Mahalliy

Prezident aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi

Hokimlar kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtai nazaridan qaramasligi zarurligi qayd etildi. Yig‘ilishda har bir

Prezident aholi bandligi va daromadini oshirish bo‘yicha tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligi va daromadini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, 3-sentyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda hududlarda ishni tashkil etish tartibi tubdan o‘zgartirilib, asosiy vakolat va resurslarni tuman darajasiga tushirish belgilangan edi.

Yangi tizimga ko‘ra, har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tuzilib, bandlik idoralari hamda iqtisodiy kompleks tashkilotlari odamlarni ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish masalalarini joyning o‘zida hal qilishi kerak.

Bugungi yig‘ilishda aynan shu vazifalar ijrosi, shtablar faoliyati hamda joylardagi mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati tanqidiy tahlil qilindi.

Qayd etilishicha, barcha hududlarda shtablar ish boshlagan. Ularning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun iqtisodiy kompleksdan har bir viloyatga 2 nafardan, jami 28 nafar mas’ul rahbar biriktirilgan. Islohotlar shtabi, vazirliklar, banklar va mahalliy hokimliklar yangi tizim asosida ish boshlagan.

Shu bilan birga, ayrim rahbarlar hanuz ishni kabinetdan turib tashkil etayotgani, mahallaga tushib, har bir oila va har bir korxonadagi haqiqiy vaziyatni o‘rganmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Davlatimiz rahbari bunday yondashuv bilan natijaga erishib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Hokimlar kambag‘allik masalasiga faqat ijtimoiy reyestr nuqtai nazaridan yondashmasligi kerakligi qayd etildi. Ijtimoiy reyestr aholini qo‘llab-quvvatlash vositasi, kambag‘allikni qisqartirish esa oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash, ish o‘rni, infratuzilma va sharoit yaratish bilan bog‘liq kompleks vazifa ekani aytildi.

Yig‘ilishda har bir tumanda tayyor imkoniyatlarni ishga solish orqali bandlikni oshirish mumkinligi aniq misollar bilan ko‘rsatib berildi.

Jumladan, Qo‘shko‘pir tumanida 43 million yevroga qurilgan, 1 ming 300 ta ish o‘rniga mo‘ljallangan to‘qimachilik korxonasi yil boshidan beri ishlamay turgani tanqid qilindi. Korxona faoliyati tiklansa, bank tomonidan krizis-menejer jalb etilib, u to‘liq quvvatga chiqarilishi mumkin.

Shuningdek, 124 ta korxonaning 6 trillion so‘mlik aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni bank boshqaruviga berish orqali 10 ming ish o‘rnini tiklash imkoniyati borligi qayd etildi.

Oqoltin tumanidagi “Oqoltin mega tekstil” korxonasi misolida ham banklar balansiga o‘tgan tayyor obyektlarni qismlarga bo‘lib sotish o‘rniga ularni qayta ishga tushirish orqali yuzlab odamlarni band qilish mumkinligi ko‘rsatildi.

Umuman, davlat banklari balansida 10 trillion so‘mlik 2,5 mingga yaqin mol-mulk mavjud. Ularni samarali ishga solish orqali 40 mingtagacha ish o‘rni tiklanishi mumkin.

Mutasaddilarga bir hafta muddatda qarzdorlik hisobiga banklar balansiga o‘tgan korxonalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, yil yakuniga qadar ularni yaxlit ishlab chiqarish sifatida sotish yoki menejer tayinlab, faoliyatini tiklash choralarini ko‘rish topshirildi.

Qishloq tumanlarida ehtiyojmand oila a’zosini ishga olgan korxonalar uchun 1 oktyabrdan ushbu xodim bo‘yicha ijtimoiy soliq stavkasi 2 foiz bo‘lishi belgilandi.

Yig‘ilishda xususiy sektor imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ham e’tibor qaratildi. Oqoltin tumanida tadbirkor tomonidan 880 o‘rinli xususiy maktab tashkil etilib, ehtiyojmand oilalarning 110 nafar farzandi bepul o‘qitilayotgani ijobiy misol sifatida keltirildi.

Ushbu tashabbusning muhim sharti shuki, bepul ta’lim olayotgan bolaning ota-onasi ishga joylashishi va farzandining muntazam darsga qatnashini ta’minlashi kerak. Natijada ota-ona ishli bo‘ladi, farzand esa sifatli ta’lim oladi.

