“Stereotiplarga qaramay, orzumdan voz kechmadim”. IIV tizimidagi pogonli ayollar hikoyalari
O‘zbekistonda 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Tizimda erkaklar bilan bir safda fidoyilik ko‘rsatib, stereotiplarni yengib kelayotgan ayollar talaygina. Gazeta ularning uch nafari bilan kasb tanlovi, xizmat sinovlari, shuningdek, kasb va oila muvozanati haqida suhbatlashdi.

“Stereotiplarga qaramay, orzumdan voz kechmadim”. IIV tizimidagi pogonli ayollar hikoyalari
O‘zbekistonda 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Mazkur tizimning turli yo‘nalishlarida erkaklar bilan bir safda fidoyilik ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlarning hissasi katta. Kasbiy faoliyati davomida gender stereotiplari va turli qiyinchiliklarga duch kelgan bu ayollarni Vatanga xizmat qilishga bo‘lgan sadoqat va o‘z kasbiga muhabbat birlashtiradi. Gazeta ularning uch nafari bilan suhbatlashib, kasb tanlash sabablari, xizmatdagi sinovlari va oila bilan ish o‘rtasidagi muvozanat haqidagi hikoyalarini tingladi.
21 yildan beri xizmatda.
Namangan viloyatining Norin tumanidanman. Oilada ikki qizmiz, o‘g‘il farzand yo‘q. Bolaligimdan huquqshunos bo‘lishni, jinoyatchilikka qarshi kurashishni orzu qilardim. Taxtadan to‘pponcha yasab, o‘zimni militsiya xodimi sifatida tasavvur etardim. Televizorda formali xodimlarni ko‘rib, ularga havasim kelardi. O‘sha paytlarda qiz bolaning ichki ishlar organlarida ishlashi ko‘pchilik uchun g‘ayrioddiy hol edi.
“Qiz bola militsiyada nima qiladi?”, “O‘g‘il bolalar ishlaydigan joyda nima bor?” degan qarashlar mavjud edi. Qarindoshlarim orasida ham bu tizimda ishlaydiganlar bo‘lmagandi.
Shunga qaramay, maqsadimdan qaytmadim. Litseyda gumanitar yo‘nalishda tahsil oldim va Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga kirishga qaror qildim. Ota-onam dastlab xavotirlanishdi, ammo oxirida menga ishonishlarini aytib, qo‘llab-quvvatlashdi.
2001-yilda birinchi urinishdayoq Akademiyaga yettinchi o‘rinda qabul qilindim. O‘sha paytda qabul kvotasining atigi 4 foizini qizlar tashkil etardi. Akademiyada to‘rt yil tergov faoliyati yo‘nalishida tahsil oldim. Bu davr nafaqat kasbni o‘rganish, balki qiyinchiliklarga chidashni ham o‘rgatdi. Poligonlarda mashg‘ulotlar o‘tar, dalalarda paxta terishga chiqardik. Sovuqda yurgan, qo‘llarimiz yaralangan paytlar ham bo‘lgan.
Uyga yiliga bir marta ta’tilga borishimiz mumkin edi, ota-onalarimiz bilan esa har kuni telefonda gaplashish imkonimiz yo‘q edi. Dadam bir necha marta: “Qizim, senga shunchalik qiynalib o‘qish kerakmi?” deb so‘ragan. Men esa o‘qishni oxirigacha tugatishimni aytib, ularni tinchlantirardim. Bu kasbni o‘zim tanlagan edim, shuning uchun qiyinchiliklarga qaramay, orzumdan voz kechishni istamasdim.
Akademiyani tamomlagach, 2005-yilda Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasiga ishga yuborildim. Tergov faoliyati bo‘yicha diplomim bo‘lsa-da, o‘sha paytda viloyatda ayol tergovchilar yo‘qligi sababli meni bu yo‘nalishga tayinlashmadi. “Bizda ayol tergovchi yo‘q, sizni tergovga qo‘ya olmaymiz” deyishdi. Qayerga tayinlashsa, o‘sha yerda ishlashga tayyorligimni bildirdim va Namangan shahridagi jinoyat qidiruv yo‘nalishiga joylashtirildim.
Uch yil davomida jinoyat qidiruv, odam savdosiga qarshi kurashish va axborot-tahlil yo‘nalishlarida ishladim. Ammo faqat kabinetda o‘tirishni istamasdim. Jinoyatlar qanday ochilishi, voqea joyida nimalarga e’tibor berish va tezkor ish jarayoni qanday kechishini amaliyotda o‘rganishni xohlardim.
O‘sha davrda ayol xodimlar asosan ish vaqtida hujjatlar bilan shug‘ullanishi, ish tugagach esa uyiga ketishi kerak degan qarash bor edi. Men esa bunga ko‘nikishni istamadim. Rahbarlarga navbatchilikda qolish va voqea joylariga chiqish imkonini berishlarini so‘rardim. Ba’zan bu talablarim ularga yoqmasdi, ammo imkoniyat tug‘ilganda, amaliyotda ishlashga harakat qilardim.
