Dunyo

Stalin qatağoni qurbonlari dunyoning 101 şahrida yodga olindi

Stalin qatağoni qurbonlariga bağişlangan «Ismlarni qaytariş» xotira aksiyasi bu yil dunyoning 101 şahrida ötkazildi. Rossiyada ham «Memorial» taşkiloti taqiqlanganidan keyin ilk bor mustaqil xotira tadbirlari bölib ötgani xabar qilindi.

Stalin qatag‘oni qurbonlari dunyoning 101 shahrida yodga olindi

DW nashrining yozishicha, aksiya 29-oktabr — Siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlash kuni arafasida bir qator mamlakatlarda tashkil etilgan. Tadbirning rasmiy saytida bu yil aksiya 29-oktabr kuni yoki undan oldin o‘tkazilgan 101 shahar ro‘yxati berilgan.

Germaniyada xotira tadbirlari 15 shaharda bo‘lib o‘tgan. Ular orasida Berlin, Myunxen, Gamburg, Kyoln, Bonn, Dyusseldorf, Bremen va Bilefeld ham bor.

RFI maʼlumotiga ko‘ra, Parijdagi aksiyani «Memorial Fransiya» uyushmasi tashkil etgan. Ishtirokchilar Menilmontan xiyobonidagi Birinchi jahon urushida halok bo‘lgan parijliklar yodgorligi oldida to‘plangan.

Rossiyada esa 2020-yildan buyon «Ismlarni qaytarish» aksiyasini o‘tkazishga rasmiy ruxsat berilmayapti. Bunga koronavirusga qarshi kurash choralari sabab qilib ko‘rsatilgan.

RFI taʼkidlashicha, 2021-yilda xalqaro «Memorial» jamiyati tugatilganidan keyin tarixiy xotirani saqlashga qaratilgan mustaqil tashabbuslarga bosim kuchaygan. Shunga qaramay, aksiya boshqa mamlakatlarda davom etgan, Rossiyadagi odamlar ham qurbonlarni yodga olish yo‘llarini izlashda davom etmoqda.

The Insider nashriga ko‘ra, bu yil Rossiyada «Memorial» taqiqlanganidan keyin ilk bor mustaqil xotira aksiyalari o‘tkazilgan. Bunday tadbirlar Irkutsk viloyati, Kirov va Velikiy Novgorodda bo‘lib o‘tgan.

30-oktabr kuni Sankt-Peterburg, Chelyabinsk viloyatining Kopeysk hamda Samara viloyatining Tolyatti shaharlarida ham shunday tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Moskvadagi Lubyanka maydonida joylashgan Solovetsk toshi yodgorligiga Shvetsiya, Chexiya, Niderlandiya, Polsha va boshqa mamlakatlar diplomatlari kelgan. RusNews nashrining maʼlum qilishicha, bu yil AQSh elchixonasidan hech kim tadbirda qatnashmagan.

«Ismlarni qaytarish» aksiyasi xalqaro «Memorial» jamiyati tomonidan ilk bor 2007-yilda tashkil etilgan. O‘sha yilning 29-oktabrida Moskvadagi Solovetsk toshi oldida to‘planganlar sovet davlati tomonidan qatag‘on qilingan, jumladan, otib tashlangan odamlarning ismlarini o‘qib eshittirgan.

Shundan buyon qurbonlarning ismlarini o‘qish har yili ham bevosita yig‘ilishlarda, ham masofaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. Tashkilotchilar tadbirlarni internet orqali ham jonli namoyish etadi.

Aksiya saytidagi maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda «Ismlarni qaytarish» tadbirlari dunyoning 150 shahrida bo‘lib o‘tgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.