Iqtisodiyot

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – AQSH iqtisodiy hamkorligining yangi ustuvor yoʻnalishlarini belgiladi

Muhim minerallarni chuqur qayta ishlash, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish va sunʼiy intellektni joriy qilish Oʻzbekistonning AQSH bilan hamkorlikdagi ustuvor yoʻnalishlariga aylanishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi biznes-forumda ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini kengaytirish vazifalarini belgilab berdi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston – AQSH iqtisodiy hamkorligining yangi ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishi ochilishida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnashdi.

Davlat rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari koʻp asrlar davomida xalqlar, madaniyatlar va savdo yoʻllarini bogʻlab kelgan shahar — Samarqandda muhokama qilinayotgani ramziy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, buning eng avvalo AQSH prezidenti Donald Trampning shaxsiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi bilan bogʻliqligi qayd etildi.

Mustahkam siyosiy sheriklikka tayangan holda iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Bu yoʻlda qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishga sezilarli hissa qoʻshayotgan Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

Davlat rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga ham toʻxtaldi. Iqtisodiyot oʻsib bormoqda, yangi korxonalar ishga tushirilmoqda, ish oʻrinlari yaratilmoqda, yoshlar uchun taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda.

Shu bilan birga, sanoatni yanada rivojlantirish va zamonaviy infratuzilma barpo etish uchun investitsiyalar jalb etish jarayoni ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish, bilim va tajriba almashish bilan birga olib borilishi zarurligi taʼkidlandi.

Bu borada AQSH biznesi bilan hamkorlik qilish boʻyicha katta tajriba toʻplangani qayd etildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular bilan sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda Oʻzbekiston kompaniyalari ham AQSH iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlamoqda.

Muhim minerallarni oʻzlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va barqaror energetika tizimini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy etish, shuningdek, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamkorlikni yanada kengaytirish uchun istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrsatib oʻtildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.