2008-yilda, nihoyat, tergovchilikka o‘tdim. 2017-yilgacha tergovchi va katta tergovchi bo‘lib ishladim. Keyin murojaatlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandim. 2020-yilda vazirlik rahbariyati tavsiyasi bilan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga o‘tdim, 2022-yildan buyon esa shu xizmatning axborot xizmatida ishlayapman.
Mendan keyin Akademiyani tamomlagan qizlar ham Namangan viloyatida tergovchi bo‘lib ishlay boshlashdi. Bu ayollar ham mazkur vazifani bajara olishini amalda ko‘rsatish imkoniyatini kengaytirdi.
Gender stereotiplariga bolaligimdan duch kelganman. Litseyda ham o‘g‘il bolalar ko‘p o‘qiydigan muhitda bo‘lganman. “Buning qo‘lidan kelmaydi”, “O‘g‘il bola qo‘yilsa, yaxshiroq ishlaydi”, “Qiz bola baribir ertaga turmushga chiqib ketadi” degan gaplarni ko‘p eshitganman.
Ichki ishlar tizimida ham ayollar turmushga chiqishi, farzand ko‘rishi va dekret ta’tiliga ketishi mumkinligi sababli ularga muhim vazifalarni topshirishga shubha bilan qarash holatlari bor edi. Rahbar biror topshiriqni bajarish uchun ayol va erkak xodimdan birini tanlasa, ko‘pincha erkakka ko‘proq ishonardi. Bunday vaziyatlarda ayolga o‘z salohiyatini isbotlashga to‘g‘ri keladi. Ba’zan rahbarning oldiga o‘zingiz borib, “Shu vazifani men bajarsam bo‘lmaydimi?” deb so‘rashingiz kerak. Natija ko‘rsatganingizdan keyingina sizga ishonch paydo bo‘ladi.
Men ham faoliyatim davomida o‘z imkoniyatlarimni ko‘rsatish uchun ko‘p harakat qildim. Ayollar erkaklardan kam ishlamasligi, ayrim hollarda kamroq vaqt sarflab ham yaxshi natijaga erishishi mumkinligini tajribamda ko‘rdim. Ish samaradorligini faqat xodimning ishxonada o‘tkazgan soatlari bilan baholab bo‘lmaydi.
Ayol kishi ham xizmat vazifalarini bajarishi, ham oilasiga e’tibor qaratishi mumkin. Mening ikki nafar farzandim bor. Bolalarimni nazorat qilish, uy ishlari va xizmatni birga olib borishga harakat qilaman.
Oilali bo‘lish ayolning kasbiy salohiyatini yo‘qotishini anglatmaydi.
Shuning uchun uning imkoniyatlariga oldindan shubha bilan qarash to‘g‘ri emas. Ota-onamning ishonchi men uchun doim muhim bo‘lgan. Dadam: “Sen halol ishlashing kerak. Ichki ishlar xodimi bo‘lishni o‘zing xohlading, biz seni qo‘llab-quvvatladik. Endi formangga dog‘ tushirmasdan, oxirigacha borishing kerak” derdilar. Bu so‘zlar menga katta mas’uliyat yuklagan.
2022-yildan buyon ichki ishlar organlaridagi ayol kadrlarning o‘rni va gender stereotiplari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ham olib boryapman. Dissertatsiya mavzum — “Yangi O‘zbekiston barqaror taraqqiyotida ayol kadrlarning roli: ichki ishlar organlari misolida”. Prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida ilmiy izlanishlarimni davom ettiryapman. Xizmat bilan birga tadqiqot olib borish oson emas, ammo uni yil oxirigacha yakunlash niyatim bor. Bu mavzu men uchun faqat ilmiy izlanish emas. U butun faoliyatim davomida duch kelgan muammolarni o‘rganish, ayollarning ichki ishlar tizimidagi imkoniyatlarini ko‘rsatish va ularga nisbatan qarashlarni o‘zgartirishga hissa qo‘shish usuli hamdir.
Ichki ishlar tizimidan ketish haqida hech qachon o‘ylamaganman. Boshqa tashkilotlardan haligacha ish takliflari bo‘ladi. Lekin o‘zimni boshqa sohada tasavvur qila olmayman. Bu kasbni o‘zim tanlaganman va ishimni yaxshi ko‘raman. Xizmatga har kuni shukronalik bilan kelaman. Agar kasbimga mehrim va Vatanga xizmat qilish tuyg‘usi bo‘lmaganida, ehtimol, ancha oldin ketgan bo‘lardim.
