Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda ikkinchi va uchinchi AES qurish rejalari haqida maʼlum qildi
Oʻzbekistonda ikkinchi va uchinchi atom elektr stantsiyalarini qurish rejalashtirilmoqda. Prezident allaqachon 17 oktyabr kuni ikkinchi AEC loyihasi boʻyicha yangi hamkorlar va investorlar bilan muzokaralar oʻtkazish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda ikkinchi va uchinchi AES qurish rejalari haqida bayon qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ikkinchi va uchinchi atom elektr stantsiyalarini qurish niyatida ekanini maʼlum qildi. Bu haqda u 16 oktyabr kuni investorlar bilan uchrashuvda atom energetikasini rivojlantirish istiqbollari haqida soʻz yuritar ekan, aytib oʻtdi.
Davlat rahbari Oʻzbekiston atom energetikasiga, jumladan, uran qazib olishning ortib borishi va bu sohada toʻplangan tajribani hisobga olgan holda, katta ahamiyat berayotganini taʼkidladi.
«Ertaga biz yangi hamkorlar, investorlar bilan ikkinchi atom elektr stantsiyasini qurish boʻyicha muzokaralar oʻtkazamiz. Shuning uchun biz atom energetikasiga juda katta eʼtibor qaratmoqdamiz. Bizda uran qazib olish sezilarli darajada oshmoqda. Biz uran qazib olishga yirik investitsiyalar kiritdik, imkoniyatlar va tajriba toʻpladik. Shu sababli birinchi AES qurilishini boshladik. Ikkinchisi boʻyicha ham, uchinchisi boʻyicha ham rejalarimiz bor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident yangi atom elektr stantsiyalari aynan qayerda joylashishi mumkinligi, ularning quvvati qanday boʻlishi, qaysi muddatlarda qurish rejalashtirilayotgani va loyihalar qanchaga tushishiga aniqlik kiritmadi. shuningdek, 17 oktyabr kuni aynan qaysi investorlar bilan muzokaralar oʻtkazilishi hozircha ochiqlanmayapti.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi Jizzax viloyatining Forish tumanida Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda qurilmoqda.
2026 yil mart oyida tomonlar katta va kichik quvvatli energobloglarni birlashtiruvchi stantsiyaning integratsiyalashgan konfiguratsiyasini nazarda tutuvchi qoʻshimcha bitimni imzoladilar.
Loyihada har birining quvvati 1000 MVt boʻlgan VVER-1000 reaktorlariga ega ikkita katta energoblok, shuningdek, har birining quvvati 55 MVt boʻlgan RITM-200N reaktorlariga ega ikkita kichik energoblok koʻzda tutilgan. Stantsiyaning umumiy oʻrnatilgan quvvati 2110 MVt ni tashkil etadi. Toliq quvvatga chiqganidan soʻng, u yiliga taxminan 17,2 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Joriy yilning 4 iyun kuni Oʻzbekiston va Rossiya prezidentlari AESning birinchi energobloki qurilishiga start berdilar. RF AES qurilishi uchun imtiyozli eksport krediti ajratishi kutilmoqda.
2 sentyabr kuni prezidentga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, integratsiyalashgan loyihaning qiymati 9,5 milliard dollarga baholanmoqda.
Birinchi kichik reaktorni texnik ishga tushirish 2029 yilga moʻljallangan, birinchi katta energoblokni 2033 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan. Loyihani toʻliq yakunlash 2034−2035 yillarda kutilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev ikkinchi atom elektr stantsiyasi loyihasini tayyorlash haqida ilk bor 17 avgust kuni Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida oshkora maʼlum qilgan edi.
8 sentyabr kuni Belgradda boʻlib oʻtgan oʻzbek-serb biznes-forumida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Shavkat Mirziyoyev bilan suhbati haqida soʻzlab berdi. Vuchichning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Prezidenti unga bitta atom elektr stantsiyasini Rossiya bilan, ikkinchisini esa Xitoy bilan hamkorlikda qurish rejalari haqida maʼlum qilgan.
Serbiya yetakchisi, shuningdek, Mirziyoyevning Oʻzbekiston birinchi ikki loyiha yakunlanishini kutmasdan, atom stantsiyalari qurilishini davom ettirish niyatida ekani haqidagi soʻzlarini yetkazdi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston rasmiylari ikkinchi AESni qurish uchun Xitoy kompaniyasi tanlanganini rasman eʼlon qilgani yoʻq. Loyihaning joylashuvi, quvvati, qiymati va amalga oshirish muddatlari ham ochiqlanmagan.

