Mahalliy

SSV, ADFD va UNOPS Beshkent shahrida 300 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha kelishuv imzoladi

SSV, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi va UNOPS Beshkent shahrida 300 o‘rinli ko‘p tarmoqli shifoxona qurish va uni rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Qariyb 127,1 mln dollarlik tashabbus Qashqadaryoda sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish va telemeditsina xizmatlarini kengaytirishni ham qamrab oladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV), Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyihalar bo‘yicha xizmati (UNOPS) Qashqadaryo viloyatining Beshkent shahrida 300 o‘rinli yangi ko‘p tarmoqli shifoxona qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda UNOPS "Gazeta"ga ma’lum qildi.

2026-yil 7-avgustda imzolangan ushbu kelishuv Qashqadaryo viloyatida tibbiy xizmatlarni yaxshilashga qaratilgan loyihaning ikkinchi qismini tashkil etadi. Ushbu yo‘nalish Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston hukumatining sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. U 2024-yil fevralda qabul qilingan prezident qaroriga asosan Qarshi va Beshkent shaharlarida yangi ko‘p tarmoqli shifoxonalar barpo etish hamda ularni zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.

**Beshkent shifoxonasining dizayni**

Beshkentda quriladigan yangi shifoxona mavjud infratuzilmani almashtiradi. Hozirgi binolar qurilish talablari, seysmik barqarorlik va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish standartlariga to‘liq javob bermaydi. Yangi muassasada akusherlik, pediatriya, jarrohlik, yuqumli kasalliklar, patologiya va ambulator tibbiy yordam xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Loyiha doirasidagi yana ikki komponent 2025-yil noyabrda imzolangan bo‘lib, ular Qarshi shahri va viloyatning boshqa hududlarida sog‘liqni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish hamda Qashqadaryo bo‘ylab telemeditsina xizmatlarini joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bu yo‘nalishlar Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

**Qarshi shahri shifoxonasi dizayni**

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati qariyb 127,1 million AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 84,6 million dollari Islom taraqqiyot banki, 42,5 million dollari esa Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.

UNOPS Qarshi va Beshkent shifoxonalari uchun texnik-iqtisodiy asoslar, arxitektura va muhandislik loyihalarini ishlab chiqqan. Loyihaning asosiy maqsadi Qashqadaryo viloyati aholisining sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.