Akademiyada o‘qigan paytimizdayoq tanlagan kasbimizga sodiq qolish va oxirigacha borishni maqsad qilganmiz. Xizmat meni qat’iyatli, mas’uliyatli va sinovlarga chidamli qildi. Bu xususiyatlar nafaqat ishda, balki kundalik hayotda ham muhim. Men uchun Vatanga xizmat qilish shunchaki ish emas. Fuqarolarga yordam berish, ularning huquqiy ongini oshirish va jamiyat xavfsizligiga hissa qo‘shishni o‘z burchim deb bilaman.
Kelgusida ham shu tizimda qolishni istayman. Pensiyaga chiqqach, ilmiy izlanishlarimni davom ettirib, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi yoki Jamoat xavfsizligi universitetida dars berish niyatim bor. O‘z tajribamni yosh xodimlarga o‘rgatishni xohlayman.
Hozirgi vazifam — Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatidagi islohotlar, yangiliklar va huquqiy tushuntirishlarni aholiga yetkazish. Axborot xizmati tizim bilan jamoatchilik o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. Rasmiy ma’lumotlarni tarqatishdan tashqari, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini ham olib boramiz.
Ayniqsa, bolalarning yo‘l harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratamiz. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, boshqa tashkilotlar hamda xalqaro hamkorlar bilan “Diqqat, piyoda”, “Yo‘l harakati bilimdoni”, “Namunali piyoda” kabi loyihalarni amalga oshiramiz. Har yili 9−14 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida maktab, tuman yoki shahar, viloyat va respublika bosqichlarida “Yashil chiroq” musobaqasi o‘tkaziladi. Men uning tashkiliy qo‘mitasi a’zosiman.
So‘nggi uch yilda o‘quvchilarimiz bilan xalqaro tanlovlarda ham qatnashdik. Dastlabki ikki yilda ikkinchi o‘rinni egalladik. Bu yil esa natijamizni yaxshilab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Yosh yo‘l harakati inspektorlari” xalqaro musobaqasida Toshkentdagi 110-maktabning “Humo” jamoasi bilan ishtirok etdik. Eng yuqori ballni to‘plab, birinchi o‘rinni oldik. Bu natija bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga qaratilgan ishlarning ahamiyatini ham ko‘rsatdi.
Hozir birinchi sinfdan sakkizinchi sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilar uchun yo‘l harakati qoidalariga oid ta’lim materiallarini takomillashtirish ustida ishlayapmiz. Mavjud darsliklar asosida videodarslar tayyorlashni rejalashtiryapmiz. Maqsadimiz — bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilar uchun ochiq va bepul platforma yaratish. Unda video darslarni ko‘rish, test ishlash va yo‘l harakati qoidalariga oid o‘yinlar orqali bilimni mustahkamlash mumkin bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 11-sentabr kuni Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida 441-sonli bog‘chadagi sharoitlar bilan tanishdi. U yerda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha to‘garak ham tashkil etilgan edi. Biz davlat rahbariga bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha ishlarimiz, xalqaro musobaqalardagi natijalarimiz va kelgusi rejalarimiz haqida ma’lumot berdik.
Prezidentimiz mendan ichki ishlar organlarida qanchadan beri xizmat qilayotganimni so‘radi. 2005-yildan buyon ishlashimni va 2017-yilda podpolkovnik unvonini olganimni aytdim. Shundan keyin davlat rahbari menga polkovnik unvoni berilishini ma’lum qildi.
Bu men uchun kutilmagan va unutilmas voqea bo‘ldi. U yerga polkovnik unvonini olish xayoli bilan bormaganman. Biz o‘z vazifamizni bajarib, amalga oshirayotgan ishlarimiz va rejalarimiz haqida ma’lumot bergan edik. Prezidentimizning ishimizga ijobiy baho berishi katta quvonch bag‘ishladi.
Polkovnik unvoni men uchun ko‘p yillik xizmatimning muhim natijasi bo‘ldi. Akademiyaga kirishni orzu qilgan paytimda, bir kuni shu darajaga yetishishni ham maqsad qilganman. Bu bir-ikki kunlik orzu emas, butun umrim davomida ko‘nglimda olib yurgan niyatim edi. Biroq bu unvonni faqat shaxsiy yutug‘im deb hisoblamayman. Bu ichki ishlar organlari xodimlariga, xususan, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga bildirilgan ishonch deb qabul qildim. U bizga yanada ko‘proq ishlash va boshlagan ishlarimizni davom ettirish mas’uliyatini yuklaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham faolman. Instagram sahifamda 184 mingdan ortiq, Facebook tarmog‘ida esa 22 mingdan ortiq obunachim bor. Ko‘plab qizlar ichki ishlar organlarida ishlash va buning uchun qanday tayyorgarlik ko‘rish kerakligi haqida yozishadi. Ota-onalar ham qizlarini shu tizimga kiritish bo‘yicha maslahat so‘rashadi. Bunday murojaatlarni ko‘rib, xursand bo‘laman. Demak, qizlar orasida ham bu kasbga qiziqish bor.
