Sud Tramp maʼmuriyatiga CNN, MS NOW va Politico nashrlarining Oq uyga kirish huquqini zudlik bilan tiklash majburiyatini yukladi
Sud AQSh prezidenti maʼmuriyati zimmasiga CNN, MS NOW va Politico uchun Oq uyga ruxsatnomalarni zudlik bilan qayta tiklash majburiyatini yukladi. Oʻtgan haftada Donald Tramp ularni «soxta xabarlar» tarqatishda ayblab, binoga kirishini taqiqlab qoʻygan edi.

Sud Tramp maʼmuriyati CNN, MS NOW va Politico nashrlarining Oq uyga kirish huquqini zudlik bilan qaytarishi kerakligi haqida qaror chiqardi
Kolumbiya okrugi sudi AQSh prezidenti maʼmuriyatiga oʻtgan haftada Donald Tramp binoga kirishini taqiqlagan CNN va MS NOW telekanallari, shuningdek, Politico nashri uchun Oq uyga kirish ruxsatnomalarini kechiktirmasdan qayta tiklash majburiyatini yukladi.
Federal sudya Timoti Kelli Oq uy jurnalistlarning ruxsatnomalarini «Konstitutsiya talab qiladigan tegishli huquqiy tartib-qoidalarga» rioya qilmasdan bekor qilgan, degan xulosaga keldi. CNN taʼkidlashicha, ushbu qaror reportyorlar Oq uyda ishlashga qaytishlari mumkinligini anglatadi.
Sudya Tramp maʼmuriyati kirishni cheklash milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshirilgani haqidagi oʻz daʼvolarini qoʻllab-quvvatlash uchun yetarli asoslar keltira olmadi, deb hisobladi. Taqiq joriy etilganidan keyin Tramp va uning yuristlari CNN, MS NOW va Politico nashrlarining kirish huquqi ularning reportajlari milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan xavotir uygʻotgani sababli bekor qilinganini daʼvo qilishgan edi.
«Shubhasiz, prezident Tramp daʼvogarlar uchun Oq uyga kirishni „taqiqlash“ haqida eʼlon qilganda butunlay boshqa narsani nazarda tutgan edi: u ularning reportajlari goʻyoki ishonchsiz va salbiy xususiyatga ega ekanligiga tayangan edi... Hatto daʼvo arizasi topshirilganidan keyin daʼvogarlarga taqdim etilgan asoslar ham ruxsatnomalar bekor qilinishining haqiqiy maqsadi haqida aniq tushuncha bermaydi», — deyiladi sudya qarorida.
Sudya, shuningdek, Tramp maʼmuriyati ruxsatnomalarni olib qoʻyishdan oldin jurnalistlarni qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyati haqida ogohlantirmaganini koʻrsatib oʻtdi.
Sudyaning qarori 14 kun davomida amal qiladi. Ushbu davrda OAV va Tramp maʼmuriyati oʻz dalillarini taqdim etishni davom ettirishlari mumkin boʻladi.
18 sentyabr kuni Donald Tramp CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarini «soxta xabarlar» tarqatishda ayblab, ularning Oq uyga kirishini taqiqlagan edi.
CNN, shuningdek, AQSh prezidenti huzuridagi televizion puldan ham chiqarib yuborildi. Shundan soʻng, Oq uy puliga kiruvchi barcha telekanallar Donald Tramp ishtirokidagi tadbirlarni yoritishni vaqtincha toʻxtatishlarini eʼlon qilishdi.
21 sentyabr kuni CNN, MS NOW va Politico oʻz jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqini tiklash talabi bilan sudga daʼvo arizasi kiritdi. Ular ushbu taqiq soʻz va matbuot erkinligini kafolatlovchi AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan Birinchi tuzatishni buzishini maʼlum qilishdi.
Deyarli 50 ta media tashkilot, jumladan CBS News, New York Times va Fox News ham CNN, MS NOW va Politico daʼvosini qoʻllab-quvvatlab sudga ariza topshirdi.

