Sobiq boʻlish qoʻrqinchli
Qirgʻiziston sobiq prezidenti Atamboyevning oʻgʻli uchun 7,5 yil qamoq jazosi soʻraldi

Sobiq boʻlish qoʻrqinchli
Bishkekning Birinchi may tuman sudida ayblov tomoni Qirgʻiziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning oʻgʻli Qodirbek Atambayevga 7 yil-u 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini talab qildi, deb xabar beradi Ozodlik radiosining qirgʻiz xizmati. Ish oʻtgan yili Qirgʻizistonda boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari parlament saylovlari arafasida ommaviy tartibsizliklar tayyorlash gumoni bilan bogʻliq.
Qodirbek Atambayevdan tashqari, ish boʻyicha Sotsial-demokratlar partiyasining bir necha aʼzosi va boshqa shaxslar oʻtmoqda. Prokuror Temirlan Sultanbekovga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini soʻradi. Qubanichbek Qodirov, Ermek Ermatov va Qozogʻistonning ikki fuqarosi uchun ham ayblov tomoni 7 yil-u 6 oydan jazo talab qildi.
Qodirbek Atambayev avvalroq tartibni buzgani uchun sudya tomonidan sud zalidan chiqarib yuborilgan va bir nechta majlisni oʻtkazib yuborgan edi. Uning advokati Sergey Slesarev sudlanuvchining muzokaralar bosqichida, soʻnggi soʻz va hukm oʻqib eshittirilayotganda shaxsan ishtirok etishini soʻrab iltimosnoma kiritdi.
Ish figurantlari oʻtgan yilning noyabr oyi oxirida qoʻlga olingan edi. Tergov talqiniga koʻra, ular parlamentga muddatidan oldin oʻtkazilgan saylovlardan keyin ommaviy norozilik aktsiyalarini tayyorlagan. Ayblanuvchilar va ularning himoyachilari bu xulosalarga qoʻshilmaydi.
Qirgʻiziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning oʻzi hozirda Ispaniyada boʻlib, u yerga 2023 yildagi sud qaroridan keyin davolanish uchun ketgan edi. 2025 yilning iyun oyida Bishkek sudi uni sirtdan mol-mulkini musodara qilgan holda 11 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Sobiq prezident ushbu hukmni «siyosiy qasos» deb atagan.

