Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yangi tajriba natijalarini baholadi

Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha yangi tajriba natijalarini baholadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanida joriy etilgan huquqbuzarliklar profilaktikasining yangi usuli natijalarini oʻrgandi. Huquq-tartibot idoralari va olimlar hamkorligining innovatsion tizimi tufayli kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan mahallalarni toʻliq bartaraf etishga erishildi.
Yil boshidan buyon tumanga Huquqni muhofaza qilish akademiyasi oʻqituvchilari biriktirildi. Ular 23 nafar tergovchi bilan birgalikda keng tarqalgan jinoyatlarning oldini olish va tergov samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlarni joriy etmoqda.
Bundan tashqari, akademiyaning 20 nafar talabasi dual taʼlim doirasida tajribali tergovchilar va profilaktika inspektorlariga biriktirildi. Bu nafaqat ularning amaliy tayyorgarligini mustahkamlash, balki mahallalardagi profilaktika ishlari sifatini oshirish imkonini ham berdi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida tumandagi 64 ta mahalladan 13 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmadi. Xotin-qizlar ishtirokidagi huquqbuzarliklar soni 22 tadan 10 taga kamaydi, muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari esa qayd etilmadi.
Shu bilan birga, yigʻilishda yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik va tan jarohati yetkazish holatlari hamon alohida eʼtibor talab qilayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan, Olmazor tajribasini kelgusida qoʻllash uchun yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining samarali mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

