Sun’iy intellekt yordamida suratga olingan ilk turk seriali namoyish etildi

Turkiyada sun'iy intellekt (SI) texnologiyalari yordamida yaratilgan birinchi serial tomoshabinlarga taqdim etildi. "Qal'a devorlari" deb nomlangan ushbu serial ikki qismdan iborat bo'lib, har bir epizodning davomiyligi 15 daqiqani tashkil etadi. Serial Amazon Prime striming platformasida namoyish etildi.
Serialning syujeti bugungi Eron hududida joylashgan tarixiy Alamut qal'asida sodir bo'ladigan voqealarni qamrab oladi. Garchi serialni suratga olishda SI texnologiyalaridan keng foydalanilgan bo'lsa-da, unda jonli aktyorlar ishtirok etgan. Aktyorlarning turli tillardagi dialoglari professional ovoz beruvchilar tomonidan ijro etilgan.
Serialning ssenariysi avvalroq "El Turko" seriali ustida ishlagan Kerem Deren va Isil Hazal Tenim tomonidan yozilgan.
Loyihani amalga oshirgan Ay Yapim kompaniyasi serialni yaratish jarayonida bir qancha SI vositalaridan foydalangan. Xususan, ssenariyning sifatini oshirish uchun ChatGPT, vizual effektlar va tasvirlarni yaratish uchun esa MidJourney neyrotarmog'idan foydalanilgan. Shuningdek, boshqa turdagi neyrotarmoq vositalari ham qo'llanilgan.

