Shavkat Mirziyoyev Olmazorda talabalar shaharchasining vaziyatlar markazi bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Olmazorda talabalar shaharchasidagi vaziyatlar markazi bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligida yo‘lga qo‘yilgan vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur markaz talabalar xavfsizligini ta’minlash, hududdagi ijtimoiy vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish, davomatni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladigan kompleks tizim sifatida ishlaydi.
Umumiy maydoni 1 ming 368 kvadrat metr bo‘lgan “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligi binosi 2024-yilda qurilgan. Uni mukammal ta’mirlash, vaziyatlar markazini tashkil etish va hududni obodonlashtirish uchun 33 milliard so‘m ajratilgan.
Hozir binoda vaziyatlar markazi bilan birga startap xonasi, oliy ta’lim tarixi muzeyi, Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi hamda xotin-qizlar tadbirkorligi markazi ham joylashgan.
Vaziyatlar markazi shaharchadagi 41 ta talabalar yotoqxonasini qamrab oladi. Tizim orqali 75 mingga yaqin talaba, jumladan, yotoqxonalarda yashovchi 17,5 ming nafar yigit-qizning xavfsizligi ta’minlanadi. Shuningdek, ularning davomatini nazorat qilish va huquqbuzarliklarning oldini olish imkoniyati ham mavjud.
Markaz 17 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan. Bu turli ma’lumotlarni yagona raqamli platformada tezkor tahlil qilish va vaziyatga qarab zarur choralar ko‘rish imkonini beradi.
Tashrif davomida davlatimiz rahbariga talabalar shaharchasida xavfsizlik va ijtimoiy muhitni real vaqt rejimida nazorat qilish imkoniyatlari hamda markazning ishlash tamoyillari bo‘yicha taqdimot qilindi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu tizim orqali talaba yoshlar bilan tizimli ishlash va ularni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor hal etish yuzasidan tavsiyalar berdi. Shu tajribani respublikadagi boshqa talabalar turar joylarida ham joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Prezident Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida “Qichqiriq” mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishgandi.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy byudjetdan 71,4 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy yashil shaharsozlik muhitini mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.

