Shomurodov dubl qayd etgan bahsda “Bashakshehir” yirik hisobda g‘alaba qozondi

Shomurodov dubl qilgan uchrashuvda “Bashakshehir” yirik hisobda zafar quchdi
Turkiya Superligasining 6-turida “Bashakshehir” o‘z maydonida “Genchlerbirligi”ni qabul qildi. Bellashuv Istanbul klubining 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Dastlabki daqiqalardanoq mezbonlar hisobni ochishga erishdi. 9-daqiqada Skov Olsen gol urdi. Shundan keyin “Bashakshehir” faollikni oshirib, yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi. 33-daqiqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Ivan Brnichning uzatmasini golga aylantirib, farqni ikkitaga yetkazdi — 2:0.
Ikkinchi bo‘lim ham maydon egalari ustunligida kechdi. 53-daqiqada Deyvi Selke penaltidan aniq zarba berib, hisobni yiriklashtirdi. 66-daqiqada Eldor Shomurodov dublni rasmiylashtirib, uchrashuv yakunini belgiladi — 4:0.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, “Bashakshehir” safidagi ikki o‘zbekistonlik futbolchi ham maydonga tushdi. 77-daqiqada Abbosbek Fayzullayev Ivan Brnich o‘rniga o‘yinga qo‘shildi. Ikki gol muallifi bo‘lgan Eldor Shomurodov esa 77-daqiqada o‘rnini Berkay O‘zjanga berdi.
Mazkur g‘alabadan keyin “Bashakshehir” muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritib, turnir jadvalida 12-o‘ringa ko‘tarildi. 7 ochkoga ega “Genchlerbirligi” esa 13-pog‘onaga tushib ketdi.
Turkiya Superligasi, 6-tur
“Bashakshehir” — “Genchlerbirligi” 4:0
Gollar: 1:0 — Olsen (9), 2:0 — Shomurodov (33), 3:0 — Selke (53, penalti), 4:0 — Shomurodov (66).