Ota-onalarga doim bir gapni aytaman: qizlaringizning yo‘lini to‘smang, stereotiplar qurboni bo‘lmang. Avvalo, farzandingizning o‘zi nimani xohlashini eshiting. Har bir bolaning o‘z qiziqishi, orzusi va kelajak haqidagi tasavvuri bor. Agar qizingiz ichki ishlar organlarida xizmat qilishni, Vataniga foyda keltirishni, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishni chin dildan xohlasa, uni qo‘llab-quvvatlang. Inson kasbini o‘zi tanlasa, qiyinchiliklarga duch kelganda ham osonlikcha taslim bo‘lmaydi. Unda maqsad va ichki qiziqish bo‘ladi.
Jamiyat ham ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayollarga boshqacha qaramasligini istardim. Biz ham shu jamiyatning bir qismimiz: kimningdir turmush o‘rtog‘i, opasi, singlisi yoki onasimiz. Faqat o‘zimiz tanlagan kasb orqali xizmat qilamiz. Yo‘l harakati qoidasini buzgan insonni to‘xtatish yoki jarimaga tortish shaxsiy adovatdan kelib chiqmaydi. Bu yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash va qoidalarga rioya etilishi uchun qilinadi. Maqsadimiz kimnidir jazolash emas, odamlarning xavfsizligini saqlashdir.
Men 21 yil davomida shu kasbda ishlab, o‘zim tanlagan yo‘ldan qaytmadim. Bolalikdagi orzumga yetishish uchun harakat qildim, to‘siqlarga duch keldim va o‘zimni isbotlashimga to‘g‘ri keldi. Endi o‘z tajribam orqali boshqa qizlarga ham shuni aytmoqchiman: agar biror kasbni chin dildan xohlasangiz, maqsadingiz sari harakat qiling.
Qiz bola ekaningiz orzularingizga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Bekobod shahri IIB tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik. “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. 15 yildan beri xizmatda.
Oilada uch farzandmiz. Akam va opam ham ichki ishlar organlarida tergovchi bo‘lib ishlagan, hozir nafaqada. Ularga havas qilardim. Bu sohaga qiziqishimda onamning ham o‘rni katta. U kishi yoshligida ichki ishlar xodimi bo‘lishni orzu qilgan, ammo niyatiga erisha olmagan. Shuning uchun farzandlarining shu sohada ishlashini istagan.
Bolaligimdan jinoyatlarni fosh etadigan “Komissar Reks” va “Jyuli Lesko” kabi filmlarni ko‘p ko‘rardim. Ulardagi qahramonlar o‘rnida o‘zimni tasavvur qilardim. Ota-onam ham doimo qo‘llab-quvvatlagan. Aka-opamning izidan borib, ichki ishlar organlarida xizmat qilish men uchun ham orzu, ham katta mas’uliyat edi.
2007-yilda ikkinchi bor Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga hujjat topshirib, o‘sha yili tinglovchilar safiga qo‘shildim. Mandat natijalari e’lon qilinganda ism-familiyamni o‘qishganini hali ham yaxshi eslayman. Bu xabarni eshitgan ota-onam quvonchdan yig‘lab yuborishgan, uchinchi farzandi ham ichki ishlar xodimi bo‘lganidan faxrlanishgan.
2011-yilda akademiyani tamomlab, Bo‘ka tumani IIBda ish boshladim. Dastlabki kunlar oson kechmagan. Xizmatimni boshlaganimdayoq giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq, Jinoyat kodeksining 273-moddasi bo‘yicha ish berilgan. Yangi xodim bo‘lganim uchun qiyinchiliklar bo‘lgan, ammo tajribali ustozlarim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, ishning nozik jihatlarini o‘rgatishgan. Vaqt o‘tishi bilan ko‘nikmalarim va tajribam ortdi.
Bo‘kada ishlayotganimda bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishdim. U ham ichki ishlar tizimida ekspert-kriminalist bo‘lib ishlaydi. Bir soha vakili bo‘lganimiz uchun bir-birimizning kasbimizni yaxshi tushunamiz. Keyinchalik Bekobod shahriga ishga o‘tdim va hozirgacha shu yerda xizmat qilib kelyapman.
Odatda ish kunim ertalab soat 08:00 da boshlanadi. Yig‘ilishdan keyin kunlik vazifalarni rejalashtirib, tergov harakatlariga kirishamiz. Har bir ishning o‘ziga xos jihatlari bor. Ayrimlari ko‘proq vaqt, bilim va tajriba talab qiladi. Xizmat stajim katta bo‘lgani va katta tergovchi lavozimida ishlayotganim uchun menga ko‘pincha murakkabroq ishlar topshiriladi. Ayol ekanim bu ishlarni uddalashimga to‘sqinlik qilmaydi. Rahbarlarim ham menga ishonadi.
