Sirdaryo viloyatida qizcha tez yordam mashinasida dunyoga keldi
Sayxunobod tumanida tibbiyot xodimlari tez yordam avtomobilida tugʻruqni qabul qilishdi. Ona va yangi tugʻilgan chaqaloqning ahvoli yaxshi deb baholanmoqda.

Sirdaryo viloyatida qizcha tez yordam mashinasida dunyoga keldi
Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tez tibbiy yordam avtomobilida qiz bola dunyoga keldi. Toʻlgʻoq tutayotgan ayolni shifoxonaga kuzatib borayotgan navbatchi shifokor va feldsher tugʻruqni qabul qilib oldi. Bu haqda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Voqea 1 noyabr kuni soat taxminan 03:30 larda sodir boʻlgan. Tibbiyot muassasasiga borish yoʻlida ayolning toʻlgʻogʻi kuchaygan va tibbiyot xodimlari tugʻruqni toʻgʻridan-toʻgʻri tez yordam mashinasida qabul qilishlariga toʻgʻri kelgan.
Navbatchi shifokor Xonsuluv Masrurova va feldsher Salima Mavlonova bemorning ahvolini tezda baholab, zarur yordamni koʻrsatishgan. Natijada sogʻlom qizcha dunyoga kelgan.
Hozirda ona va bolaning ahvoli yaxshi va ular shifokorlar nazoratida boʻlib turibdi.

