Shavkat Mirziyoyev Xorazmda 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirdi
Xiva shahridagi «Farovon Khiva Hotel» mehmonxonasida prezident ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli tashabbuslar qurilishiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida umumiy qiymati 176 million dollarga teng 12 ta loyihani ishga tushirdi.
Prezident ta'kidlashicha, "Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish o‘rinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati bo‘yicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablag‘ini ham, mas’ullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz."
Xorazm viloyatiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 2016-yildagi 30 million dollardan 2026-yilda 2 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, mamlakatdagi birinchi pullik avtomobil yo‘li bo‘ladigan Urganch–Xiva pullik avtomobil yo‘li ham ishga tushirilmoqda. Bu yo‘l orqali Urganchdan Xivaga borish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqaradi.
Davlat rahbari shunday dedi: "Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz."
Jumladan, Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan 6 milliard dollarlik ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.
Slovakiyalik hamkorlar bilan 5 ming gektar qumli yerni o‘zlashtirish va 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish rejalashtirilgan. Hozirda 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlangan.
Urganch shahrida yaponiyalik hamkorlar bilan 30 million dollarlik 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmuasi barpo etilmoqda. Uni 2027-yilda to‘liq ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda viloyat markazida zamonaviy qozonxona qurilib, 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy ob’yektni issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.
Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida respublikada ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlab, 71 megavatt "yashil" energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Unga 100 million dollar investitsiya kiritiladi.
Shuningdek, Xiva shahriga tutash 26 gektar maydonda 120 million dollarlik "Sahro yulduzi" zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollarlik mis sanoati klasteri va 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.
Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa "Investorlar uyi" binosi quriladi. Ushbu loyihalar natijasida jami 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Davlat rahbari mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar va jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildirdi. Prezident ramziy tugmani bosib, yangi loyihalarni ishga tushirdi va qurilish ishlariga start berdi. Investorlar va faollar bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

