Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyga tabrik maktubi yo‘llab, Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan qutladi va unga 'mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida muvaffaqiyatlar' tiladi. Zelenskiy minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama do‘stlik va hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabrikladi
24-avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga ukrain tilida maktub yo‘llab, uni mamlakat Mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining X (Twitter) sahifasida ma’lum qildi.
O‘zbekiston rahbari o‘z tabrigida Zelenskiyga "mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, farovonlik va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik va ravnaq" tiladi.
"Ishonchim komilki, bizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlar bundan buyon ham izchil rivojlanib boradi", — deyiladi prezident tabrigida.
Zelenskiy ushbu tabrik uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi.
"Ukraina O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlikni yuksak qadrlaydi va ikki tomonlama hamkorlik, savdo hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga sodiq qolmoqda. Prezident Mirziyoyevga mustahkam sog‘liq va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinch va farovon istiqbol tilayman", — deb yozdi Zelenskiy o‘z tvitida.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham Ukrainani Mustaqillik kuni bilan tabriklagan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rahbari har yili ukrainalik hamkasbiga shunday tabrik maktubi yo‘llaydi.

