Sogʻliqni saqlash vazirligi 14 milliard soʻmlik tender bekor qilinishi sababini maʼlum qildi

Sogʻliqni saqlash vazirligi 14 milliard soʻmlik tender bekor qilinishi sababini maʼlum qildi
Sogʻliqni saqlash vazirligi 14 milliard soʻmlik toʻrtta multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) apparatini xarid qilish boʻyicha tender ishtirokchilarning texnik takliflarini baholashdagi xatolik tufayli bekor qilinganini tushuntirdi.
Idora xabariga koʻra, ishtirokchilardan biriga yetarli asoslarsiz servis xizmati uchun ball qoʻshib berilgan, shundan soʻng xarid komissiyasi tender natijalarini bekor qilgan.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, tender yakunlanganidan keyin «Skymed-Technologies» kompaniyasidan murojaat kelib tushgan. Xarid komissiyasi uni koʻrib chiqib, tibbiyot muassasalarining ekspert guruhi ishtirokchilarning texnik takliflarini baholashda xatoliklarga yoʻl qoʻygan degan xulosaga kelgan.
Xususan, gʻolibga servis xizmati koʻrsatish bilan bogʻliq mezon boʻyicha asossiz ravishda qoʻshimcha ball hisoblangan. Shu sababli, xarid komissiyasi 18 sentyabrdagi qarori bilan tender natijalarini bekor qilgan.
Avvalroq Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tenderni oʻrganish davomida «Raqobat toʻgʻrisida»gi qonunning 29-moddasi buzilganini aniqlagani haqida xabar bergan edi, chunki uning shartlari erkin raqobatni cheklagan va ayrim ishtirokchilar uchun ustunliklar yaratgan.

