“Shaxmatdan zavq olishga harakat qildim”. Sindarov — toj uchun kechadigan o‘yin oldidan so‘nggi turnir haqida
Javohir Sindarov AQShdagi Clutch Chess turniridagi g‘alabasidan so‘ng Dommaradju Gukeshga qarshi jahon chempioni unvoni uchun kechadigan uchrashuvga tayyorgarlik haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sent Luisdagi muvaffaqiyat unga ishonch bag‘ishlagan, biroq bo‘lajak uchrashuv mutlaqo boshqacha yondashuvni talab etadi.

“Shaxmatdan zavq olishga harakat qildim”. Sindarov — toj uchun kechadigan o‘yin oldidan so‘nggi turnir haqida
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQShning Sent Luis shahrida 27−29-oktabr kunlari o‘tkazilgan Clutch Chess: Champions Showdown turniridagi g‘alabasi haqida fikr bildirdi.
Uch kunlik musobaqa yakunida 20 yoshli Sindarov 20,5 ochko to‘plab, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa (19 ochko), amerikalik Fabiano Karuana (16,5) va Xikaru Nakamurani (12) ortda qoldirdi. O‘zbekistonlik shaxmatchining mukofot jamg‘armasi va bonuslar bilan birga hisoblangan umumiy daromadi 168 ming dollarni tashkil etdi.
Musobaqa tugagach Lichess’ga bergan intervyusida shaxmatchi bu g‘alaba uning uchun alohida ahamiyatga ega ekanini, chunki turnir jahon shaxmat toji uchun bo‘ladigan o‘yin oldidan oxirgisi bo‘lganini aytdi.
“Albatta, men xursandman. Jahon chempionligi uchun kechadigan uchrashuv oldidan ushbu turnir men uchun juda katta ahamiyatga ega. Men ushbu o‘yin oldidan so‘nggi turnirda shaxmatdan zavq olishga harakat qildim, chunki oldindagi uchrashuv juda og‘ir kechishini bilaman. Bu yerda vaqtimni ajoyib o‘tkazdim, partiyalar ham yaxshi bo‘ldi. Albatta, natijamdan qoniqdim, bugungi kun esa shunchaki ajoyib o‘tdi”, — dedi Sindarov.
Lichess boshlovchisi amaldagi jahon chempioni Dommaradju Gukesh 2025-yilgi Clutch Chess turnirida qatnashib, so‘nggi o‘rinni olganini, Sindarov esa 2026-yilda g‘olib chiqqanini eslatdi.
Bu natijalarni bo‘lajak jahon toji uchun kechadigan o‘yinning o‘ziga xos bashorati deb talqin qilish mumkinmi, degan savolga o‘zbekistonlik grossmeyster salbiy javob berdi.
“Men bu nimanidir anglatadi deb o‘ylamayman. Men eng yaxshi yurishlarga ishonaman va bu kabi omillarga ishonmayman. Mening maqsadim — jahon chempionligi uchun kechadigan uchrashuvda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatish, uyog‘ini esa ko‘ramiz. Men haqiqatan ham bunday narsalarga ishonmayman”, — dedi grossmeyster.
Shu bilan birga, u bunday kuchli raqiblar ustidan qozonilgan g‘alaba faoliyatidagi eng muhim uchrashuv oldidan ishonch berishini tan oldi.
“Albatta, g‘alaba qozonish hamisha yoqimli. Bu muayyan darajada ishonch bag‘ishlaydi. Lekin bu uchrashuv, butunlay boshqacha diqqat-e’tibor bilan yondashish kerak bo‘lgan mutlaqo boshqa musobaqa. Albatta, bunday kuchli ishtirokchilar tarkibiga ega og‘ir turnirda g‘olib chiqish yoqimli”, — dedi Sindarov.
Shaxmatchi, shuningdek, Sent Luis shaxmat klubi va tashkilotchilarga taklif hamda musobaqani o‘tkazganlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Turnirning so‘nggi kunida Sindarov uchta g‘alabaga erishdi va uch bor durang o‘ynab, peshqadam Pragnanandxadan 2,5 ochkolik farqni yo‘qqa chiqardi.
Ayniqsa, Xikaru Nakamuraga qarshi partiya juda yorqin kechdi, unda o‘zbekistonlik shaxmatchi qora donalarda o‘ynab, eski hind himoyasini qo‘lladi. Raqib shohiga hujum chog‘ida Sindarov filni qurbon qildi, so‘ng ikki marta ruxni yengil figuraga almashtirdi.
Turnirdagi g‘alabadan keyin Saint Louis Chess Club’ga bergan intervyusida u bu partiyaga yuqori baho berdi.
