Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Vengriyani tor-mor etib, birinchi oʻringa chiqib oldi
Shaxmat Olimpiadasida Oʻzbekistonning birinchi erkaklar terma jamoasi Vengriyani yirik hisobda (4:0) magʻlub etib, ketma-ket beshinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi va besh turdan soʻng birinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Javohir Sindarov 4 imkoniyatdan 3,5 ochko jamgʻardi. Ayollar terma jamoasi AQSh bilan durang oʻynadi (2:2) va imkoniyatdagi 10 ochkodan 9 ochkoga ega boʻlib turibdi.

Shaxmat Olimpiadasi. Oʻzbekiston Vengriyani tor-mor etib, birinchi oʻringa chiqib oldi
20 sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining beshinchi turi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistonning birinchi erkaklar terma jamoasi Vengriyani ishonchli tarzda magʻlub etib, ketma-ket beshinchi jamoaviy gʻalabasiga erishdi. Ayollar terma jamoasi AQSh bilan uchrashuvni durang bilan yakunladi.
Grossmeyster Javohir Sindarov (2778) ikkinchi taxtada qora donalarda tajribali vengriyalik grossmeyster Peter Leko (2676) ustidan gʻalaba qozondi. Oʻzbekistonlik shaxmatchi uchun bu oʻz uyidagi Olimpiadada toʻrtta partiyadagi uchinchi gʻalabadir. Besh turdan soʻng (ulardan birini oʻtkazib yubordi) Sindarovda imkoni boʻlgan 4 ochkodan 3,5 ochko bor.
Sindarovning xalqaro turnirlarga, jumladan shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarlik koʻrishi va ishtirok etishi, shuningdek, murabbiylar bilan ishlashi
Oʻzbekiston Milliy banki
koʻmagida amalga oshirilmoqda.
Vengriya bilan uchrashuvda asosiy terma jamoaning barcha toʻrt shaxmatchisi gʻalaba qozondi. Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Rixard Rapportni (2726) magʻlub etdi. Nodirbek Yoqubboyev Benyamin Gledurani (2620), Shamsiddin Vohidov esa Gleb Dudinni (2560) magʻlub etdi.
Natijada Oʻzbekiston eng kuchli raqiblardan birini 4:0 hisobida tor-mor etdi va yuz foizlik jamoaviy natijani saqlab qoldi — besh turdan keyin imkoni boʻlgan 10 ochkodan 10 ochko.
Besh turdan soʻng jamoa turnir jadvalida birinchi oʻringa koʻtarildi. Germaniya va Hindistonda ham shuncha ochko bor, biroq Oʻzbekiston qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha ulardan oldinda bormoqda. Xitoy va Frantsiya hisobida 9 ochkodan bor.
Olimpiada davomida onlayn-reytingda ilk bor 2700 ochkolik dovondan oʻtgan Nodirbek Yoqubboyevni alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Beshinchi turdagi gʻalabadan soʻng uning koʻrsatkichi 2702,6 ga koʻtarildi, bu esa unga live-reytingda 33-oʻringa chiqib olish imkonini berdi. Yoqubboyev Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarovdan keyin reytingi 2700 ochkodan oshgan oʻzbekistonlik uchinchi shaxmatchiga aylandi.
Oʻzbekistonning ikkinchi erkaklar terma jamoasi Filippinni magʻlub etdi — 2,5:1,5.
Uchrashuvdagi yagona gʻalabani birinchi taxtada Maykl Konsioni magʻlub etgan Abdumalik Abdisalimov keltirdi. Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nigʻmatov va Humoyun Begmuratov oʻz partiyalarini durang bilan yakunladilar.
Oʻzbekiston-2 uchun bu uchinchi turda Germaniyadan uchralgan magʻlubiyatdan keyingi ketma-ket ikkinchi gʻalabadir.
Oʻzbekiston-3 Avstriya bilan durang oʻynadi
Oʻzbekistonning uchinchi erkaklar terma jamoasi Avstriya bilan uchrashuvni durang bilan yakunladi — 2:2.
Oʻzbekistonliklarga yagona gʻalabani Valentin Baydetskiyni magʻlub etgan Asrorbek Omonov keltirdi. Almas Rahmatullayev va Muhammadali Abdurahmonov mos ravishda Feliks Bloxberger va Lukas Dottser bilan durang oʻynashdi. Bahrom Bahrillayev Kirill Alekseyenkoga imkoniyatni boy berdi.
Germaniya terma jamoasi AQShni magʻlub etdi.
Beshinchi turning markaziy uchrashuvlaridan birida Germaniya AQShni magʻlub etdi — 2,5:1,5. Hal qiluvchi ochkoni Xans Nimanni magʻlub etgan Frederik Svane keltirdi. Vinsent Keymerning Fabiano Karuana bilan, Mattias Blyubaumning Uesli So bilan va Aleksandr Donchenkoning Levon Aronyan bilan partiyalari durang bilan yakunlandi.