Tergovchining faoliyati faqat ishxonada hujjatlar bilan ishlashdan iborat emas. Jinoyat sodir bo‘lgan joyga chiqib, hodisa holatlarini o‘rganamiz, zarur bo‘lsa, tergov eksperimenti o‘tkazamiz. Ayrim fuqarolarning sharoiti sababli ularning yashash joyiga borib so‘roq qilishimiz ham mumkin. Faoliyatimda firibgarlik jinoyatlari ko‘p uchragan. Bundan tashqari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish va giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarni ham tergov qilganman.
Tergovchi uchun yuridik bilimning o‘zi yetarli emas. Inson psixologiyasini tushunish, vaziyatni to‘g‘ri baholash, jismoniy va ruhiy jihatdan tayyor bo‘lish ham muhim. Ish jarayonida iqtisodiyot yoki boshqa sohalarga oid masalalarga duch kelish mumkin. Shuning uchun har bir yangi ish orqali nimanidir o‘rganib boramiz.
Menimcha, tergovchining eng muhim fazilatlaridan biri — xolislik. U ishda ishtirok etayotgan har bir insonni tinglashi, bir tomonning gapiga qarab xulosa chiqarmasligi kerak. Guvoh, jabrlanuvchi va ayblanuvchining ko‘rsatmalari to‘liq o‘rganilishi lozim. Insonning dardini tushunish, gapini oxirigacha eshitish va dalillarni har tomonlama tekshirish orqali adolatli qarorga kelish mumkin.
Kasb tanlashimdan oldin “Ayol kishiga bu sohada nima bor?”, “Bundan ko‘ra uy bekasi bo‘lgani yaxshi emasmi?” degan gaplarni ham eshitganman. Ammo bu fikrlar meni ortga qaytarmagan. Chunki maqsadim aniq edi. Huquq-tartibot idoralarida ayollarning ham o‘ziga yarasha o‘rni bor. Masalan, xotin-qizlarni so‘roq qilish yoki shaxsiy tintuv o‘tkazishda qonun talablariga muvofiq ayol xodim ishtiroki zarur bo‘ladi. Shu jihatdan ham tizimda ayol mutaxassislar bo‘lishi muhim hisoblanadi. Yillar davomida turli xarakterdagi insonlar bilan muloqot qilishni, ularni tushunish va vaziyatni boshqarishni o‘rgandim. Hozir bunday holatlar avvalgidek qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Ish bilan shaxsiy hayotni birga olib borish har doim ham oson emas. Ba’zan farzandlar kasal bo‘ladi, o‘zimiz ham betob bo‘lib qolamiz. Ammo boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimiz kerak. Agar biror sabab bilan ishni davom ettira olmasam, vijdonim qiynaladi.
Shunday paytlarda hamkasblarim yordam beradi. Mabodo ishga kela olmasam yoki tergov harakatini davom ettirish imkonim bo‘lmasa, ularga ishonaman. Biz yaxshi jamoa bo‘lib ishlaymiz. Shuning uchun oilaviy yoki boshqa muammolar tufayli katta qiyinchiliklarga duch kelmaganman.
Ishdan ketish haqida hech qachon o‘ylamaganman. Ba’zi xodimlar xizmatdagi qiyinchiliklar sababli boshqa sohaga o‘tib ketganini ko‘rganman. Lekin ustozlarimiz qanday vaziyat bo‘lmasin, uni yengib o‘tishga harakat qilishni o‘rgatishgan. Qiyinchilikka duch kelganda, ortga qaytmaslik kerak degan tushuncha bilan tarbiyalanganmiz.
Tergovchilik — sharafli kasb. Inson o‘z ishini yaxshi ko‘rib, undan zavq olib bajarishi bilan faqat vazifasini ado etish uchun ishlashi o‘rtasida katta farq bor. Men ertalab ishga o‘z kasbimni yaxshi ko‘rib boraman. Shuning uchun ham uni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmaganman.
Bu kasb dunyoqarashimni o‘zgartirdi. Har bir jinoyat va tergov harakati orqali yangi narsalarni o‘rganaman. Insonlar bilan muomala qilish, vaziyatni baholash va o‘zimni jamiyat oldida qanday tutish kerakligini xizmat davomida chuqurroq anglab boraman. Kasbim o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirdi, intizomli bo‘lishni, vaqtni qadrlashni va odamlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatishni o‘rgatdi. Inson har kuni o‘z ustida ishlasa, tajribasi ortib, shaxs sifatida ham o‘sadi.
