Sunʼiy intellekt 10 yillik zaifliklarni topdi: Yevropada davlat saytlari vaqtincha oʻchirildi
Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida PHP dasturlash tilida aniqlangan ikkita oʻta jiddiy xavfsizlik zaifligi tufayli davlat idoralari, shifoxonalar va boshqa tashkilotlar saytlari vaqtincha oʻchirildi. DW xabariga koʻra, oʻn yildan ortiq vaqt davomida sezilmagan zaifliklar sunʼiy intellekt yordamida topilgan.

Sunʼiy intellekt 10 yillik zaifliklarni aniqladi: Yevropada davlat saytlari vaqtincha oʻchirildi
21-oktabr kuni amalga oshirilgan choralar saytlarni ehtimoliy hujumlardan himoyalash va tizimlarni yangilashga qaratilgan edi. Xususan, AQSH Milliy xavfsizlik agentligi hamda Germaniya Axborot xavfsizligi federal idorasi — BSI bunday chorani qatʼiy tavsiya qilgan.
Germaniyada federal IT-xizmatlar provayderi ITZBund bir qator hukumat saytlarini vaqtincha oʻchirgan. Ayrim shaharlar maʼmuriyatlari va politsiya boshqarmalari ham tizimlarni yangilash uchun onlayn xizmatlarini toʻxtatgan. Berlindagi «Sharite» klinikasi sayti ham vaqtincha ishlamagan.
Germaniya Raqamlashtirish vazirligi bu qadamlar ehtiyot chorasi ekanini bildirgan. Vazirlikka koʻra, mazkur zaifliklar bilan bogʻliq xavfsizlik hodisalari haqida xabar kelib tushmagan.
Yevropaning boshqa davlatlarida ham shunga oʻxshash choralar koʻrilgan. Fransiya Ichki ishlar vazirligi zaifliklar bartaraf etilguniga qadar prefekturalar saytlarini, Belgiya Tashqi ishlar vazirligi esa oʻz onlayn resurslarini vaqtincha oʻchirgan.
Niderlandiyada Rotterdam porti, Overheid hukumat portali, KNVB futbol assotsiatsiyasi, beshta yirik siyosiy partiya va bir qator shifoxonalar saytlarining faoliyati toʻxtatilgan.
Xavfsizlik boʻyicha ogohlantirishlar Yevropadan tashqarida ham tarqalgan. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti sayt egalarini PHP’dan foydalanayotganini tekshirish va zarur yangilanishlarni oʻrnatishga chaqirgan. Agar buni tezda amalga oshirishning imkoni boʻlmasa, resurslarni vaqtincha oʻchirishni tavsiya qilgan.
Zaifliklarni Calif va Wiz kompaniyalari mutaxassislari Google’ning Gemini hamda OpenAI’ning ChatGPT sunʼiy intellekt modellari yordamida topgan.
Wiz maʼlumotiga koʻra, ushbu zaifliklar oʻn yildan ortiq vaqt davomida eʼtibordan chetda qolgan. Ulardan foydalanish inson uchun juda murakkab boʻlgan, biroq sunʼiy intellekt bunday vazifalarni bajarish va ularni keng miqyosda takrorlashni osonlashtirmoqda.
PHP dunyo boʻylab koʻplab sayt va onlayn xizmatlarning server qismida qoʻllanadi. Xabarda aytilishicha, muammo 2004-yilda chiqarilgan PHP 5ʼdan boshlab turli versiyalarga taʼsir qilishi mumkin.
Qoʻllab-quvvatlanayotgan versiyalar uchun tuzatishlar tayyorlangan. Eski versiyalardan foydalanuvchilarga esa dasturiy taʼminotni yangilash tavsiya etilgan.

