mutaxassislari esa tadqiqot natijalarini toʻgʻri talqin qilishlari kerak. Sogʻliqni saqlash tizimi ayollarning tashxisdan davolanishga kechikishlarsiz oʻtishini va bu yoʻlda yoʻqolib qolmasligini taʼminlashi lozim.

JSST Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda ushbu faoliyatni qoʻllab-quvvatlayotganini qayd etdi.

Mamlakatning barcha hududlaridan kelgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami mutaxassislari uchun xavf omillari va xavotirli belgilarni aniqlash, sut bezlarini klinik tekshirish, bemorlar bilan muloqot qilish va keyingi tekshiruvlarga oʻz vaqtida yoʻnaltirish boʻyicha treninglar oʻtkazildi.

Oʻqitishda Buyuk Britaniya Milliy sogʻliqni saqlash xizmatining sut bezi saratoni skriningi dasturi, Oksford universiteti shifoxonalari va St George’s sut bezi kasalliklari boʻyicha milliy taʼlim markazi ekspertlari ishtirok etdilar.

Nur tashxisi mutaxassislari mammografiya boʻyicha amaliy tayyorgarlikdan oʻtdilar.

U tekshiruv vaqtida bemorni toʻgʻri joylashtirish, tasvirlar sifatini taʼminlash va ularni xalqaro standartlar boʻyicha talqin qilishni oʻz ichiga oldi. Shuningdek, murakkab klinik holatlar va tomosintezni qoʻllash masalalari koʻrib chiqildi. Qoʻshimcha treninglar mammografik tadqiqotlarni baholash va skrining dasturlarini takomillashtirishga bagʻishlandi.

Ishlarning salmoqli qismi «Oʻzbekistonda onkologiya xizmatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash» loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida amalga oshirilmoqda. U Islom taraqqiyot banki va mamlakat hukumati tomonidan moliyalashtirilib, Sogʻliqni saqlash vazirligi va JSST bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Loyihadan koʻzlangan maqsad — birlamchi tibbiy-sanitariya yordami mutaxassislari shubhali holatlarni oʻz vaqtida aniqlab, bemorlarni tekshiruvga yoʻnaltiradigan, nur tashxisi xizmatlari aniq tashxis qoʻyishni taʼminlaydigan, axborot tizimlari keyingi kuzatuvni qoʻllab-quvvatlaydigan, ayollar esa ortiqcha kechikishlarsiz zarur davolanishni oladigan yaxlit tizimni yaratishga koʻmaklashishdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.