Sudanning TTK jangarilari kasalxonalarni qasddan nishonga olgan, deb topdi Bi-bi-si surishtiruvi
BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurkning taʼkidlashicha, koʻplab hujumlar urush jinoyatlariga tenglashtirilishi mumkin.

Sudandagi TTK (Tezkor harakatlanish kuchlari) jangchilari shifoxonalarni qasddan nishonga olgan, demoqda VVS surishtiruvi
Al-Fasherdagi Saudiya shifoxonasi shifokorlari muassasa bombardimon qilingan kuni kesarcha kesish amaliyotini telefon chirogʻi yorugʻida oʻtkazishgan
BBC tomonidan oʻtkazilgan surishtiruv Sudanning harbiylashtirilgan guruhlari jangchilari bir yil muqaddam Darfurdagi al-Fasher shahrini uzoq vaqt qamal qilish va nihoyat egallash paytida uning sogʻliqni saqlash tizimini tizimli ravishda vayron qilganiga oid dalillarni aniqladi.
BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Folker Tyurk surishtiruv xulosalarini «juda tashvishli» deb taʼrifladi va TTKning fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, tibbiyot muassasalariga uyushtirgan uzluksiz hujumlari xalqaro gumanitar huquqning qoʻpol ravishda buzilishi hisoblanishini hamda urush jinoyatlariga tenglashishi mumkinligini aytdi.
TTK BBC surishtiruvi xulosalarini rad etdi.
Harbiylashtirilgan guruhning sogʻliqni saqlash vaziri bu daʼvolarni targʻibot deb atadi va bu milliy armiya hamda uning ittifoqchilari tomonidan TTK obroʻsiga putur yetkazish uchun qilingan qasddan urinish ekanini bildirdi.
Al-Fasherda boʻlgan manbalarga tayangan holda, BBC 2024 yilning mayidan 2025 yilning oktyabriga qadar shifoxonalar va tibbiyot maskanlariga uyushtirilgan kamida 43 ta alohida hujumni aniqladi, baʼzi joylarga bir necha bor zarba berilgan.
Xalqaro huquq nizolar paytida tibbiyot muassasalari va tibbiyot xodimlariga hujum qilishni taqiqlaydi.
Surishtiruv, shuningdek, mamlakat gʻarbidagi ushbu shaharda tibbiyot xodimlari duch kelgan oqibatlarni ham koʻrsatadi. BBC maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilning aprelidan 2025 yilning oktyabrigacha 120 nafar xodim jarohatlangan, 55 nafari oʻldirilgan va 10 nafari majburiy ravishda «gʻoyib boʻlgan» yoki oʻgʻirlab ketilgan.
«TTK shifoxonalarni boʻshatishga, ularni ishdan chiqarishga harakat qilardi, chunki sogʻliqni saqlash tizimi har qanday shahar yoki davlatning tamal tashidir», deydi qamal paytida al-Fasherda boʻlgan va BBC bilan suhbatlashgan jarroh, doktor Muhammad Sulaymon.
«TTK ushbu hududlarga zarba berishni boshladi, toki fuqarolarda u yerda qolish uchun hech qanday imkoniyat qolmasin. Bu shiddatli edi. Bu qasddan qilingan edi. Bu rejalashtirilgan edi».
Surishtiruv al-Fasher qulaganidan bir yil oʻtib eʼlon qilinmoqda, bu voqea 2023 yil aprelida TTK va Sudan harbiylari oʻrtasida boshlangan fuqarolar urushining eng shafqatsiz bosqichlaridan biri boʻlgan edi.
Ikkala tomon ham tibbiyot muassasalariga hujum qilishda ayblanmoqda.
2026 yil martida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) TTK nazoratidagi sharqiy Darfurda joylashgan al-Dain shifoxonasining bombardimon qilinishini qoraladi, buning oqibatida oʻnlab kishilar halok boʻldi va shifoxona yopilishga majbur boʻldi. Jarbalar dronlar orqali Sudan harbiylari tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi, garchi ular javobgarlikni rad etgan boʻlsa-da.
Shunga qaramay, al-Fasherdagi voqealar «nizoning Sudandagi sogʻliqni saqlash sohasiga koʻrsatgan kengroq taʼsirining eng aniq va eng ogʻir misollaridan biridir», dedi JSST BBC soʻroviga javoban.
BMT tergovchilarining taʼkidlashicha, al-Fasherdagi janglar «qirgʻin alomatlari»ni oʻzida mujassam etgan boʻlib, uzoq yillik etnik adovat tufayli arab askarlari — hozirda TTK kuchlarining asosini tashkil etadi — shaharda yashovchi arab boʻlmagan guruhlarni nishonga olgan.
