Sport

Shaxmat fenomeni: Intellektual millat brendi

O‘zbekiston haqida dunyoda gap ketganda, keyingi yillarda futbol, boks, dzyudo yoki kurash bilan bir qatorda

**Shaxmat fenomeni: Intellektual millat brendi**

So‘nggi yillarda O‘zbekiston jahon miqyosida futbol, boks, dzyudo va kurash bilan bir qatorda shaxmat sohasidagi yutuqlari bilan ham tanilmoqda. Ayniqsa, 2017-yildan keyin shaxmatdagi muvaffaqiyatlarimiz shunchalik tezlashdiki, qisqa 5-6 yil ichida O‘zbekiston intellektual dunyoda noma’lum davlatdan yetakchi o‘ringa ko‘tarildi.

Bu o‘zgarishlarning ko‘lami raqamlar bilan ham tasdiqlanadi. 2026-yil iyul oyidagi FIDE reytinglarida O‘zbekistonning ikki shaxmatchisi – Javohir Sindorov 2777 reyting bilan dunyoda 4-o‘rinni, Nodirbek Abdusattorov esa 2766 reyting bilan 6-o‘rinni egallab, kuchli o‘ntalikka kirdi. Nodirbek Yoqubboyev ham 2685 reyting bilan dunyoning eng kuchli 40 shaxmatchisi qatoridan joy oldi. Bu shunchaki bir yulduzning emas, balki butun bir avlodning muvaffaqiyatidir.

O‘zbekiston shaxmatida butun bir tizim, avlod va maktab shakllanmoqda, bu sport turiga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda nishonlanadigan Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida shaxmat taxtasidagi natijalarga nazar tashlash o‘rinli.

O‘zbek shaxmatining bugungi fenomeni tasodifan paydo bo‘lmagan. Uning markazida bolaligidanoq dunyoga tanilgan shaxmatchilar turibdi.

Nodirbek Abdusattorov 13 yosh 1 oy 11 kunligida grossmeyster unvonini qo‘lga kiritib, o‘z vaqtida shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterlardan biriga aylangan. 17 yoshli Abdusattorov 2022-yilgi Chennay Olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasining birinchi taxtasida o‘ynab, 11 partiyada 7 ta g‘alaba, 3 ta durang va faqat 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan edi. Uning karerasidagi yana bir ulkan bosqich – 2021-yilda rapid bo‘yicha jahon chempioni bo‘lganidir. O‘sha paytda u Magnus Karlsen kabi jahon shaxmatining eng katta nomlaridan birini ortda qoldirib, shaxmat olamiga jiddiy da’vosini bildirgan edi.

Javohir Sindorovning trayektoriyasi esa yanada g‘ayrioddiy. U 10 yosh 9 oyligidayoq xalqaro master unvonini oldi, 12 yosh 10 oy 8 kunligida grossmeyster bo‘ldi va o‘sha vaqtda tarixdagi "ikkinchi eng yosh grossmeyster" sifatida qayd etildi. Bu raqamlarning o‘ziyoq Sindorov fenomenining ko‘lamini ko‘rsatadi. Ammo eng muhimi – yosh rekordlari emas, bolalikdagi umidni kattalar shaxmatidagi natijaga aylantirishdir. Ko‘plab shaxmatchilar yoshlikda fenomen bo‘lib ko‘rinadi, lekin yuqori darajadagi professional shaxmatning bosimi, tayyorgarligi va psixologik yukini ko‘tara olmaydi. Sindorov esa aksincha, yil sayin o‘sdi.

Buning eng yaxshi isboti – 2025-yilgi Jahon Kubogi. 206 shaxmatchi ishtirok etgan musobaqada Sindorov g‘olib bo‘ldi. U finalda xitoylik Vey Ini tay-breykda yengib, chempionlikni qo‘lga kiritdi va Jahon Kubogi tarixidagi eng yosh g‘olibga aylandi. Demak, O‘zbekiston shaxmatidagi iqtidorlar shunchaki «bolalar turniri g‘oliblari» emas. Ular jahon shaxmatining eng yuqori bosqichiga chiqib, u yerda katta natija ko‘rsatayotgan professionallardir.

O‘zbekiston shaxmatining eng katta yutug‘i – ikki nafar superyulduzning paydo bo‘lishi emas. Eng muhim jihat – ularning atrofida butun bir kuchli avlod shakllanganidir. Buning eng yorqin isboti 2022-yilgi Chennay shaxmat Olimpiadasi bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi Niderlandiyani so‘nggi turda 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jamoa 11 tur davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramadi. O‘sha jamoaning o‘rtacha yoshi jahon shaxmatidagi asosiy favoritlarga nisbatan juda kichik edi. Abdusattorov, Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidov kabi shaxmatchilar bir jamoa tarkibida katta sahnaga chiqishdi. Bu g‘alaba O‘zbekiston shaxmatidagi «oltin avlod» tushunchasini shakllantirdi.