“Xikaru bilan o‘ynaganimda bu hayotimdagi eski hind himoyasida o‘tkazilgan eng yaxshi partiyalardan biri bo‘ldi. Hatto shunday qisqa vaqt nazoratida ham juda yaxshi o‘ynadim”, — dedi Sindarov.
Osonroq yo‘llar bilan g‘alabaga erishish imkoniyati bo‘lsa-da, kombinatsion o‘yinni davom ettirish qarorini izohlar ekan, grossmeyster shunday dedi:
Uning aytishicha, musobaqaning so‘nggi kuni ertalab Instagram’da sharhlovchilar Yasser Seyravan va Moris Eshli uni o‘z favoritlari deb atagan videoni ko‘rib qolgan.
“Men: to‘xta-chi, balki bugun haqiqatan ham yaxshi o‘ynashim kerakdir, deb o‘ylab qoldim”, — dedi shaxmatchi.
Sindarovning ta’kidlashicha, uning dastlabki rejasi so‘nggi kundagi barcha mini-uchrashuvlarda g‘alaba qozonish bo‘lgan.
Shu bilan birga, u Fabiano Karuanaga qarshi partiyalarning birida ustunlikni g‘alabaga aylantira olmaganidan so‘ng, bir vaqtning o‘zida Pragnanandxaning muvaffaqiyatli o‘yinini kuzatib, biroz xavotirga tushganini tan oldi.
Lichess’ga bergan intervyusida grossmeyster Karuanaga qarshi o‘tkazilgan durang partiyani alohida qayd etdi.
“Menga Fabiga qarshi qora donalarda o‘ynalgan va durang bilan yakunlangan partiya juda yoqdi. Juda yaxshi bosim o‘tkazdim, lekin vaqt yetmay qoldi. Bu partiya haqiqatan ham fantastik bo‘ldi”, — dedi u.
Sindarov, shuningdek, o‘z shohining xavfli holatida kechgan murakkab pozitsiyada Pragnanandxa ustidan qozonilgan g‘alabani ham muhim deb atadi.
Intervyu davomida shaxmatchidan Lichess platformasidagi faolligi, xususan, juda qisqa vaqt nazoratiga ega, ya’ni har bir partiyaga bir daqiqadan beriladigan bullet shaxmat o‘ynashi haqida ham so‘rashdi.
Sindarovning so‘zlariga ko‘ra, ba’zan u bunday partiyalardan stressni chiqarish uchun foydalanadi.
“Ba’zan yengil stress his qilganimda, videoo‘yinlar o‘ynash o‘rniga bullet o‘ynashga harakat qilaman. Albatta, menga Lichess’da o‘ynash yoqadi. Maqsadim reytingni doimo 3300 darajasida ushlab turish va men bu uchun kurashaman”, — dedi grossmeyster.
U “1+0” vaqt nazoratidagi partiyalar kichik taktik imkoniyatlarni tezroq payqashga yordam beradi, deb hisoblaydi.
Biroq Sindarov nisbatan pastroq darajadagi shaxmatchilarga bunday formatni tavsiya etmaydi.
“Oddiy darajada bunday formatda o‘ynashni tavsiya qilmagan bo‘lardim. G‘oyat kuchli shaxmatchiga aylanganingda, bu kichik taktik imkoniyatlarni juda tez payqashga yordam berishi mumkin”, — deya tushuntirdi u.
Javohir Sindarov va amaldagi chempion Dommaradju Gukesh o‘rtasidagi jahon chempioni unvoni uchun kechadigan uchrashuv 2026-yilning 22-noyabridan 12-dekabriga qadar Jenevada (Shveysariya) bo‘lib o‘tadi. Birinchi partiya 24-noyabrga belgilangan.
Qarama-qarshilik klassik vaqt nazorati ostidagi maksimal 14 ta partiyadan iborat bo‘ladi. Muddatidan oldin g‘alaba qozonish uchun ishtirokchilardan biri 7,5 ochko jamg‘arishi kerak. Agar 14 ta partiyadan so‘ng hisob teng bo‘lib qolsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.
Uchrashuvning mukofot jamg‘armasi kamida 2,5 mln dollarni tashkil etadi.
Sindarov 2026-yili Kiprda bo‘lib o‘tgan Da’vogarlar turnirida 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘arib, musobaqa yakunlanishiga bir tur qolganda birinchi o‘rinni ta’minladi va amaldagi jahon chempioni bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi.
Gukesh jahon tojini 2024-yilning dekabrida xitoylik grossmeyster Din Lijenni mag‘lub etib qo‘lga kiritgan edi.
Bo‘lajak uchrashuvning ikkala ishtirokchisi ham 20 yoshda. Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) ma’lumotiga ko‘ra, bu shaxmat tarixidagi ishtirokchilar yoshi bo‘yicha eng yosh jahon chempionligi uchrashuvi bo‘ladi.

