S&P Qozogʻiston bank sektorining xavf-xatarlari bahosini 6-guruhga koʻtardi

S&P Qozogʻiston bank sektorining xavf-xatarlari bahosini 6-guruhga koʻtardi
S&P Global Ratings Qozogʻiston bank sektorining tarmoq xavf-xatarlari boʻyicha bahosini 7-guruhdan 6-guruhga koʻtardi va mamlakatning iqtisodiy xavf-xatarlari boʻyicha prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga oʻzgartirdi, deb xabar berdi Qozogʻiston Moliyaviy bozorni tartibga solish va rivojlantirish agentligi.
Agentlikning bildirishicha, S&P bu haqda 4 sentyabr kuni Bank tizimi mamlakat xavf-xatarlari bahosi (BICRA) doirasida eʼlon qilgan. Ushbu yangilanish Qozogʻiston bank sektori bahosining bundan avval 2021, 2023 va 2024 yillardagi yaxshilanishidan keyin yuz berdi.
S&P maʼlumotlariga koʻra, tarmoq xavf-xatarlari bahosining yuqorilashi moliyaviy institutlar ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha koʻrilgan choralarni aks ettiradi. Agentlikning qayd etishicha, Qozogʻistonning nazorat tizimi yanada bardoshli boʻlib qoldi va iqtisodiy stress davrida moliyaviy barqarorlikni saqlashga yordam berdi. S&P, shuningdek, Qozogʻistondagi bank sohasini tartibga solish va nazorat qilishni mintaqadagi bir qancha boshqa mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Armaniston va Ozarbayjonga qaraganda samaraliroq deb baholadi.
S&P tomonidan tilga olingan chora-tadbirlar qatoriga banklar aktivlari sifatini muntazam ravishda tekshirish, Nazorat tekshiruvi va baholash jarayonini (SREP) joriy etish hamda haddan tashqari tavakkalchilikka nisbatan cheklovlarni kuchaytirish kiradi. Agentlik chakana kreditlash segmentining jadal kengayishi fonida ushbu soha ustidan nazoratni alohida taʼkidlab oʻtdi. S&P, shuningdek, kuchaytirilgan joriy nazorat va monitoring, hisobotlarning yanada shaffofligi, kapital va likvidlikka qoʻyiladigan qatʼiy talablar hamda muntazam stress-testlarni koʻrsatib oʻtdi. Nazorat tizimi korporativ boshqaruv va yuzaga kelayotgan xavflarni, jumladan, kiberbardoshlik va iqlim bilan bogʻliq omillarni ham oʻz ichiga oladi.
«Soʻnggi yillarda bank sektori mintaqadagi geosiyosiy va makroiqtisodiy xavf-xatarlarga nisbatan nisbiy bardoshlilikni namoyish etdi. Moliyaviy tizimdagi umumiy kredit xavfi nazorat ostida qolmoqda», — dedi S&P.
Iqtisodiy xavf-xatarlar prognozining «barqaror»dan «ijobiy»ga oʻzgarishi makroiqtisodiy sharoitlar barqarorlashishi, inflyatsiya pasayishi va aktivlar sifati koʻrsatkichlari yaxshilanishi bilan Qozogʻiston moliyaviy tizimi uchun xavf-xatarlar kamayishda davom etishi kutilayotganini aks ettiradi. BICRA qayta koʻrib chiqilishi Qozogʻistondagi bir nechta moliyaviy institutlarning kredit profillariga ham taʼsir koʻrsatdi. S&P «Bank TsentrKredit»ning uzoq muddatli reytingini «BB+» darajasiga koʻtardi va Freedom guruhi shoʻʼba korxonalarining milliy shkala boʻyicha reytinglarini «kzA» darajasiga oshirdi.
Hozirda «BBB-» reytingiga ega boʻlgan Halyk Bank va «B» reytingiga ega boʻlgan Nurbank uzoq muddatli reytinglari boʻyicha prognozlar «ijobiy» qilib oʻzgartirildi. Freedom Holding xalqaro reytinglari boʻyicha prognoz ham «ijobiy»ga oʻzgartirildi.

