Mahalliy

Singapur ishbilarmonlari O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytiradi

Singapur ishbilarmon doiralari O‘zbekistondagi sarmoyaviy faoliyatini kengaytirish niyatida.

28-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Singapur katta vaziri Li Syan Lun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, suhbat avvalida katta vazir Singapur prezidenti Tarman Shanmugaratnam va bosh vaziri Lourens Vongning samimiy salomlari hamda ezgu tilaklarini yetkazdi. Uchrashuvda Oʻzbekiston—Singapur munosabatlarining izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Siyosiy muloqot va barcha darajadagi ikki tomonlama aloqalar faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni jadal surʼatlarda oʻsib bormoqda. Singapurning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi. Singapur ishbilarmonlarining O‘zbekistondagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirish rejalari ma’qullandi. Strategik va innovatsion sheriklik boʻyicha oʻrta muddatli qoʻshma dasturni ishlab chiqishga kelishib olindi, unda savdo, investitsiyalar, texnologiyalar transferi, davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlarga ustuvorlik beriladi.

Oʻzbekistonda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va raqamli bank tizimini rivojlantirishda Singapurning ilgʻor tajribasini joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Singapur oliy taʼlim muassasalarining mamlakatdagi faoliyati bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlanishi bildirildi.

Yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini baholash va qoʻshma rejalarni muvofiqlashtirish uchun siyosiy va iqtisodiy tuzilmalar oʻrtasida muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Yaqinda Oʻzbekiston BMTning Mediatsiya toʻgʻrisidagi Singapur konvensiyasiga qoʻshilgani olqishlandi.

Xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.