BBC surishtiruvi shaharning uzoq davom etgan qamali paytida sogʻliqni saqlash tizimiga qilingan hujumlarning batafsil xronologiyasini birinchi marta taqdim etmoqda.
Al-Fasherdagi baʼzi tibbiyot muassasalari 2023 yil aprelida fuqarolar urushi boshlanganidan keyin bir necha hafta ichida yopildi.
Ular orasida shahar markazidagi nizo hududida joylashgan asosiy shifoxonalardan biri — Taʼlim shifoxonasi ham bor edi.
Uning xizmatlari al-Fasherdagi Janubiy shifoxonaga oʻtkazildi, u yerda tibbiy yordam koʻrsatish davom etdi, garchi elektr uzilishlari va zaxiralar kamayishi sababli ahvol tobora ogʻirlashib borgan boʻlsa-da.
Bir yil oʻtib, TTK al-Fasher qamalini boshlaganida vaziyat keskin oʻzgardi.
2024 yil mayi oxiri va iyun boshida harbiylashtirilgan jangchilar shahar sharqidagi pozitsiyalardan ilgarilab borayotgan bir paytda Janubiy shifoxona bir necha bor oʻqqa tutildi.
Doktor Sulaymonning aytishicha, birinchi zarba hammani shokka solgan.
Shifoxonaning zarba teggan hududi «juda gavjum edi, chunki bu shaharda jarrohlik xizmatlarini koʻrsatadigan yagona ishlab turgan shifoxona edi», deydi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, oʻsha kuni tibbiyot xodimlari 16 nafar jarohatlangan bemorga yordam koʻrsatgan.
Hujumlar 8 iyun kuni TTKning bosqini bilan yakunlandi. Shifoxona xodimlari gʻaflatda qoldi — TTK jangchilari binoga kirganda, koʻpchilik orqa devordan oshib qochib ketdi, deydi farmatsevtika mutaxassisi, doktor Mustafo Ahmad.
Muassasa bosh direktori, jarroh Izzaldin Ahmad Dovud Asov esa oʻz xonasi tashqarisida bir guruh harbiylashtirilgan jangchilarga duch keldi.
Uning aytishicha, ular uning shifokor ekanini bilishmagan, lekin uni etnik haqoratlar bilan soʻkishgan.
«Bu yerda hech qanday fuqaro yoʻq. Sizlar falangisizlar», deyishdi ular arab boʻlmagan sudanliklarni ajnabiylar deb kamsituvchi atamani qoʻllab.
Doktor Asovning aytishicha, unga miltiq qoʻndogʻi bilan zarba berilgan va u bir muddat hushini yoʻqotgan. Oxir-oqibat, u oʻzini oʻlganga solib jonini saqlab qolgan.
«Ular qoʻllarini koʻkragimga qoʻyishdi va men nafas olishni toʻxtatdim. Shunga ular: 'Tashlab ketinglar, tashlab ketinglar. Bu axlat oʻldi. Tashlab ketinglar', deyishdi. Ular meni tashlab ketishdi».
Oʻsha kuni Sudan harbiylari va ularning ittifoqchilari TTKni haydab chiqardi va doktor Asov qaytib kelganida bir nechta bemorning oʻlganini va operatsiya xonasidagi jarrohlik uskunalari jiddiy vayron qilinganini koʻrdi, dedi u.
Shifoxona oʻz faoliyatini toʻxtatdi va keyinchalik armiya chekinganidan soʻng TTK nazorati ostiga oʻtdi.
TTK tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan fuqarolik hukumatiga sogʻliqni saqlash vaziri sifatida qoʻshilgan taniqli sudanlik jarroh, doktor Alaa Eldin Nugud Janubiy shifoxona harbiy baza sifatida foydalanib kelinganini taʼkidladi.
Xalqaro huquqga koʻra, agar nizolashayotgan tomonlardan biri shifoxonalardan «dushmanga zarar yetkazadigan harakat» sodir etish uchun foydalansa, ular himoya maqomini yoʻqotishi mumkin.
BBC’ga bergan intervyusida doktor Nugud muassasa hududiga raketa qurilmalari joylashtirilganini aytdi va shifoxona yopilganidan bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach suratga olingan qurol qoldiqlari videosini koʻrsatdi va bu uning daʼvosini tasdiqlashini bildirdi.
U, shuningdek, Sudan harbiy qarorgohi yonida joylashgan Taʼlim shifoxonasi atrofida oʻrnatilgan minalar xaritasi ekanini aytgan hujjatlarni koʻrsatdi.
Shifokorlar bizga shifoxona bazaning bir qismi boʻlmaganini va u yerga urush paytida faqat tibbiy uskunalarni olib ketish uchun borishganini aytishdi.
