Layfstayl

“Soxta ijrodan qulog‘imni asrayman” — xonanda Mohira Asadova sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan qo‘shiqlar haqida

“Eng katta cheklovim — soxta ijro qiladiganlarni tinglamaslik. Bir-ikki pardani mensimay noto‘g‘ri kuylab ketadigan ijrochilarni eshitgim kelmaydi”, deydi xonanda.

“Soxta ijrodan qulog‘imni asrayman” — xonanda Mohira Asadova sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan qo‘shiqlar haqida

“Shohsanam”, “Muhabbatni chiqargandir chidaganga” kabi qo‘shiqlari bilan tanilgan, 1990-yillarning mashhur xonandasi Mohira Asadova “O‘zimizning gap” loyihasiga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida u 45 yillik ijodiy faoliyati, shaxsiy hayoti hamda farzandi uchun munosib juft izlayotgani haqida so‘zlab berdi.

— 1981-yilda, hali 15 yoshga ham to‘lmagan paytimda san’atga kirib kelganman. O‘sha yilning 15-sentyabrida ansamblga ishga qabul qilinganim haqida qaror chiqqan, ertasi kuni esa 16-sentyabrda 15 yoshga to‘lganman. O‘sha paytda sakkizinchi sinfda o‘qirdim.

Ansamblimizning badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti G‘anijon Toshmatov men uchun ham ustoz, ham ota o‘rnida bo‘lgan inson edi. Ustozlar bilan birga ishlash, jonli ijro va to‘g‘ridan to‘g‘ri efirlarda qatnashish men uchun katta hayotiy va ijodiy maktab bo‘ldi. Bu davrni hech qachon ijodimdan ayro tasavvur qila olmayman, deydi xonanda.

— Ansamblda boshlangan ijodim bugungi kungacha davom etmoqda. Bir soniya ham san’atdan uzoqlashmadim. Hamisha yuragimdagi dard, alam, orzu va armonlarimni qo‘shiqlarim orqali muxlislarimga yetkazishga harakat qildim.

Bir muddat ijodim ko‘zga kamroq tashlanganining sababi — Yevropadagi yirik ovoz yozish kompaniyasi BMG bilan shartnoma tuzganim edi. Hamkorligimiz bir necha yil davom etdi va qo‘shiqlarim jamlangan oltita disk chiqarildi. Bu disklarni Amerikadan Yaponiyagacha bo‘lgan mamlakatlardagi do‘konlarning Osiyo musiqasi bo‘limidan topish mumkin edi.

Shu hamkorlik sabab dunyoning turli davlatlarida o‘tkaziladigan festivallar va ochiq osmon ostidagi konsertlarda qatnashdim. Hatto ikki-ikki yarim soatlik yakkaxon konsertlarimni berish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bolaligimda Maykl Jekson, Madonna va Sting kabi dunyoga mashhur san’atkorlarning konsertlarini ko‘rib, ularga havas qilardim. Ularning muxlislari tik oyoqda turib, qo‘shiqlariga jo‘r bo‘lib kuylashi, raqsga tushishi va san’atkorni qayta-qayta sahnaga chaqirishini ko‘rib hayajonlanardim. Keyinchalik o‘zim ham shunday konsertlar berish baxtiga muyassar bo‘ldim.

— Bugungi musiqa yo‘nalishlariga qarshi emasman. Har bir zamonning o‘z talabi, o‘z tinglovchisi bo‘ladi. Talab bo‘lmasa, taklif ham bo‘lmaydi. Hozir qisqa, tez yodda qoladigan qo‘shiqlar tinglovchiga tezroq yetib boryapti.

Bundan 33 yil avval “Shohsanam” qo‘shig‘ini ijro etganman. 1994-yil Yangi yil bayrami konsertida kuylaganimdan keyin ertasi kuni ko‘chaga chiqsam, odamlar meni Mohira Asadova emas, “Shohsanam” deb taniy boshlashgan. Yosh bolalar ham qo‘shiqni kuylab yurardi. O‘sha paytda hozirgidek ovoz yozish studiyalari ko‘p emasdi. Bozor, metro va do‘konlarda kassetalar qo‘yilib, qo‘shiqlar baland ovozda yangrardi. Qaysi taronaga talab va qiziqish ko‘p bo‘lsa, o‘sha qo‘shiq qayta-qayta eshittirilardi.

Bugungi ijodkorlarga omad tilayman. Ularni doim tanqid qilib, noto‘g‘ri yo‘ldan ketyapsan, deyish to‘g‘ri emas. Bizning ota-bobolarimiz ham o‘z davrida san’atimizdagi yangiliklarni ko‘rib, “Bu nima bo‘lyapti?” deb ajablangan bo‘lishi mumkin. Biz ham bugungi ijodkorlarga shunday munosabatda bo‘lmasligimiz kerak.