Hazorasp tumanidagi tikuvchilik korxonasida 400 ta bo‘sh ish o‘rni borligi, biroq bola parvarishi bilan bog‘liq sharoit yetarli emasligi sababli ko‘plab ayollar ishga chiqa olmayotgani qayd etildi. Korxona rahbari bog‘cha tashkil etish uchun yer ajratilsa, ayollar uchun ovqatlanish va transport sharoiti yaratishga tayyorligini bildirgan.

Shu munosabat bilan tadbirkorlar bog‘cha, maktab va texnikum tashkil etish bo‘yicha tayyor loyihalar taklifi bilan chiqib, ehtiyojmand oila farzandlarini bepul o‘qitmoqchi bo‘lsa, davlat yer uchastkalarini 1 million so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Aholi bandligini oshirishda servis sohasining imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida sartaroshxona, go‘zallik saloni, kichik do‘kon, atele, poyabzal va maishiy texnika ustaxonasi kabi odamlarga qulay xizmat turlarini tashkil etish mumkin. Biroq amalda xonadonni noturar joyga o‘tkazish uchun ortiqcha tartiblar va ruxsatlar talab etiladi.

Shu bois, ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatidagi xonadonlarni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan, savdo va servis faoliyatiga moslashtirishga ruxsat berish taklif etildi. Bunda xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda bunday xonadonlarda tashkil etilishi mumkin bo‘lgan xizmat turlari ro‘yxati va xavfsizlik talablarini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda tuman va mahalla darajasida ishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi. Avvalo, har bir hududda to‘liq ishlatilmayotgan yoki bo‘sh turgan bino-inshootlar, shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish mumkin bo‘lgan yer maydonlarini aniqlab, ularni yangi loyihalarga bog‘lash zarurligi ta’kidlandi.

Tuman va mahallalarning gavjum ko‘chalarida master-rejalar asosida tadbirkorlik loyihalarini joylashtirish, tarixiy shaharlar va turizm mahallalarida ko‘chalarni “eski shahar” uslubida ta’mirlab, mehmon uylari, savdo va servis shoxobchalarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida eski bog‘lar va qarovsiz yerlarni yangilash, har bir gektardan olinadigan daromadni oshirish muhimligi qayd etildi. Bu orqali yerdan samarali foydalanish, hosildorlikni ko‘paytirish va qishloq aholisi uchun qo‘shimcha manba yaratish mumkin.

Ko‘p qavatli uylar atrofidagi bo‘sh joylarni aniqlab, o‘zboshimchalik bilan egallangan hududlarni tartibga keltirish, umumiy foydalanishdagi bolalar maydonchalari, sport va fitness hududlari, yashil maydonlar tashkil etish hamda ko‘chalarni yoritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholini sog‘lom turmush tarziga jalb etish, mahalla va ko‘chalarda ommaviy yurish, jismoniy mashqlar, ertalabki va kechki badantarbiya mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Maktab, texnikum, oliygoh va boshqa tashkilot binolarining bo‘sh xonalarida, asosiy xonalarning darsdan tashqari vaqtlarida yoshlar, ayollar va ishsiz fuqarolarni kasb-hunar hamda tillarga o‘qitish muhitini yaratish vazifasi belgilandi.

Har bir mahallada jamoatchilik ishlariga befarq bo‘lmagan faol fuqarolar va oqsoqollar borligi, ularni mahalla atrofida jipslashtirish orqali odamlarni ezgu tashabbuslarga jalb etish, boqimandalik va befarqlikka barham berish mumkinligi ta’kidlandi.

Yaqinda imzolangan Prezident farmoni bilan mahalla tizimi bilan ishlash bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Unga tayinlangan mas’ul rahbar oldiga hokimlar, tuman idoralari, “mahalla yettiligi” va banklar faoliyatini yagona tizimda muvofiqlashtirish, ular yuritayotgan elektron platformalarni birlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan buyon mahallaga tegishli masalalar bo‘yicha “yettilik”ni muvofiqlashtiruvchi rahbarlar tomonidan alohida-alohida yig‘ilishlar o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Barcha masalalar haftada bir marta Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida barcha rahbarlar ishtirokida muhokama qilinadi.

Mamlakatimiz yetakchisi mahallada ishni to‘g‘ri tashkil etish, davlat siyosatini eng quyi bo‘g‘ingacha yetkazish va har bir oilani barqaror daromad manbaiga bog‘lash barcha darajadagi rahbarlar uchun eng muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda joylardagi islohotlar shtabi, hududlar rahbarlari, tuman va shahar hokimlari hamda mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.