Superliga. “Paxtakor” safarda, “Neftchi” o‘z maydonida g‘alaba qozondi

Superliga. “Paxtakor” safarda, “Neftchi” o‘z maydonida g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 21-turidan joy olgan ikki uchrashuv yakuniga yetdi.
**“Neftchi” — “Surxon”**
Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi o‘z maydonida Termizning “Surxon” klubini qabul qildi. Bellashuv farg‘onaliklarning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugadi.
Birinchi bo‘limning 12-daqiqasida Vladimir Yovovich raqib darvozasini ishg‘ol qilib, mezbonlarni oldinga olib chiqdi. 31-daqiqada Stipe Peritsa penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan, aniqrog‘i 47-daqiqada mehmonlar futbolchisi Kamronbek Yusupov farqni qisqartirdi. Shuni ham qayd etish kerakki, uchrashuvning 64-daqiqasida “Neftchi” hujumchisi Stipe Peritsa qizil kartochka olib, maydonni erta tark etdi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va “Neftchi” Superliganing 21-turida muhim g‘alabani qo‘lga kiritib, 3 ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
O‘zbekiston Superligasi, 21-tur
“Neftchi” — “Surxon” 2:1
Gollar: 1:0 — Yovovich (12), 2:0 — Peritsa (31, penalti), 2:1 — Yusupov (47).
Chetlatish: Peritsa (64, “Neftchi”).
**“OKMK” — “Paxtakor”**
Turning yana bir qiziqarli uchrashuvi Olmaliqda bo‘lib o‘tdi. Unda “OKMK” jamoasi Toshkentning “Paxtakor” klubi bilan kuch sinashdi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechgan bahsda mehmonlar 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
O‘yinning 4-daqiqasidayoq Ayman Husayn poytaxtliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 24-daqiqada Ibrohim Ibragimov jamoaning ikkinchi golini urdi. 65-daqiqada Doston Hamdamov uchinchi golni kiritib, hisobni yiriklashtirdi. Uchrashuv oxiriga yaqin mezbonlar vakili Giorgi Papava bitta javob golini urishga muvaffaq bo‘ldi — 1:3.
O‘zbekiston Superligasi, 21-tur
“OKMK” — “Paxtakor” 1:3
Gollar: 0:1 — Husayn (4), 0:2 — Ibragimov (24), 0:3 — Hamdamov (65), 1:3 — Papava (82).

