Superliga. “Neftchi” vodiy derbisida g‘alaba qozondi, “So‘g‘diyona” kambek evaziga “Surxon”dan ustun keldi

Superliga: "Neftchi" vodiydagi derbida zafar quchdi, "So‘g‘diyona" esa "Surxon" ustidan irodali g‘alabaga erishdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 17-turida bir qator qiziqarli bahslar bo‘lib o‘tdi.
**"Andijon" — "Neftchi"**
Kunning dastlabki o‘yini Andijondagi "Bobur Arena"da bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon "Andijon" jamoasi Farg‘onaning "Neftchi" klubi bilan kuch sinashdi.
Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi, 53-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. Alisher Odilov kuchli zarba bilan to‘pni pastki burchakka aniq yo‘lladi. Asosiy vaqtning so‘nggi 10 daqiqasida farg‘onaliklar farqni ikkitaga oshirdi. Odilovning uzatmasidan so‘ng Stipe Peritsa bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi. 90+3-daqiqada Koffi Kuao jamoasining uchinchi golini kiritdi. U chap oyoqda darvozaga to‘pni mixlab qo‘ydi va debyut uchrashuvidayoq chiroyli gol muallifiga aylandi — 0:3.
Ushbu g‘alabadan so‘ng "Neftchi" ochkolari sonini 42 taga yetkazib, turnir jadvalida yakka peshqadamlik qilmoqda. "Andijon" esa 21 ochko bilan 8-o‘rinda bormoqda.
"Neftchi" 18-tur doirasida "Buxoro" maydoniga safar qiladi. "Andijon" esa Muborakning "Mash’al" jamoasi bilan bahs olib boradi.
**O‘zbekiston Superligasi, 17-tur**
**"Andijon" — "Neftchi" 0:3**
**Gollar:** 0:1 — Odilov (53), 0:2 — Peritsa (81), 0:3 — Kuao (90+3).
**"Surxon" — "So‘g‘diyona"**
Turning yana bir uchrashuvi Olmaliqda bo‘lib o‘tdi. "Surxon" "OKMK" maydonida Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasini qabul qildi. Uchrashuv 1:3 hisobida mehmonlar g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 21-daqiqasida "Surxon" hisobni ochdi. Tornike Dzebniauri Farruxjon Qodirovni qulay vaziyatga chiqardi. Hujumchi Milan Mitrovich qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi. Bahsning ikkinchi bo‘limini mehmonlar tezkor gol bilan boshladi. Lyupcho Doriyevning jarima maydonchasiga uzatgan to‘pini Samandar Mavlonqulov boshi bilan darvozaga joylab, muvozanatni tikladi. 59-daqiqada esa Doriyevning pasidan so‘ng Ollabergan Karimov jizzaxliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Zaxiradan maydonga tushgan bosniyalik futbolchi Dzenan Zaymovich 90-daqiqada o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi — 1:3.
Ushbu g‘alabadan so‘ng "So‘g‘diyona" 21 ochko bilan turnir jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarildi. "Surxon" esa 18 ochko bilan 13-pog‘onadan joy olgan.
"Surxon" 18-tur doirasida "Paxtakor" bilan uchrashadi. "So‘g‘diyona" esa o‘z uyida "Qizilqum"ni qabul qiladi.
**O‘zbekiston Superligasi, 17-tur**
**"Surxon" — "So‘g‘diyona" 1:3**
**Gollar:** 1:0 — Qodirov (21), 1:1 — Mavlonqulov (49), 1:2 — Karimov (59), 1:3 — Zaymovich (90+1).

