Sietl va Toshkent sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qiladi
Washingtondagi Bosh konsulxonada O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Forum Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi hamkorligida o‘tkazildi.

Sietl va Toshkent sun’iy intellekt yo‘nalishida hamkorlik qiladi
30-oktyabr kuni O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida Seattle AI Week doirasida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat idoralaridan qariyb 60 nafar vakil ishtirok etdi. Bu haqda Bosh konsulxona “Daryo”ga ma’lum qildi.
Forum O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) hamkorligida tashkil etildi.
Muhokamalarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi texnologik sheriklikni kengaytirish, sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb etish masalalari ko‘tarildi.
Prezident Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova O‘zbekistonning raqamli rivojlanishdagi ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi. U ikki davlat o‘rtasidagi biznes va investitsiya aloqalari rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparov esa xalqaro texnologik kompaniyalar bilan hamkorlikda yoshlarni o‘qitish, sun’iy intellekt uchun hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va o‘zbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Sietl shahrining texnologiyalar bo‘yicha bosh direktori Shennon Smit sun’iy intellektdan kommunal xizmatlarni yaxshilash, qurilish tartib-taomillarini soddalashtirish va yo‘l harakati xavfsizligini oshirishdagi tajribasini taqdim etdi.
Shuningdek, ishtirokchilar sun’iy intellektni qishloq xo‘jaligi, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda qo‘llash istiqbollarini muhokama qildi.
Forumda Microsoft'ning dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yo‘nalishining sobiq prezidenti Juliya Lyuson sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ta’lim dasturlarini zamonaviy talablarga moslashtirish muhimligini qayd etdi.
Tadbir yakunida O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va WDTA o‘rtasida texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjat universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim tashabbuslari va sinov loyihalarini o‘rganishni nazarda tutadi. Shuningdek, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