Yaqinda prezidentimiz farmoni bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga loyiq ko‘rildim. Bu xabardan, eng avvalo, onam juda xursand bo‘ldi. Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘imiz va prokurorimiz ham birinchi bo‘lib qo‘ng‘iroq orqali tabriklashdi. Mendan ko‘ra hamkasblarim ko‘proq xursand bo‘lishdi. Afsuski, dadam bu quvonchli kunimni ko‘ra olmadi. Agar hayot bo‘lganlarida, juda quvonardi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlashni istaydigan, ammo ikkilanib turgan qizlarga aytadigan gapim — qo‘rqmaslik va o‘z maqsadidan qaytmaslik kerak. Agar insonda ishonch, xohish va intilish bo‘lsa, u albatta, tanlagan kasbini egallaydi. To‘g‘ri, bu sohada ishlash oson emas. Har kim ham bunday mas’uliyatni zimmasiga olishni istamaydi. Ammo “uddalayman” degan maqsadni oldiga qo‘ygan qizlar harakat qilib ko‘rishi kerak. Qiyinchiliklar bo‘ladi, lekin ularni yengib o‘tish mumkin.
Jamiyatda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda xizmat qilayotgan ayollarga hurmat bilan qaralishini istardim. Ayollar ham erkaklar bilan yelkama-yelka turib, mas’uliyatli vazifalarni bajarmoqda. Ularning mehnatini qadrlash kerak.
Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi inspektori, kapitan. 7 yildan beri xizmatda.
Samarqand davlat chet tillar institutining fransuz tili filologiyasi fakultetida tahsil olganman. O‘qishni tugatgach, maktabda yetti yil fransuz tilidan dars berdim. Yoshligimdan forma kiygan insonlarga havas qilardim, lekin ichki ishlar tizimida ishlayman, deb xayolimga ham keltirmaganman. Qarindoshlarim orasida ham bu sohada ishlaydiganlar yo‘q edi. Oilamizda birinchi bo‘lib men shu kasbni tanladim.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etilganida, fransuz tilini bilishim sababli menga shu yo‘nalishda ishlash taklif qilindi. Bu imkoniyatning paydo bo‘lishida singlimning Ichki ishlar akademiyasiga hujjat topshirishi ham sabab bo‘lgan. Uning hujjatlari o‘rganilayotganda yaqin qarindoshlari haqidagi ma’lumotlar ham tekshirilgan. Shu jarayonda mening fransuz tili o‘qituvchisi ekanim e’tiborga tushib, keyinchalik meni tanlovda qatnashishga taklif qilishdi.
Tanlov bir necha bosqichdan iborat edi. Hujjatlar va tarjimai hol o‘rganildi, chet tilini bilish darajamiz, jismoniy tayyorgarligimiz va sog‘lig‘imiz tekshirildi. 15−20 nafar komissiya a’zosi siyosiy, ijtimoiy, tarixiy mavzular va chet tillari bo‘yicha savollar berdi. Yakunda taxminan 15 nomzod orasidan ikki ayol va ikki erkak tanlab olindi.
O‘sha paytda ikki nafar farzandim bor edi: o‘g‘lim to‘rt yoshda, qizim esa sakkiz oylik edi. Oilaviy sharoitim sabab tanlovga jiddiy tayyorlanishga vaqtim kam bo‘ldi. Boshida turmush o‘rtog‘im ham hujjat topshirishimga qarshi chiqdi. Uning fikricha, oilasi bor ayol uchun ichki ishlar tizimida ishlash qiyin, avvalo uy-ro‘zg‘or va farzandlar bilan shug‘ullanishim kerak edi. Qaynotam esa meni qo‘llab-quvvatladi. U kishi ziyoli, shifokor. Turmush o‘rtog‘im bilan gaplashib, meni tushunishiga yordam berdi. Ota-onam ham bu kasbni tanlashimdan xursand bo‘lishini his qilardim. Oilada uch qiz edik, men esa to‘ng‘ich farzandman. Ularning ishonchini oqlashni juda xohlardim.
Tanlovning oxirgi bosqichida hayajonlanganman. Boshqa nomzodlar savollarga javob berish uchun mendan ko‘ra ko‘proq tayyorlanganday ko‘rinardi. O‘zimga: “Ishga o‘ta olmasam ham, otamning yuzini yerga qaratmasligim kerak”, derdim. Savollarga imkonim boricha javob berishga harakat qildim. 2019-yilda tanlovdan o‘tdim, 2020-yil 11-yanvardan ish boshladim. Bu men uchun butunlay yangi hayotning boshlanishi edi.
Ish boshlaganimdagi ilk kunlar hamon yodimda. 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni arafasida boshqarmamiz ota-ona qaramog‘isiz qolgan, mehribonlik uyida yashaydigan bolalar uchun bayram tashkil qilgandi. Jamoamiz bilan o‘sha tadbirda qatnashdik. Birinchi marta forma kiyganim ham men uchun alohida voqea bo‘lgan.
Biroq ishga kirganimdan ko‘p o‘tmay, koronavirus pandemiyasi boshlandi. Turistlar oqimi keskin kamaydi, xizmat tartibi ham o‘zgardi. Samarqandda harakatlanishga cheklovlar qo‘yilgan, maxsus ruxsatnomasiz avtomobilda yurish mumkin bo‘lmagan davr edi.
