Afrikalik va hindistonlik shaxmatchilar Samarqanddagi Olimpiada oldidan viza va joylashtirishdagi muammolarga duch keldi

Afrikalik va hindistonlik shaxmatchilar Samarqanddagi Olimpiada arafasida viza hamda joylashtirish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch keldi
ACC ma’lumotiga ko‘ra, bir qator afrikalik delegatlar hujjatlarini oldindan topshirgan bo‘lishiga qaramay, hanuz viza olmagan. Shu bilan birga, ayni delegatsiyalarning boshqa ishtirokchilari vizalarini olib, O‘zbekistonga yetib kelgan.
Qayd etilishicha, ayrim shaxmatchilar mehmonxonaga joylashish uchun bir necha soat kutishga majbur bo‘lgan, ba’zi holatlarda esa bir nechta sportchi bitta yotoqdan foydalanishga to‘g‘ri kelgan.
Konfederatsiya Madagaskar delegatsiyasi bilan bog‘liq vaziyat haqida ham xabar bergan. Ularning aytishicha, shaxmatchilar soat 04:30 da kelgan, biroq ularning bir qismi xonalarni faqat bir necha soatdan keyin olgan. Ayrim sportchilar esa keyingi tonggacha mehmonxona foyesida qolib ketgan.
ACC Namibiya terma jamoasi bilan bog‘liq holatni ham alohida qayd etgan. Konfederatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ikki nafar shaxmatchiga O‘zbekistonga kirishga aeroportning o‘zida ruxsat berilmagan va ular ortga qaytarilgan. Natijada besh kishidan iborat jamoa uch nafar o‘yinchi bilan qolgan.
Joylashtirish masalasidan Hindiston vakillari ham shikoyat qilgan. Ayrim shaxmatchilar mehmonxonaga joylashish uchun bir necha soat kutishga majbur bo‘lgan, chunki mahalliy shaxmat qo‘mitasi ular uchun xonalarni band qilmagan.
Shundan so‘ng sportchilar muammo haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozgan. Ishtirokchilardan biri bu holatni olimpiada haqidagi “juda yomon ilk taassurot” deb atagan.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida muammo bartaraf etilganini ma’lum qildi.
“Hindiston terma jamoasi a’zolarining barchasiga xonalar ajratildi va Olimpiadaning qolgan qismi ijobiy ruhda o‘tishiga ishonamiz”, deya yozgan Sa’dullayev.
Ma’lumot uchun, Samarqand shahrida 15–28-sentyabr kunlari 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi o‘tkaziladi. Turnirda 400 dan ortiq jamoa ishtirok etadi.

