Sirdaryoda jinoyat sodir qilgan 2 nafar IIB xodimi qamaldi
Xovos tumani IIBning ikki xodimi jinoiy ishni maʼmuriy huquqbuzarlikka aylantirib berish vaʼdasi bilan fuqarodan 35 mln soʻm talab qilishgan. Ular kelishilgan mablagʻning bir qismini olayotganda tezkor tadbirda ushlangan. Sud ularni pora olish va dalillarni qalbakilashtirish jinoyatlarida aybli deb topdi.

Sirdaryoda jinoyat sodir etgan 2 nafar IIB xodimi qamaldi
Sirdaryoda 2 nafar IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi.
Maʼlum qilinishicha, Xovos tumanidagi fermer xoʻjaligi rahbari yer maydonida sodir etilgan noqonuniy holat yuzasidan IIBga murojaat qilgan. U oʻziga yetkazilgan zarar katta miqdorda ekanini bildirib, tegishli tartibda jinoiy ish qoʻzgʻatilib, aybdorga nisbatan qonuniy chora koʻrilishini soʻragan.
Arizaga ko‘ra, mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlangan, u fermerga 30-40 mln soʻm atrofida zarar yetkazgani maʼlum bo‘lgan. Xovos tumani IIBning ikki xodimi ushbu jinoyatni yashirish maqsadida oʻzlari soxta dalillar tayyorlagan: ular fermerga gumondor 30 mln soʻm zararni qoplay olmasligini, undan 10-12 mln soʻm atrofida undirib berishlarini aytishgan. Fermer xoʻjaligi rahbari bunga rozi boʻlgan.
Shundan keyin xodimlar gumondor shaxsni qoʻrqitib, fermerga 50 mln soʻm zarar yetkazganini, ushbu summani toʻlamasa qamalib ketishini aytishgan. Gumondor avvaliga 24 mln soʻm olib kelgan. Xodimlar bu pulning 12 mln soʻmini jabrlanuvchiga bergan hamda holat bo‘yicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilmasligini, ish suddan maʼmuriy tartibda oʻtishini bildirgan.
Xodimlar kelishilgan 35 mln soʻmdan qolgan 11 mln soʻmni olayotgan paytda tezkor tadbirda qoʻlga olingan.
JIB Sayxunobod tuman sudi hukmi bilan sobiq xodimlar pora olish va dalillarni qalbakilashtirish jinoyatlarini sodir etishda aybli deb topilgan. Ulardan biriga 5 yil 1 oy, ikkinchisiga 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, sud tomonidan shu kabi jinoyatlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha xususiy ajrim chiqarilib, Sirdaryo viloyati IIBga yuborilgan.