Hindiston Niderlandiyani magʻlub etdi — 3:1. Pragnanandxa Anish Girini, Gukesh Dommaradju esa Ervin L’Amini magʻlub etdi. Arjun Erigaysi va Nihal Sarin durang oʻynashdi.
Xitoy Armaniston bilan oʻyinda ilk bor jamoaviy ochko yoʻqotdi — 2:2. Ushbu uchrashuvdagi barcha toʻrtta partiya durang bilan yakunlandi.
Frantsiya Chexiyani magʻlub etdi — 2,5:1,5, Angliya xuddi shunday hisobda Gruziyadan ustun keldi, Eron Litvani 3:1 hisobida magʻlub etdi, Polsha — Vyetnamni (2,5:1,5). Ukraina Chernogoriyani tor-mor etdi — 3,5:0,5, Turkiya xuddi shunday hisobda Latviyani magʻlub etdi.
Ayollar turnirida reyting boʻyicha 13-oʻrinni egallagan Oʻzbekistonning birinchi terma jamoasi ilk bor jamoaviy uchrashuvda gʻalaba qozona olmadi va musobaqa peshqadamlaridan biri — AQSh (reytingda 5-jamoa) bilan durang oʻynadi, 2:2.
Birinchi taxtada Afruza Hamdamova oq donalarda Karissa Yipni (2468) magʻlub etdi. Gulruhbegim Tohirjonova Elis Lidan (2453) magʻlubiyatga uchradi.
Bundan oldingi barcha toʻrtta partiyada gʻalaba qozongan Umida Omonova Tatev Abramyan bilan durang oʻynadi va magʻlubiyatsiz seriyasini saqlab qoldi. Nilufarxon Imomqoʻziyeva ham Rouz Etvell bilan ochkoni boʻlishib oldi.
AQSh bilan durangdan soʻng Oʻzbekistonning birinchi ayollar terma jamoasi imkoni boʻlgan 10 ochkodan 9 ochko jamgʻardi va peshqadamlardan bir ochkoga ortda qolmoqda. Besh tur yakunlariga koʻra Polsha, Xitoy, Qozogʻiston va Ozarbayjonda 10 ochkodan bor. AQSh ham 9 ochko jamgʻardi. Polsha qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha turnir jadvalini boshqarib bormoqda, keyingi oʻrinlarda Xitoy va Qozogʻiston joylashgan.
Oʻzbekistonning ikkinchi ayollar terma jamoasi Tunis ustidan yirik gʻalabaga erishdi — 4:0.
Nilufar Yoqubboyeva, Marjona Malikova, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova oʻz partiyalarida gʻalaba qozonishdi.
Jamoa uchun bu oʻtgan turdagi muvaffaqiyatsizlikdan keyingi muhim gʻalabadir.
Oʻzbekistonning uchinchi ayollar terma jamoasi ham oʻz uchrashuvini ishonchli tarzda oʻtkazib, Madagaskarni magʻlub etdi — 3,5:0,5.
Zilola Aktamova, Barchinoy Shokirjonova va Ozoda Shahzodova toʻliq ochkodan jamgʻarishdi. Maftuna Bobomurodova durang oʻynadi.
Ayollar turniri beshinchi turining asosiy natijalaridan biri Polshaning Hindiston ustidan qozongan gʻalabasi boʻldi — 2,5:1,5. Hal qiluvchi ochkoni Vayshali Rameshbabuni magʻlub etgan Aleksandra Maltsevskaya keltirdi. Qolgan uchta partiya durang bilan yakunlandi.
Qozogʻiston Germaniyani magʻlub etdi — 2,5:1,5. Yagona natijali partiyada Meruyert Kamalidenova gʻalaba qozondi.
Xitoy Chju Tsziner va Sun Yuysinning gʻalabalari evaziga Bolgariyani magʻlub etdi — 3:1. Ozarbayjon xuddi shunday hisobda Serbiyani magʻlub etdi.
Ukraina Avstriyani magʻlub etdi — 2,5:1,5, Gruziya — Indoneziyani xuddi shunday natija bilan magʻlub etdi. Niderlandiya va Shveytsariya durang oʻynashdi — 2:2.
Beshinchi turdan soʻng ayollar sektsiyasi peshqadamlari oʻrtasidagi kurash yanada qizgʻin tus oldi: Oʻzbekiston AQSh bilan oʻyinda ilk jamoaviy ochkosini yoʻqotdi, Polsha, Qozogʻiston va Xitoy esa toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatchilari ustidan gʻalaba qozonishdi.
Shaxmat olimpiadasi shveytsarcha tizim boʻyicha 11 turdan iborat holda oʻtkaziladi. Har bir jamoaviy uchrashuvda toʻrt nafar shaxmatchi oʻynaydi, yana bir nafari zaxira tarkibiga kiradi. Jamoaviy uchrashuvdagi gʻalaba uchun ikki ochko, durang uchun esa bir ochko beriladi.
Vaqt nazorati: dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, soʻngra partiya oxirigacha yana 30 daqiqa. Birinchi yurishdan boshlab har bir oʻyinchiga har bir yurish uchun 30 soniyadan qoʻshib boriladi.

