Mahalliy

Surxondaryoda Gentra poyezd bilan to‘qnashdi, ikki kishi halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida Gentra poyezd bilan to‘qnashib, ikki ayol halok bo‘ldi. Haydovchi va 2 yoshli qizcha jarohatlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar surishtiruv boshlandi. Mahalliy aholi kesishmaga shlagbaum qo‘yishni so‘ramoqda.

Surxondaryoda Gentra poyezd bilan to‘qnashdi, ikki kishi halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida Gentra avtomobili poyezd bilan urishishi oqibatida ikki kishi vafot etdi.

Voqea 29-avgust kuni soat 17:13 lar atrofida Denov tumanidagi Ozod mahallasi hududidan o‘tuvchi qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida yuz bergan.

Surxondaryo viloyati Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi Sariosiyo bo‘linmasi PPX saf bo‘linmasi komandiri Nurali Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, to‘qnashuv haydovchining e’tiborsizligi sabab yuzaga kelgan.

Dushanbe — Volgograd yo‘nalishida harakatlanayotgan tranzit poyezd temir yo‘l kesishmasidan o‘tayotgan Gentra avtomobili bilan to‘qnashgan. Hodisa natijasida avtomobil ichidagi 47 va 30 yoshli ikki nafar ayol yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Mashina ichida bo‘lgan 2 yoshli qizcha va haydovchi jarohat olgan. Ular Denov tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib borilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi ekani bildirildi.

Guvohlarning aytishicha, haydovchi yo‘l qoidalariga amal qilmagan. Mahallada yashovchi Alimardon Boboyev so‘zlariga ko‘ra, avtomobil avval to‘xtagan, so‘ng biroz orqaga harakatlanib, yana yo‘lda davom etgan. Shundan keyin poyezd avtomobilga urilgan. Hodisadan so‘ng mahalliy aholi haydovchi va avtomobil ichidagi qizchani qutqarib, shifoxonaga yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mahalliy aholi ushbu temir yo‘l kesishmasiga shlagbaum o‘rnatish yoki navbatchi qo‘yishni so‘ramoqda. Shuningdek, to‘qnashuv oqibatida shikastlangan elektr ustunini ham almashtirish zarurligi aytilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.