Sirdaryoda bog‘cha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgan rahbar 20,6 mln so‘m jarimaga tortildi

Sirdaryoda bog‘cha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilgan rahbar 20,6 mln so‘m jarimaga tortildi
Sirdaryo viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati fosh etildi.
Ombudsmanga fuqaro D.S. murojaat qilib, ushbu tashkilotda xodimlar majburiy mehnatga jalb qilinayotgani bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat ombudsman nazoratiga olinib, holat uning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Davlat mehnat inspeksiyasi ishtirokida o‘rganildi.
Tekshiruv jarayonida bir nechta xodim tashkilot binosi va hovlisida qurilish ishlari yakunidan keyingi tozalash ishlariga jalb qilingani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, xodimlar “Tashabbusli byudjet” portalidagi loyihaga ovoz yig‘ishga ham majburan safarbar qilingan.
Davlat mehnat inspeksiyasi ushbu holatlarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganini va Mehnat kodeksining 5-moddasi talablari buzilganini aniqladi.
Shu sabab maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari G.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga (mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash) asosan BHMning 50 baravari — 20,6 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

