Shaxmat Olimpiadasidagi uy-joy va viza muammolari: FIDE kompensatsiya eʼlon qildi va Kongressni koʻchirishga ruxsat berdi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasida joylashish bilan bogʻliq muammolarga duch kelgan jamoalarga kompensatsiya toʻlaydi. Hindiston terma jamoasi bir necha soat davomida mehmonxonaga joylasha olmadi. Shu bilan birga, federatsiya delegatlarning bir qismida viza muammolari yuzaga kelgani sababli Kongressni koʻchirishga ruxsat berdi.

Shaxmat Olimpiadasidagi uy-joy va viza muammolari: FIDE kompensatsiya eʼlon qildi va Kongressni koʻchirishga yoʻl qoʻydi
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Samarqanddagi Butunjahon shaxmat olimpiadasida joylashish bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelgan jamoalarga kompensatsiya toʻlaydi.
FIDE xabariga koʻra, Olimpiadaning birinchi kunida joylashtirishni tashkil etishdagi kamchiliklar tufayli ayrim jamoalar normal uy-joysiz qolishgan va oʻz hisoblaridan shaharda mustaqil ravishda xonalar ijaraga olishga majbur boʻlishgan. Federatsiya joylashtirish masalalari mahalliy tashkiliy qoʻmita vakolatiga kirishini taʼkidladi, biroq jabrlangan ishtirokchilarga moliyaviy yordam koʻrsatishga qaror qildi.
Oʻzlari uy-joy izlashga majbur boʻlgan jamoalarga uch kungacha boʻlgan muddat uchun tegishli darajadagi joylashish qiymati kompensatsiya qilinadi. Bundan tashqari, FIDE tomonidan tasdiqlangan standartlarga javob bermaydigan rasmiy mehmonxonalarda yashashga majbur boʻlgan jamoalar qoʻshimcha kompensatsiya oladilar. Toʻlovlar miqdori oshkor etilmayapti.
FIDE tashkiliy muammolar tufayli afsusda ekanini bildirdi va jabrlangan federatsiyalar hamda jamoalardan uzr soʻradi. Tashkilot oʻzlarining ustuvor vazifasi — yuzaga kelgan vaziyat tufayli ishtirokchilarning moliyaviy yoʻqotishlariga yoʻl qoʻymaslik ekanini taʼkidladi.
Joylashish bilan bogʻliq qiyinchiliklar, xususan, Hindiston terma jamoasida yuzaga keldi.
The Indian Express nashrining xabar berishicha, Samarqandga yetib kelganidan soʻng bir nechta shaxmatchi bir necha soat davomida Silk Road by Minyoun mehmonxonasidan xona ololmagan.
Erkaklar jamoasi kapitani Shrinatx Narayanan nashrga bergan intervyusida, jamoa olgan maʼlumotlarga koʻra, mehmonxonada boʻsh xonalar tugab qolgan, band qilish haqidagi maʼlumotlar esa mahalliy tashkiliy qoʻmita tomonidan mehmonxonaga topshirilmagan.
Narayanan, shuningdek, X tarmogʻida uchib kelganidan besh soat oʻtgach ham jamoa hali xona ololmagani va masala qachon hal boʻlishini tushunmaganini yozdi. Grossmeyster Vidit Gujrati Samarqanddagi Olimpiadadan olgan ilk taassurotlarini «juda yomon» deb atadi.
Butunhindiston shaxmat federatsiyasi vaziyatni barqarorlashtirish uchun delegatsiya rahbari, grossmeyster Abxidjit Kunteni yubordi. Keyinroq Narayanan oʻzbekistonlik shaxmat rasmiylari va mehmonxona vakillari Hindiston delegatsiyasi bilan uchrashib, yuzaga kelgan muammolarni hal qilishda yordam berishganini maʼlum qildi.
Ishtirokchilarni joylashtirishdagi qiyinchiliklar haqida Olimpiada boshlanishidan oldin oʻtkazilgan rasmiy matbuot anjumanida ham soʻz yuritildi. FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand uy-joy, akkreditatsiya va vizalar bilan bogʻliq muammolar borligini tan oldi va xalqaro federatsiya mahalliy tashkiliy qoʻmita bilan birgalikda ularni bartaraf etish ustida ishlayotganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻsha paytga kelib masalalarning bir qismi hal qilingan edi.
Shu bilan birga, FIDE Olimpiadaning bir qism ishtirokchilari va tashkilot Kongressi delegatlari viza olishda muammolarga duch kelayotganini maʼlum qildi. Federatsiya maʼlumotlariga koʻra, bir nechta ishtirokchilar, jumladan, FIDEning boʻlajak saylovlarida ovoz berish huquqiga ega boʻlgan delegatlar, shuningdek, FIDE Kengashi aʼzosi Benard Vanjala haligacha zarur vizalarni olishmagan.
FIDE Kongress faqat ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega boʻlgan barcha ushbu huquqni amalga oshira olishi sharti bilangina oʻtkazilishi mumkinligini taʼkidladi. Agar viza masalalari hal etilmasa va FIDE delegatlari hamda Kengash aʼzolarining huquqlari kafolatlanmasa, tashkilot Kengashi Kongressni boshqa muddatga va boshqa joyga koʻchirish imkoniyatini koʻrib chiqadi.
FIDE Kongressi Samarqandda 20-27 sentyabr kunlari boʻlib oʻtishi kerak, Bosh assambleya yigʻilishi va federatsiya rahbariyati saylovlari esa 26-27 sentyabrga rejalashtirilgan.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda boʻlib oʻtmoqda. Birinchi tur 16 sentyabr kuni boʻlib oʻtdi. Ochiq sektsiyada 208 ta jamoa, ayollar sektsiyasida esa 191 ta jamoa ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston oʻz uyidagi shaxmat Olimpiadasini barcha oltita terma jamoasining gʻalabasi bilan boshladi. Uchta erkaklar jamoasi Yamayka, Afgʻoniston va Malini, ayollar jamoalari esa Trinidad va Tobago, Togo hamda Tanzaniyani magʻlub etishdi.