Uyim Sog‘diyona mavzesida, xizmat joyim esa Islom Karimov maqbarasi joylashgan hududda edi. Oraliq masofa qariyb 10 kilometr bo‘lgani uchun ishga piyoda borib-kelardim. Mashinam ham, maxsus ruxsatnomam ham yo‘q edi. Taxminan o‘n kun davomida har kuni shunday yo‘l bosdim. Yozning issig‘ida yo‘lga ovqat olib chiqardim. Do‘konlar yopiq bo‘lgani uchun ba’zan ovqatim aynib qolardi. Bir necha soat yo‘lda yurishga to‘g‘ri kelgan kunlar bo‘lgan. Ayrim erkak hamkasblarim postlarga jalb qilingani sababli ba’zi joylarda bir o‘zim xizmat olib borganman. Keyin rahbariyatdan xizmat joyimni uyimga yaqinroq hududga o‘zgartirishni so‘radim.
Shunga qaramay, bu qiyinchiliklar meni kasbimdan sovitmadi. Endigina ish boshlaganim uchun hammasini yengib o‘tsam, keyin osonroq bo‘ladi, deb o‘ylardim.
Ichki ishlar tizimida ayollar hali ham ko‘p emas. Ayol kishi bu sohada ishlamasligi kerak, degan fikrlarga hamon duch kelamiz. Bunday gaplarni hamkasblarimdan ham eshitgan paytlarim bo‘lgan. Qarindoshlarim esa kasbimdan faxrlanishadi. Ayniqsa, tabarruk joylarga kelgan keksa insonlar “Nevaralarimiz ham sizlardek bo‘lsin”, deb duo qilishadi. Shunday paytlarda charchoqni unutaman.
Menimcha, ayol kishi uchun bu kasbdagi eng qiyin masalalardan biri — xizmat va oila o‘rtasida muvozanat saqlash. Uch nafar farzandim bor. Samarqand turizm markazida triatlon musobaqalari, shaxmat turnirlari, xalqaro uchrashuvlar va davlat tashriflari kabi yirik tadbirlar ko‘p o‘tkaziladi. Bunday paytlarda ish jadvalimiz yanada tig‘izlashadi. Ba’zan yo‘llar yopiladi, xizmatga erta borish yoki kech qaytishga to‘g‘ri keladi. Yakshanba kunlari ham ishlaydigan paytlarimiz bo‘ladi.
Shunday kunlarda farzandlarim uyda qolgani uchun vijdonim qiynaladi. Ishga borishdan oldin ovqat tayyorlab qo‘yishga harakat qilaman. Dam oladigan kunimda uy ishlarini bajarib, keyingi kunlar uchun yarim tayyor taomlar tayyorlab qo‘yaman. Kech qolganimda qaynonam bolalarga qaraydi, ovqat ham qilib qo‘yadi. Ularning yordami bo‘lmasa, xizmat va oilani birga olib borish yanada qiyin bo‘lardi.
Kasbimni tashlashni hech qachon jiddiy o‘ylamaganman. Ba’zan uydagi ishlarimni tugatib, ertasi kuni xizmatga borish uchun bir-ikki soatgina uxlagan paytlarim ham bo‘lgan. Meni bu kasbda ushlab turgan narsa — vatanparvarlik, Vatanga va kasbga sadoqat, deb o‘ylayman.
Ishga yangi kirganimizda bizga: “Bu formani shunchaki kiyib, xohlagan paytingiz yechib ketolmaysiz”, deyishgan. Yoshligimizda bu gapning ma’nosini to‘liq tushunmaganmiz. Vaqt o‘tishi bilan forma kiyishning o‘zi katta mas’uliyat ekanini angladim. Pogonlardagi yulduzlar ko‘paygani sari zimmangizdagi mas’uliyat ham ortadi. Endi o‘zingizga: “Men shu kasbga munosib bo‘lishim, unga dog‘ tushirmasligim kerak”, deb qaraysiz. Xizmat meni ham o‘zgartirdi. Ilgari ancha tortinchoq edim. Bilimimga ishonsam ham, odamlar oldida fikrimni erkin ayta olmasdim. Hozir esa kim bilan gaplashishimdan qat’i nazar, fikrimni tushuntirishga va suhbatni to‘g‘ri olib borishga harakat qilaman.
Hozir Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining jamoat tartibini saqlash guruhida inspektor bo‘lib xizmat qilaman. Asosiy ish joyim — Samarqand turizm markazi, ya’ni Silk Road Samarkand hududi. Bu yerda yirik mehmonxonalar, kongress-xoll va “Boqiy shahar” majmuasi joylashgan. Katta tadbirlar, xalqaro uchrashuvlar va davlat tashriflari ko‘p bo‘ladi.
Xizmat kunimiz ertalabki saflanishdan boshlanadi. Topshiriqlarni olgach, belgilangan hududlarga taqsimlanamiz. Vaziyatni kuzatib, boshqarmaning navbatchilik qismiga axborot beramiz. Zarur bo‘lsa, boshqa hududlardagi hamkasblarimizga ham yordamlashamiz. Samarqandda tarixiy obidalar, turizm markazi va Imom Buxoriy majmuasi kabi yo‘nalishlarda xizmat olib boriladi. Tashriflar va tadbirlar jadvaliga qarab, xizmat joyimiz o‘zgarishi mumkin.