BBC doktor Nugudning daʼvolarini tasdiqlovchi mustaqil dalillarni topmadi. Darfur mintaqasi hukumati ham bu daʼvolarni keskin rad etdi.
Janubiy shifoxona yopilgach, xodimlar va qolgan uskunalar shahar gʻarbidagi Saudiya tugʻruqxonasiga koʻchirildi, u yerda armiyaning asosiy bazalari joylashgan edi.
Bir necha kun ichida muassasaga hujumlar kuchaytirildi. Oʻsha paytda «Chegarasiz shifokorlar» (MSF) xayriya tashkiloti bong urdi.
«Shifoxonalar qasddan nishonga olinyaptimi-yoʻqmi, bilmaymiz, lekin... urushayotgan tomonlar ularni ayash uchun hech qanday ehtiyot choralarini koʻrmayapti», deyiladi tashkilot bayonotida.
Ammo surishtiruv davomida olta nafar shifokor oʻzlari maqsadli nishonga olish tizimi deb atagan holatni tasvirlab berishdi.
Ularning aytishicha, Saudiya shifoxonasiga zenit va dronlardan, jumladan, ular «aqlli raketalar» deb ataydigan aniq nishonga oluvchi zarbalar bilan qayta-qayta — baʼzi kunlari 25 martagacha — zarba berilgan.
Kichikroq tibbiy maskanlar ham hujumga uchragan. BBC xronologiyasi xususiy shifoxonalar va mahalla klinikalarining izchil yopilishini koʻrsatadi.
Bundan tashqari, baʼzi sogʻliqni saqlash binolari koʻchirilganda, yangi joylar ham zarbaga uchragan.
Urush boshida Taʼlim shifoxonasi bilan birga yopilgan Ixtisoslashtirilgan bolalar shifoxonasi boshqa ikki joyga koʻchirilgan edi, ularning ikkalasi ham oʻqqa tutildi va yopilishga majbur boʻldi.
Xuddi shuningdek, asosiy dializ markaziga zarba berildi va koʻchirilgandan keyin yana hujumga uchradi.
TTK 2025 yil oktyabrida shaharni egallab olgan vaqtga kelib, Saudiya shifoxonasi yagona ishlab turgan tibbiyot muassasasi edi.
U yerdagi xodimlar sharoit ogʻirlashganiga qaramay, ishlashni davom ettirishga harakat qilishdi.
Shifokorlarning aytishicha, binoni himoya qilish uchun qum qoplaridan foydalanilgan.
Asosiy binoga hujumlar va zarar yetkazish xavfi tobora ortib borgach, ular poʻlat konteynerlardan yer osti bunkerlarini qurishdi va bemorlarni qabul qilish hamda jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish uchun bir nechta muqobil joylarni tashkil etishdi.
Doktor Asovning aytishicha, bu muqobil jarrohlik xonasi 2025 yilda besh marta hujumga uchragan.
Hodisalardan birida, u bemorning boʻynida operatsiya oʻtkazayotgan paytda portlash binoni larzaga keltirganini aytadi — tibbiyot xodimlari qoʻrquvdan qochib ketishgan, ammo u qolgan.
Yana birida, tibbiyot xodimlari operatsion xonani jarrohlikka tayyorlab qoʻyishgan edi, ammo u toʻxtovsiz bemorlar oqimidan soʻng chuqur tozalash zarurligini aytib, bemorni boshqa joyga koʻchirishni buyurgan. Oradan koʻp oʻtmay, xona snaryadlar bilan vayron qilingan — bemor esa omon qolgan.
«Oʻsha kundan boshlab baʼzi xodimlarim meni 'Mister Chuqur Tozalash' deb atay boshlashdi, chunki ular chuqur tozalash masalasi oʻsha bemorni saqlab qoldi deb hisoblashadi», dedi u.
Doktor Asovning taʼkidlashicha, dronlar bemorlarni koʻchirish paytida ham kuzatib borgan.
2025 yil 15 martida hujum joyidan yaradorlarni vaqtinchalik boʻlimlardan biriga koʻchirayotgan odamlarni ovchi dron taʼqib qilgan, deydi u.
U bino darvozasiga yetib kelishganda zarba bergan va toʻqqiz kishini oʻldirgan.
Oʻsha yilning 17 avgustida barcha tez yordam mashinalari vayron boʻlgani sababli eshak aravasi bemorlarni muqobil operatsion xonaga olib oʻtayotgan edi, dedi doktor Asov BBC’ga.
Unga dron tomonidan zarba berilgan, oqibatda ikki bemor, haydovchi va eshak halok boʻlgan, deydi u.
