Prezident Olmazor tumanidagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi
Qichqiriq mahallasidagi oʻzgarishlar poytaxtning boshqa mahallalari uchun ham namuna boʻlmoqda.

Prezident Olmazor tumanidagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari hamda aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy mavjud. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi.
Prezidentning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar tufayli mahalla bugun mutlaqo yangi ko‘rinish oldi.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy byudjetdan 71,4 milliard so‘m ajratildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.
Eng muhim yangiliklardan biri Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yidagi hudud aholi tun-u kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.
Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud barpo etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.
Bugungi kunda mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar va yoritish chiroqlari o‘rnatildi.
Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.
Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlat rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.
Qichqiriq mahallasida ham bu yo‘nalishda o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