Turistlar bizga turli masalalarda murojaat qilishadi. Kimdir manzil so‘raydi, kimdir taksi chaqirishda yordamga muhtoj bo‘ladi. Samarqand turizm markazi shaharning markaziy qismidan uzoqroq joylashgani uchun bu yerda jamoat transporti yoki taksi topish hamisha ham oson emas. Ayrim turistlarda internet bo‘lmaydi, shunday paytlarda taksi chaqirishga yordam beramiz. Ba’zan mehmonxonada yoki taksida buyumlarini unutib qoldirishadi, katta guruhlar esa bir-biridan ajralib qolishi mumkin. Telefoni yo‘qolgan turistlar ham ko‘p murojaat qiladi.
Turistlarning salomatligi bilan bog‘liq holatlar ham uchraydi. Iqlim yoki ob-havo ta’sirida ayrimlarning allergiyasi qo‘zg‘aydi, boshqalarning qon bosimi ko‘tariladi. Bunday paytlarda tibbiy yordam chaqirishga va zarur yordamni tashkil etishga ko‘maklashamiz. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayyorgarligimiz bor, har olti oyda malakamizni oshirib, tegishli bilimlarimizni yangilab turamiz.
Turizm politsiyasi xodimi bo‘lish uchun faqat forma kiyishning o‘zi yetarli emas. Chet tilini bilish, tarixiy obidalar haqida ma’lumotga ega bo‘lish, shahar infratuzilmasini yaxshi tushunish, jismoniy tayyorgarlik va sog‘liq talablariga javob berish kerak. Biz gid yoki professional tarjimon emasmiz, ammo turist biror manzil yoki tarixiy joy haqida so‘rasa, unga to‘g‘ri ma’lumot bera olishimiz zarur.
Menimcha, turizm politsiyasi mamlakatimizning yuzi hisoblanadi. Turist kelganda, avvalo, atrofdagi muhit va odamlarning muomalasiga e’tibor beradi. Bizga savol bilan murojaat qilgan insonni javobsiz qoldirmasligimiz, imkonimiz boricha yordam berishimiz kerak. Chunki turistning biz bilan muloqotidan nafaqat xizmatimiz, balki mamlakatimizdagi madaniyat va tarbiya haqidagi tasavvuri ham shakllanadi.
Fransuz tilini bilishim ishimda hali ham qo‘l keladi. Fransiyadan kelgan sayyohlar bilan o‘z tilida gaplashganimda ular juda xursand bo‘lishadi. Ba’zan guruhidagi boshqa odamlarni ham chaqirib, men bilan suhbatlashtirishadi. O‘z tilida muloqot qilishning o‘zi ularda yoqimli taassurot qoldiradi. Biroq bugun turistlar orasida ingliz tilida gaplashadiganlar ko‘p. Shuning uchun ingliz tilini ham o‘rganish va ko‘nikmalarimni rivojlantirish zarurligini his qilaman. Bir necha yil oldin turk tilini ham o‘rganganman. Hozir esa kundalik xizmatda ko‘proq talab qilinayotgan ingliz tilini mustahkamlashga harakat qilyapman.
Fransuz tili bilan bog‘liq orzularim ham bor. O‘tgan yili ilmiy konferensiyaga taklif olganimda Fransiyaga borish imkoniyati tug‘ilgan edi. Ammo oyog‘imni qayirib olib, gipsda bo‘lganim uchun safarga chiqa olmadim. Bu ko‘p yillik orzularimdan biri edi. Nasib qilsa, bir kuni Fransiyaga borishni istayman.
Hozir Buxoro davlat texnika universitetida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy ish olib boryapman. Tadqiqotim fransuz va o‘zbek tillaridagi sayyohlik terminlarining multimodal vektori hamda vizualizatsiyasiga bag‘ishlangan. Xizmat va oilaviy vazifalar orasida ilmiy ishga vaqt ajratish oson emas, lekin o‘qish va izlanishni davom ettirishga harakat qilaman.
Men odamlar ichki ishlar tizimida ishlaydigan ayollarni ham oddiy insonlar sifatida ko‘rishlarini istardim. Biz ham kimningdir onasi, qizi, opasi yoki turmush o‘rtog‘imiz. Oilamiz, farzandlarimiz va tashvishlarimiz bor. Farqimiz — tanlagan kasbimiz va zimmamizga yuklatilgan vazifada. Ayol kishi bu ishni qilolmaydi, deb o‘ylamaslik kerak. Agar insonning xohishi, intilishi va kasbiga sadoqati bo‘lsa, qiyinchiliklarni yengib o‘tishi mumkin.