TTK sogʻliqni saqlash vaziri bu koʻrsatmalarni armiya (SQK) va ularning mahalladagi ittifoqchilari — Birgalikdagi kuchlar tomonidan «yolgʻonlarning davomi» sifatida rad etdi.
«Hatto tibbiyot xodimlari va u yerda boʻlgan koʻplab odamlar ham, bu nizo, bu qabilaviy va irqiy masalalar sababli, Birgalikdagi kuchlar va SQK bilan ittifoqchidir. Shuning uchun siz bu rivoyatga tayana olmaysiz», dedi u.
Shifokorlar BBC’ga TTK jangchilari tibbiyot muassasalarini qasddan nishonga olganiga ishonishlarini, chunki bemorlar orasida armiya yoki ittifoqchi jangchilar boʻlganini aytishdi.
Oʻqqa tutish va bombardimon qilish kampaniyasi 2025 yil 25 oktyabrda, TTK shifoxonaga bostirib kirishi bilan yakunlandi, oʻshanda 460 dan ortiq bemor va ularning hamrohlari oʻldirilgani haqida ayblovlar ilgari surildi.
TTK ommaviy qirgʻin yuz berganini rad etdi, garchi JSST xabar qilingan qotilliklarni qoralagan boʻlsa-da va sunʼiy yoʻldosh tasvirlari shifoxonaning qonga belangan hududida jasadlar toʻplanib yotganini koʻrsatgan edi.
BBC ushbu surishtiruv xulosalarini BMTning inson huquqlari boʻyicha oliy komissari bilan oʻrtoqlashdi, u bu maʼlumotlar «juda tashvishli» ekanini va uning boshqarmasi baholariga mos kelishini aytdi.
«Bizning monitoring va hujjatlashtirishimiz shuni koʻrsatadiki, TTK al-Fasherning asosiy shifoxonalari va vaqtinchalik tibbiyot muassasalariga qayta-qayta zarba berib, ularni vayron qilgan yoki jiddiy zarar yetkazgan hamda shaharda qamalda qolgan minglab fuqarolarning tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga jiddiy putur yetkazgan», dedi Tyurk.
Al-Fasherda sogʻliqni saqlash sohasi hozirda TTK tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan hukumat tomonidan boshqarilmoqda. U Saudiya shifoxonasi va Taʼlim shifoxonasi qayta ochilgani, tozalangani va baʼzi bemorlarni davolayotgani aks etgan bir nechta videolarni eʼlon qildi.
Doktor Nugud Janubiy shifoxona ham yaqinda qayta ochilishini aytmoqda. U shifokorlar majburan oʻgʻirlab ketilganini rad etib, BBC’ga ular qolishni va ishlashni oʻzlari tanlaganini aytdi.
«Menda bolalar shifoxonasi oldida SQK bilan ishlayotgan konsultant, shifokor va olta nafar tibbiyot xodimini ozod qilganimizdagi video bor, keyin al-Fasher ozod qilinganida ularning barchasi avf etildi.
Biz ularni ozod qildik», dedi u.
BBC videodagi shifokorlardan biri, doktor Al-Hoj Muhammad Ahmad bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha, unda boshqa tanlov boʻlmagan: «Meni u yerda boʻlishga majbur qilishdi.
Agar ortiqcha gap gapirganimda, boshimga oʻq uzishardi».
U shahardan qochishga urinayotganda qoʻlga olingan va doktor Mustafo Ahmad bilan birga ortiga qaytarilgan bir nechta tibbiyot xodimlaridan biri edi.
Ularga bolalar shifoxonasidagi vaqtinchalik qamoqxonada vabo epidemiyasini nazorat ostiga olish topshirilgan va keyinchalik ular Saudiya shifoxonasiga olib ketilgan.
«Ular sizlar shu shaharning odamlarisizlar, biz shaharni oldik, shuning uchun shahar farovonligi yoʻlida birgalikda ishlashimiz kerak, deyishni boshlashdi», deydi doktor Mustafo Ahmad. U qamoqxonada bir necha ertalab ketma-ket uygʻonib, 50 nafar mahbusning vabodan oʻlganini koʻrganini aytadi.
Al-Fasher qulaganidan bir yil oʻtib ham, Sudandagi fuqarolar urushining ushbu qorongʻi sahifasi yetkazgan jarohatlar ogʻriqli va yangiligicha qolmoqda.
Front chizigʻi boshqa tomonga koʻchdi, ammo nizo tugashidan darak yoʻq. Sogʻliqni saqlash tizimiga hujumlar yanada kengroq va vayronkor gumanitar inqirozning bir qismi sifatida davom etmoqda.