Javohir Sindorovning so‘nggi ikki yillik faoliyati O‘zbekiston shaxmatidagi o‘sish sur’atini tushunish uchun alohida o‘rganishga arziydi. 2025-yilda u Jahon Kubogida g‘olib bo‘ldi. Bu natija unga 2026-yilgi Nomzodlar musobaqasida ishtirok etish huquqini berdi. Nomzodlar musobaqasi esa oddiy turnir emas, jahon chempioniga qarshi o‘ynash huquqini beradigan eng muhim musobaqadir. 2026-yil 28-mart - 16-aprel kunlari Kiprda o‘tkazilgan Nomzodlar musobaqasida Sindorov 8 nafar elita shaxmatchi orasida birinchi o‘rinni egalladi va jahon chempioni unvoni uchun da’vogarga aylandi.

Shu tariqa uning yo‘li bir necha bosqichdan iborat zanjirga aylandi: bolalikdagi rekord, grossmeysterlik, Olimpiada chempionligi, Jahon Kubogi g‘olibligi, Nomzodlar musobaqasidagi g‘alaba va nihoyat jahon chempionligi uchun bo‘ladigan o‘yin. Bu zanjir tasodifiy seriya emas, balki elita shaxmatchisi shakllanganining belgisidir. Sindorov endi jahon chempionligi uchun Gukesh Dommarajjuga qarshi o‘ynaydi. 2026-yilgi jahon chempionligi o‘yini Jenevada 25-noyabr – 15-dekabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 14 partiyalik klassik matchda 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi g‘olib bo‘ladi. Bu tarixiy qarama-qarshilikning yana bir o‘ziga xos tomoni bor: ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘ladi. Demak, shaxmat tarixidagi eng yosh jahon chempionligi matchlaridan biri kuzatiladi.

Agar 2022-yilni «oltin avlodning jamoaviy tasdig‘i» desak, 2026-yilni «global elitaga da’voning rasmiylashgan yili» deb atash mumkin. Bir yilning o‘zida O‘zbekiston shaxmatida bir nechta ulkan voqea bir nuqtada tutashmoqda. Bir tomonda Sindorovning Nomzodlar musobaqasidagi g‘alabasi, ikkinchi tomonda Abdusattorovning jahonning kuchli oltiligida turishi, uchinchi tomonda Nodirbek Yoqubboyevning hamon 2600+ super-grossmeysterlar qatorida ekani va to‘rtinchi tomonda Samarqandda shaxmat Olimpiadasining o‘tkazilishi.

2026-yil 15-27-sentyabr kunlari Samarqandda 46-Shaxmat Olimpiadasi bo‘lib o‘tadi. FIDE ma’lumotiga ko‘ra, Budapeshtdagi Olimpiadada 193 ta ochiq va 181 ta ayollar terma jamoasi qatnashgan bo‘lsa, Samarqandda bu rekorddan ham yuqori ko‘rsatkich kutilishi aytilmoqda. Demak, O‘zbekiston nafaqat shaxmatda yuqori natija ko‘rsatayotgan davlat, balki endi jahon shaxmatining eng yirik tadbirlaridan birini qabul qilayotgan mamlakatga ham aylanmoqda. Bu – sport diplomatiyasi nuqtai nazaridan ham katta imkoniyat. Dunyodagi eng kuchli shaxmatchilar Samarqandga keladi. Millionlab shaxmat muxlislari e’tibori O‘zbekistonga qaratiladi. O‘zbekistonning tarixiy shahri nafaqat sayyohlik, balki intellektual sport markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Shaxmat Olimpiadasini Samarqandda o‘tkazishning o‘zi katta voqea. Ammo uni qayerda o‘tkazish ham tadbirning xalqaro imiji uchun muhim ahamiyatga ega. 46-Shaxmat Olimpiadasi Silk Road Samarkand turistik majmuasidagi zamonaviy EXPO Centerda bo‘lib o‘tadi. FIDE rasmiy hujjatlarida ushbu maydon katta xalqaro tadbirlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan, zamonaviy texnik jihozlar, keng zallar va ishtirokchilar hamda mehmonlar uchun zarur infratuzilmaga ega markaz sifatida ko‘rsatilgan.

Bu tanlovning ramziy ma’nosi ham bor. Shaxmat — asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lab kelgan intellektual madaniyatning bir qismi. Samarqand esa qadimdan Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini tutashtirgan Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Endi ana shu tarixiy shaharda dunyoning 200 ga yaqin mamlakati vakillari shaxmat taxtasi atrofida jamlanadi. Boshqacha aytganda, Buyuk Ipak yo‘li ruhidagi Samarqand zamonaviy intellektual muloqot maydoniga aylanadi.

Shu yerda eng muhim savol paydo bo‘ladi: “O‘zbekiston shaxmati bu avloddan keyin ham shunday darajada qoladimi?” Chunki sport tarixida bir avlodning muvaffaqiyatini ko‘rish boshqa, uni tizimli maktabga aylantirish boshqa. Ishonch bilan ayta olamizki, nasib qilsa O‘zbekiston shaxmat olamida uzoq yillar yetakchi bo‘lib qoladi. O‘zbekistonda yana yosh shaxmatchilar yetishib chiqmoqda, ularga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Ommaviy shaxmat bazasini yanada kengaytirish, murabbiylar maktabini kuchaytirish uchun ko‘p ishlar amalga oshirilyapti. Sindorov va Abdusattorov fenomenlari bir narsani isbotladi: O‘zbekiston – iqtidorlar mamlakati. Bu iqtidor yetarlicha qo‘llab-quvvatlanganda nimalar ro‘y berishini esa, shaxmat taxtalarida ko‘rib turibmiz.