Hozir mumtoz qo‘shiqlar va maqomlarga talab avvalgidek yuqori emas. Bolaligimizda ikki-uchta radio va telekanal bo‘lardi, uyimizda ertalabdan kechgacha Shashmaqom yangrardi. Bir qo‘shiq radio va televideniyeda qayta-qayta berilsa, u ommalashardi. Men ham maqomlarni tinglab ulg‘ayganman. Garchi bu yo‘nalishda tahsil olmagan bo‘lsam-da, maqomlar bolaligimdan qon-qonimga singib ketgan. Hozir ham ularni bajonidil tinglayman va ijro etaman.

— Eng katta cheklovim — soxta ijro qiladigan xonandalarni tinglamaslik. Bir-ikki pardani mensimay, noto‘g‘ri kuylab ketadigan ijrochilarni eshitgim kelmaydi. Chunki bunday ijro insonning eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi.

Yosh yoki keksa bo‘lishidan qat’i nazar, imkon qadar mumtoz qo‘shiqlar va ustozlarimiz ijodiga murojaat qilaman. Bugun sun’iy intellekt yordamida besh daqiqada qo‘shiq yaratish ham mumkin. Ammo ustozlarimiz bosib o‘tgan yo‘l oson bo‘lmagan. U paytlarda hozirgidek mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar ham yo‘q edi. Shunday sharoitda Jo‘raxon aka, Ma’murjon aka kabi san’atkorlarning ovozi uzoq masofalarga yetib borgan. Ularning ovozi ham, yuragi ham juda kuchli bo‘lgan.

Avvalgi muxlislarimizning qo‘shiqqa munosabati ham boshqacha edi. Masalan, Abduhoshim Ismoilov bastalagan, Shokirxon Hakimov so‘z yozgan “Qoshlarga o‘sma qo‘ysam ko‘rmadingiz” qo‘shig‘ini Andijondagi bir to‘yda o‘n marta ijro etganman. Bir marta kuylasam, muxlislar yana so‘rashardi. Shunday shinavandalar bor edi, deya so‘zlab berdi Mohira Asadova.

— Bu yil men uchun bir nechta quvonchli sana to‘g‘ri keldi: 60 yoshga to‘ldim, san’atdagi faoliyatimga 45 yil bo‘ldi, yurtimiz Mustaqilligining 35 yilligi ham nishonlandi. 13-noyabr kuni Turkiston san’at saroyida 60 yoshim va 45 yillik ijodiy faoliyatimga bag‘ishlangan konsertim bo‘lib o‘tadi.

Men taqdirimdan roziman. Hech narsadan noroziligim yo‘q, 15 yoshli Mohirani ko‘rib qolsam ham, uni hech narsadan ogohlantirmagan bo‘lardim. Chunki chiroyli yashadim. Bolaligimda musiqa maktabiga trolleybusda ketayotganimda O‘zbekiston xalq artisti Rixsixon Ibrohimovani ko‘rib qolganman. Yugurib borib, ashula daftarimga dastxat yozdirib olganman. O‘sha paytlarda bunday san’atkorlar bilan uchrashishning o‘zi men uchun katta baxt edi.

Yillar o‘tib, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Hamza Umarov, Sora opa, Lutfixonim Sarimsoqova, Farog‘at Rahmatova kabi buyuk san’atkorlar bilan bir sahnada bo‘lish, bir poyezd va avtobusda yurish, bir mehmonxonada yashash nasib etdi. Ular meni Mohira deb tanidi, men esa ularni ustozlarim deb bildim. Bundan ortiq qanday baxt bo‘lishi mumkin? Hayotimda hech narsani o‘zgartirishni istamayman, deydi xonanda.

— Bir o‘g‘lim bor. Uning ko‘ngliga qarash juda mas’uliyatli ekan. O‘g‘limni shunchaki uylantirib qo‘yishni istamayman. Chunki u turmush qurib, ayoli bilan birga yashaydi. Ularning baxtli bo‘lishi men uchun muhim. Shuning uchun Allohdan xayrli nikoh so‘rayman.

Xonadonimizda qiz farzand yo‘q. Men duolarimda kelin emas, qalbi ham, husni ham go‘zal, o‘g‘lim bilan baxtli hayot kechiradigan qiz farzand berishini so‘rayman. Aslida, men bog‘cha tarbiyachisiman. Bolalarni juda yaxshi ko‘raman. Qayerga borsam, kattalar bilan o‘tirishdan ko‘ra bolalar davrasiga qo‘shilib ketaman. Kelajakda nabiralarim bilan o‘ralashib, ular bilan vaqt o‘tkazish menga yuz karra baxt bag‘ishlasa kerak, deydi Mohira Asadova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.