So‘rovnoma: respondentlarning har uch nafaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘p vaqt o‘tkazadi

So‘rovnoma: respondentlarning har uch nafaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘p vaqt o‘tkazadi
“Yuksalish” harakatining “Opinions” sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha so‘rov o‘tkazdi.
“Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot” mavzusidagi so‘rovda O‘zbekistonning 14 ta hududidan 1371 nafar respondent qatnashdi. Tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish maqsadlari, ularga ajratilayotgan vaqt hamda o‘qish, ish va uyquga ta’siri o‘rganildi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 62,2 foizi yoki 853 nafari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini aytgan. 18 yosh va undan katta ishtirokchilarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga ma’lum darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13—17 yoshli respondentlar orasida ijtimoiy tarmoqlarning uyquga ta’sirini sezganlar ulushi 74,4 foizni tashkil etgan. Ushbu yosh guruhidagi ishtirokchilarning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalariga ham xalaqit berishini bildirgan.
O‘smirlarning 66,7 foizining ota-onasi ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy, 28,2 foizining ota-onasi esa ba’zan nazorat qilishini ko‘rsatgan. O‘smirlarning 5,1 foizi ota-onasi bu borada ularni nazorat qilmasligini bildirgan.
Respondentlarning 37,3 foizi yoki 512 nafari ish yoki o‘qish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kuniga ikki soatdan ortiq vaqt sarflaydi. Ishtirokchilarning 12,4 foizi yoki 170 nafari esa ulardan kuniga to‘rt soatdan ko‘proq foydalanishini bildirgan.
Dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga to‘rt soatdan ortiq vaqt ajratadiganlar ulushi 19,7 foizni yoki 270 nafarni tashkil etgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi yoki 458 nafari ularda keragidan ko‘proq vaqt o‘tkazayotganini tan olgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini kamaytirishga uringanlarning 511 nafari bunga erishgan, 327 nafari esa erisha olmagan. Respondentlarning 28 foizi vaqtni kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda kuniga ikki soatdan ortiq vaqt o‘tkazadiganlar ulushi nafaqadagi respondentlar orasida 54 foizni tashkil etgan. Uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band ishtirokchilarda bu ko‘rsatkich 43,7 foiz, talabalarda 32,7 foiz, maktab o‘quvchilarida esa 27,3 foiz bo‘lgan.
So‘rovda Telegram eng ko‘p foydalaniladigan platforma bo‘lgan. Uni respondentlarning 88,9 foizi yoki 1219 nafari tanlagan. Keyingi o‘rinlarda Instagram 73,5 foiz va YouTube 61,8 foiz bilan qayd etilgan. Facebook’dan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi yoki 338 nafari foydalanishini bildirgan.
Respondentlarning 69,9 foizi yoki 958 nafari ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanadi. Yangiliklarni kuzatishni 64 foiz, ta’lim olishni 43,8 foiz, ko‘ngilochar kontentni 42,2 foiz, daromad va kasbiy maqsadlarni esa 40,6 foiz ishtirokchi tanlagan.
Respondentlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq muammolar orasida eng ko‘p ortiqcha vaqt sarflashni qayd etgan. Bu variantni ishtirokchilarning 30,1 foizi yoki 413 nafari tanlagan.
Soxta yoki ishonchsiz axborotni 18,6 foiz, firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishini esa 13,2 foiz respondent eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo deb hisoblagan.
Shuningdek, ishtirokchilarning 6,9 foizi uyqu va salomatlikka ta’sirni, yana 6,9 foizi oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini, 4,2 foizi haqorat va tazyiqni ko‘rsatgan. Respondentlarning 8,5 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish muammo keltirib chiqarmaydi deb hisoblagan.
“Yuksalish” harakati so‘rov natijalaridan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish bo‘yicha tizimli dasturlar ishlab chiqishni tavsiya qilgan.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalari va mahallalarda vaqtni boshqarish, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, soxta axborotni aniqlash va ijtimoiy tarmoqlardan ongli foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.

